Strategik moliyaviy rejalashtirish jadal rivojlanayotgan jahon iqtisodiyotida logistika korporativ tuzilmalarining moliyaviy samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu tadqiqot logistik korporativ tuzilmalarning tashkiliy ehtiyojlariga moslashtirilgan strategik moliyaviy rejalashtirishning asosiy tamoyillari va metodologiyasini o‘rganadi. U pul oqimini optimallashtirish, xarajatlarni nazorat qilish, investitsiyalarni ustuvorlashtirish va risklarni boshqarishga e’tibor qaratgan holda moliyaviy strategiyalarni operatsion maqsadlar bilan integratsiyalashuvini o‘rganadi. Maqolada dinamik bozor talablarini qondirish va ta’minot zanjiri boshqaruvidagi noaniqliklarni yumshatish uchun raqamli vositalar va ilg‘or moliyaviy texnologiyalardan foydalanish muhimligi ifodalangan. Shuningdek, tadqiqot logistika amaliyotiga bosim kuchayib borayotgan bir sharoitda barqarorlikni ta’minlash va uzoq muddatli rentabellikka erishishda moliyaviy rejalashtirishning rolini ta’kidlaydi.
Mazkur maqolada O‘zbekistondagi aksiyadorlik jamiyatlarining moliyaviy hisobotlarini tayyorlash va tahlil qilish jarayonlari tahlil qilinadi. Moliyaviy hisobotlarning shaffofligi va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalalari, jumladan, MHXS (IFRS) talablarini qo‘llash orqali investitsion jozibadorlikni oshirish imkoniyatlari muhokama qilinadi. Shuningdek, milliy va xalqaro hisobot standartlarining o‘zaro qiyosiy tahlili hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni moliyaviy tahlilda qo‘llash afzalliklari yoritib berilgan. Korporativ sektorda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va uning kelajakdagi rivojlanishi uchun tahlillar asosida tavsiyalar berilgan.
Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni tuzish uchun tashkiliy jihatlarini alohida bosqichlarini aniqlash hamda hisob siyosatiga tegishli bandlarini shakllantirish ochib berilgan. Tashkiliy mexanizmlarni takomillashtirish orqali hisobot tuzish jarayonini yanada samarali va aniq amalga oshirish yo‘llari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mazkur jarayonda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan innovatsion yondashuvlar va ichki nazorat tizimlarini kuchaytirish taklif etiladi. Ish natijalari aksiyadorlik jamiyatlarining moliyaviy shaffofligini oshirishga va investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasini moliyalashtirish bo‘yicha muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, hamda bu o‘z o‘rnida iqtisodiy siyosatlarning o‘zgarishi va ta’lim xizmatlariga bo‘lgan talabning ortishi bilan o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ushbu tadqiqotda dunyodagi oliy ta’lim muassasalarida (OTM) moliyaviy rejalashtirishning evolyutsiyasini o‘rganib, davlat va xususiy mablag‘ manbalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarga e'tibor qaratadi. Izlanishimizda davlat va xususiy sektor hissasi o‘rtasidagi turli moliyalashtirish modellarini qo‘llash amaliyoti ko‘rib chiqilgan. AQSh, Germaniya va Buyuk Britaniya misollaridan olingan solishtiruv tadqiqotlari ta’limga yaratilishi lozim bo‘lgan imkoniyatlar, sifat va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida qabul qilingan turli xil strategiyalar taqdim etilgan. Tadqiqot OTMlarga moliyaviy qiyinchiliklarni yengib o‘tish va uzoq muddatli o‘sishga erishish uchun strategik moliyaviy rejalashtirish, daromad manbalarini diversifikatsiyalash va institutsional mustaqillikni ta’minlash zarurligini ta’kidlaydigan asosiy xulosalar bilan yakunlanadi.
Mazkur maqolada moliyaviy texnologiyalar (FinTech) va ularning O‘zbekiston moliya tizimi rivojlanishiga ta’siri tahlil qilingan. FinTech loyihalari raqamli to‘lovlar, mobil banking, mikrokreditlash va boshqa zamonaviy xizmatlar orqali moliyaviy inklyuziyani oshirish, xizmatlar tezkorligini ta’minlash va iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirishda muhim vosita ekanligi asoslab berilgan. Mavzuga oid statistik ma’lumotlar, xalqaro tajribalar va milliy qonunchilik asosida muhokama olib borilib, FinTech loyihalarining istiqboli yoritilgan.
