Mazkur maqolada tijorat banklarida muammoli kreditlarning yuzaga kelish omillari hamda ularning bank aktivlari sifatiga ta’siri yoritilgan. Tadqiqot davomida muammoli kreditlarning shakllanishiga olib keluvchi mikro va makro omillar tizimli ravishda tahlil qilindi. Shuningdek, muammoli kreditlarni samarali boshqarish va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan strategiyalar ko‘rib chiqildi. Maqolada ta’kidlanishicha, muammoli kreditlarning o‘sishi banklarning moliyaviy barqarorligi va rentabelligiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ularni boshqarishda maxsus bo‘linmalar faoliyati, qarz oluvchilar moliyaviy holatini baholash va qayta restrukturizatsiya kabi usullar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Maqola O‘zbekiston tijorat banklarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bunda aktivlar rentabelligi (ROA) ko‘rsatkichiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilingan. Markaziy bankning ma’lumotlari asosida kredit portfelining o‘sishi va jismoniy shaxslar kreditlari ulushining oshishi tahlil qilingan. Maqolada faoliyat samaradorligini oshirishning asosiy drayverlari sifatida kredit risklarini qat’iy boshqarish, foiz marjasini optimallashtirish, raqamli texnologiyalar orqali operatsion xarajatlarni optimallashtirish va qimmatli qog‘ozlar hisobiga aktivlarni strategik diversifikatsiya qilish zaruriyati asoslangan.
Mazkur maqola Oʻzbekiston bank sektorining moliyaviy tahliliga bagʻishlanib, bank sektorning joriy holati, muammolari va kamchiliklarini oʻrganilgan. Oʻzbekistondagi banklar faoliyatining iqtisodiy samaradorligi davlat va xususiy banklar misolida koʻrib chiqilgan. Tadqiqotda yirik davlat banklarining bozordagi hukmron mavqeyi, aktivlar va majburiyatlar ulushi hamda rentabellik koʻrsatkichlari oʻrganilib, sektor rivojlanishidagi asosiy muammolar va kamchiliklar tahlil qilingan.