Maqola agrar sektor korxonalarida eksport operatsiyalarining buxgalteriya va moliyaviy hisobi bo‘yicha samarali usullarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hisobini yuritishda milliy me’yorlar (BHMS/PBU)ni moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari IFRS, xususan, IFRS 15 “Mijozlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha tushum” bilan integratsiya qilish zarurati asoslab berilgan. Eksport operatsiyalarini hisobga olishning yagona uslubiy modelini, jumladan, tushumni tan olish, valyuta hisobi va kurs farqlari hisobini joriy etish hisobotlar shaffofligini oshirish, moliyaviy ko‘rsatkichlarning buzib ko‘rsatilishi xavfini kamaytirish hamda agrar korxonalarning investitsion jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qilishi ko‘rsatib berilgan.
Maqolada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi korxonalarda majburiyatlar boʻyicha hisob siyosatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish masalalari tadqiq etilgan. Muallif tomonidan hisob siyosatining 10 asosiy boʻlimini (umumiy qoidalar, tan olish, baholash, tasniflash, hujjatlashtirish, inventarizatsiya, qayta baholash, oshkor qilish, riskni boshqarish, ichki nazorat) hamda AKT sohasiga xos 5 maxsus boʻlimni (litsenziya majburiyatlari, raqamli xizmatlar, abonent zararlari, tarmoq modernizatsiyasi, xalqaro rouming) oʻz ichiga olgan namunaviy shakl ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada moliyaviy investitsiyalarni hisobga olishni takomillashtirish masalalari milliy va xalqaro standartlar nuqtayi nazaridan tadqiq etilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yilda qabul qilingan 12-sonli BHMS “Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish” standartining mazmuni, qoʻllanilish sohasi va amaliy jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda moliyaviy investitsiyalarni baholash va tasniflash boʻyicha anʼanaviy yondashuvlar hamda xalqaro amaliyotda qoʻllanilayotgan zamonaviy modellar oʻrtasidagi farqlar ochib berilgan. Jumladan, IFRS 9 standarti doirasidagi biznes modelga asoslangan tasniflash, haqqoniy qiymat boʻyicha baholash va kutilayotgan kredit zarari (ECL) modeli ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Buxgalteriya hisobi amaliyotini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Nomodiy aktivlar boʻyicha amaldagi 7-son BHMS (Buxgalteriya hisobi milliy standarti) qoidalarini moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga uygʻunlashtirish boʻyicha fikr-mulohazalar yuritilgan. BHMSning tegishli bandlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan ilmiy takliflar va tavsiyalar berilgan. Natijada amaldagi 7-son BHMS “Nomoddiy aktivlar” nomli standart qoidalarini MHXS talablariga muvofiqligi taʼminlanadi va ularni korxonalar amaliyotida qoʻllash imkoniyati yaratiladi.
Ushbu maqolada moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari hamda ushbu standartlardan milliy hisob tizimida foydalanishning ahamiyati, tovar-moddiy zaxiralarni hisobga oluvchi milliy va xalqaro standartlar, ular o‘rtasidagi asosiy farqlar, shuningdek, tovar-moddiy zaxiralarning hisobini tashkil etishning huquqiy asoslari, asosiy vazifalari va bunda xalqaro standartlardan foydalanishning ahamiyati tahlil qilingan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston va boshqa rivojlanayotgan davlatlarda Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS)ni transmilliy miqyosda qabul qilish va transformatsiya qilish jarayonida yuzaga keladigan dastlabki muammolar tahlil qilinadi. IFRSga o‘tish jarayoni global iqtisodiy integratsiya va moliyaviy shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda bu jarayon bir qator institutsional, iqtisodiy va professional to‘siqlarga duch keladi. Jumladan, milliy buxgalteriya standartlari bilan IFRS o‘rtasidagi tafovutlar, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yuqori implementatsiya xarajatlari hamda qonunchilik va metodologik bazaning yetarli darajada moslashmaganligi asosiy muammolar sifatida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, transformatsiya jarayonida axborot tizimlarining moslashuvi va amaliy tajriba yetishmasligi ham muhim omil sifatida tahlil qilinadi. Maqolada ushbu muammolarni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ham qisqacha yoritiladi.
Ushbu maqolada bugungi kunda dunyo iqtisodiyotining integratsiyalashuvi jarayonida O‘zbekistonda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) o‘tishning dolzarbligi va ahamiyati haqida so‘z yuritilgan. Shuningdek, BHMS asosida tuzilgan moliyaviy hisobotlarni MHXSga muvofiq uyg’unlashtirish masalalari, transformatsiya qilish bosqichlari keltirib o‘tilgan hamda milliy standartlar va xalqaro moliyaviy hisobot standartlari o‘rtasidagi farqlar tahlil qilingan