Ushbu maqolada kichik ishlab chiqarish korxonalarida aylanma mablagʻlarning optimal tarkibi va ularning moliyaviy barqarorlikka taʼsiri tahlil qilinadi. Tikuvchilik sanoati misolida, aylanma mablagʻlar korxonaning ishlab chiqarish jarayonida muhim rol oʻynaydi va ularning toʻgʻri boshqarilishi moliyaviy barqarorlikni taʼminlash uchun zarurdir. Maqolada aylanma mablagʻlarning asosiy tarkibiy qismlari, ularning optimal nisbatlari va moliyaviy barqarorlik koʻrsatkichlari baholanadi. Shuningdek, aylanma mablagʻlarni boshqarish strategiyalari va zamonaviy texnologiyalar yordamida ularning samaradorligini oshirish yoʻllari koʻrsatilgan. Tadqiqot natijalari kichik tikuvchilik korxonalari uchun amaliy tavsiyalarni oʻz ichiga oladi, bu esa ularning raqobatbardoshligini oshirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga yordam beradi.
Maqola moliyaviy savodxonlikning zamonaviy jamiyatda ahamiyatini va O‘zbekistonda uni rivojlantirish zarurligini tahlil qiladi. Moliyaviy bilimlarning shaxsiy va iqtisodiy farovonlikka ta’siri, xorijiy tajribalar, ayniqsa Daniya, Shvetsiya, Kanada va Yaponiya mamlakatlari misolida o‘rganiladi. Maktab ta’limiga moliyaviy savodxonlikni integratsiya qilish va innovatsion usullarni qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi bilan moliyaviy nazorat innovatsiyalarni qo‘llashning asosiy sohasiga aylandi. Ushbu maqolada qarorlar qabul qilishni optimallashtirish va takomillashtirishda sun’iy intellekt, katta hajmdagi ma’lumotlar tahlili va blokcheyn kabi raqamli innovatsiyalardan foydalanishning ahamiyati ko‘rib chiqilgan. Jarayonlarni avtomatlashtirish, tahliliy imkoniyatlarni takomillashtirish, shuningdek, elektron to‘lovlar va moliyaviy texnologiyalarning moliyaviy boshqaruv samaradorligiga ta’siri o‘rganilgan. Moliyaviy nazorat sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq muammolar baholanib, ushbu sohada ilmiy izlanishlar olib borish va innovatsiyalarni muvaffaqiyatli qo‘llash bo‘yicha takliflar keltirilgan.
Ushbu maqolada buxgalteriya balansi tuzishning metodologik asoslari, uni takomillashtirish yo‘nalishlari va tahliliy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yoritiladi. Buxgalteriya balansi korxonaning moliyaviy ahvolini baholashda asosiy axborot manbai sifatida qaralib, uning to‘g‘ri shakllantirilishi moliyaviy qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maqolada aktiv va passiv moddalar tarkibini belgilash, balans strukturasini hamda likvidlik darajasini tahlil qilishning zamonaviy yondashuvlari, shuningdek raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan hisob tizimlari orqali balans ma’lumotlarining axborot qiymatini oshirish imkoniyatlari bayon etilgan. Tadqiqot natijalari buxgalteriya balansi ma’lumotlaridan samarali foydalanish, korxonaning moliyaviy barqarorligini baholash va boshqaruv qarorlarini optimallashtirishga xizmat qiladi.
Maqola O‘zbekiston bank tizimining xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tish jarayonlari va muammolarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Jahon iqtisodiy integratsiyasi sharoitida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu standartlarning joriy etilishi moliyaviy hisobotning shaffofligi, taqqoslanuvchanligi va ishonchliligini ta’minlashga yordam beradi. O‘zbekiston Respublikasida MHXSga o‘tish iqtisodiy islohotlarning muhim qismi sifatida banklarning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvi va investorlar ishonchini oshirishga yordam beradi. Biroq, bu jarayon normativ-huquqiy bazani moslashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish kabi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Maqolada ushbu jarayonning asosiy masalalari, muammolari va istiqbolli yechimlari tahlil qilinadi.
Ushbu maqola raqamli texnologiyalar asosida buxgalteriya hisobining modernizatsiyasini o‘rganadi. Buxgalteriya hisobi sohasidagi innovatsiyalar, asosan, raqamli tizimlarning joriy etilishi va avtomatlashtirilgan jarayonlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan. Maqolada buxgalteriya hisobining raqamli transformatsiyasi jarayonidagi asosiy muammolar va imkoniyatlar tahlil qilinadi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar, jumladan sun’iy intellekt, bulutli tizimlar va blokcheyn texnologiyalari orqali buxgalteriya amaliyotining samaradorligini oshirish, xatoliklarni kamaytirish, va vaqtni tejash imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. Maqolada buxgalteriya hisobining raqamli inqilobi sharoitida yuzaga kelgan muammolar, xususan, texnologik to‘siqlar, malakali mutaxassislarning yetishmasligi va tizimlar o‘rtasidagi moslashuv muammolari batafsil yoritiladi. Shu bilan birga, ushbu yangi texnologiyalarning imkoniyatlari, innovatsion yechimlar va kelajak istiqbollari hamda buxgalteriya tizimlarining modernizatsiyasiga qo‘yiladigan talablar o‘rganiladi. Maqola natijalari, ayniqsa, buxgalteriya hisobining raqamli tizimlar bilan integratsiyasi jarayonidagi o‘zgarishlarni chuqur tahlil qilishga va ilmiy-amaliy takliflar berishga yo‘naltirilgan.
Ushbu maqolada raqamli transformatsiya va raqamli texnologiyalarning bank faoliyati samaradorligiga ta’siri o‘rganilgan. Tegishli adabiyotlar va empirik ma’lumotlarni har tomonlama tahlil qilish orqali mualliflar raqamli texnologiyalarlarning turli o‘lchovlarini va ularning bank samaradorligiga ta’sirini o‘rganadilar. Maqolada bank tizimidagi raqamli transformatsiya operatsiyalarni modernizatsiya qilish, mijozlar tajribasini yaxshilash va umumiy samaradorlikni oshirish uchun raqamli texnologiyalar integratsiyasini o‘z ichiga oladi. So‘nggi yillarda banklar tez rivojlanayotgan moliyaviy muhitda raqobatbardosh bo‘lib qolishga intilayotgani sababli, bu jarayon sezilarli kuchga ega bo‘ldi. Bank tizimida raqamli transformatsiyalar tahlili samaradorlikni oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan bir qancha asosiy texnologiyalar borasida keng qamrovli tahlillar olib borilgan.
Ushbu maqola kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashning asosiy omillari va istiqbollari bo‘yicha ilmiy tahlilni taqdim etadi. Maqolada kichik biznes sub’ektlarining iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda zarur bo‘lgan ko‘rsatkichlar, jumladan moliyaviy barqarorlik, raqobatbardoshlik, texnologik innovatsiyalar, moliyaviy boshqaruv tizimi, raqamli xavfsizlik va bozor diversifikatsiyasi kabi faktorlar tahlil qilinadi. Tadqiqot ishida kichik biznes subyektlari uchun iqtisodiy xavfsizlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalar bayon etilgan.
Ushbu maqola savdo korxonalarida buxgalteriya hisobini milliy standartdan xalqaro standartga transformatsiya qilish jarayoni haqida bo‘lib. Unda milliy standartda tuzilgan hisobotlarni xalqaro standartlarga transformatsiya qilish boshqichlari, qiyinchiliklari, afzalliklari va dolzarb masalalari, shuningdek amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar bayon qilingan.
Ushbu maqolada aholi orasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish muammolari va ularni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilinadi. Tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar ta’lim yetishmovchiligi, moliyaviy resurslarning cheklanganligi, bozor talablarini noto‘g‘ri baholash, huquqiy to‘siqlar va innovatsion g‘oyalarning yetishmovchiligi kabi muammolar yoritiladi. Shu bilan birga, ushbu muammolarga yechim sifatida tadbirkorlik ta’limini rivojlantirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini yaxshilash, bozor tahlilini o‘rgatish, huquqiy tartibotni soddalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llash kabi takliflar beriladi. Ushbu yechimlar jamiyatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish uchun investitsiyalar, kredit va moliyaviy resurslarni jalb etish holati tahlil qilinadi. Xususan, moliyalashtirishdagi asosiy muammolar, garov taʼminoti, infratuzilma yetishmovchiligi va huquqiy toʻsiqlar koʻrib chiqiladi. Shuningdek, ekologik jihatlar, barqaror turizm, yashil texnologiyalar va ekoturizm imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Deskriptiv, komparativ, ekologik va SWOT tahlillar asosida asosiy muammolar, imkoniyatlar hamda barqaror turizm rivoji uchun strategik takliflar ishlab chiqilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha strategiya va dasturlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning maqsadi hududlarda aholi turmush darajasi va sifatini oshirishdan iborat. Mazkur maqola O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishda raqamli texnologiyalarni samarali ta’sirini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Ushbu tadqiqotni amalga oshirish uchun “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi (2024) qabul qilindi. Tahlil natijalari raqamli texnologiyalar kambag‘allikni qisqartirishda ijobiy ta’sir etishini ko‘rsatdi. Tadqiqot yakunida raqamli texnologiyalarni kambag‘allikni qisqartirishga ta’sirini oshirish modeli taklif etildi. Shuningdek, maqolada inson resurslarini rivojlantirish, mehnat bozorini isloh qilish, bandlikning zamonaviy shakllaridan foydalanish, xalqaro standartlar asosida munosib mehnat standartlarini keng joriy etish orqali kambag‘allikni qisqartirishda davlat xizmatlari sifatini oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi
O‘zbekiston Fan, texnologiya va innovatsiyalar (FTI) parklarining bo‘shliqlari tahlili e’tibor qaratish va yaxshilash kerak bo‘lgan bir qancha muhim yo‘nalishlarni ochib beradi. Ushbu parklarning hozirgi faoliyati tadqiqot institutlari, sanoat tarmoqlari va hukumat siyosati o‘rtasida samarali hamkorlikka erishishda jiddiy muammolar bilan yuzlashib innovatsiyalar va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishdagi aralash natijalarni aks ettiradi. Asosiy xulosalar shuni ko'rsatadiki, O‘zbekiston FTI parklari biznes-inkubatsiya sohasida muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa-da, ular hali ham muhim texnologik yutuqlarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda kamchiliklarga ega. Asosiy to‘siqlar orasida universitetlar va sanoat tarmoqlari o‘rtasidagi hamkorlikning yetarli darajada mavjud emasligi, venchur kapitaliga kirishning cheklanganligi va tadbirkorlik madaniyatining zaifligi kiradi. Maqolada muvaffaqiyatli FTI parklari dinamik tadbirkorlik ruhi, tadqiqot institutlarining faol ishtiroki va startaplarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan ajralib turadigan kuchli mintaqaviy ekotizim doirasida rivojlanib borayotgani ta’kidlangan. Bunday qulay shart-sharoitlarni yaratish O‘zbekiston uchun muhim hisoblanadi. Strategik takliflar FTI park boshqaruvining imkoniyatlari va ishtirokini kuchaytirish, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va universitetlar va xususiy sektor o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashni o‘z ichiga oladi. Tavsiyalar ilg‘or jahon tajribasiga asoslangan va O‘zbekiston innovatsion tizimida manfaatdor tomonlar duch keladigan o‘ziga xos muammolarni hal qiluvchi tavsiyalarga bo‘lingan. Ushbu bo‘shliqlarni yo‘naltirilgan siyosat tashabbuslari va salohiyatni oshirish sa’y-harakatlari bilan bartaraf etish orqali O‘zbekiston o‘zining FTI parklaridan butun dunyo bo‘ylab boshqa FTI parklarida kuzatilgan muvaffaqiyatli amaliyotlarga mos ravishda texnologik innovatsiyalar va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanishi mumkin.
Maqola bank sektori faol ravishda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish sharoitida uning transformatsiyasini tahlil etishga bag‘ishlangan. Unda bank faoliyatida SI qo‘llanilishining asosiy yo‘nalishlari operatsion jarayonlarni avtomatlashtirish, intellektual risk-menedjment, mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni shaxsiylashtirish va innovatsion moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirish kabi jihatlar ko‘rib chiqiladi. Ayniqsa, SI an’anaviy bank biznes-modellari qanday o‘zgarayotganiga, banklarning raqobatbardoshligini oshirishiga va moliya bozorida yangi strategik ustunliklarni shakllantirishiga alohida e’tibor qaratilgan. Raqamli transformatsiya bilan bog‘liq chaqiriqlar va xatarlar kiberxavfsizlik, SI’dan foydalanishning etik jihatlari, shuningdek, tartibga soluvchi talablarga rioya etish masalalari tahlil qilingan. Xulosa o‘rnida aytilishicha, SI texnologiyalarining bank tizimiga integratsiyasi uning barqaror rivojlanishi va global raqobatbardoshligi uchun ajralmas shartga aylanmoqda.
Ushbu maqola raqamlilashtirishning rivojlangan mamlakatlardagi g‘aznachilik tizimlariga ta’siri tahlili va moliyaviy boshqaruv samaradorligini oshirish uchun foydalaniladigan bulutli echimlar, blokcheyn va elektron to‘lovlar kabi asosiy texnologiyalarni tahlil qilinadi. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Yaponiya, Estoniya va boshqa mamlakatlarda innovatsion yechimlarni joriy etish misollari ko‘rib chiqilgan, ulardan foydalanishning ijobiy va salbiy tomonlari aniqlangan. Zamonaviy raqamli platformalar orqali davlat xarajatlarining shaffofligi, xavfsizligini oshirish, optimallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur maqolada kommunal xizmatlar sohasida innovatsion loyihalarning ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda jahon va O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqib, innovatsion texnologiyalarni joriy etishning iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy foydalari ko‘rib chiqilgan. Innovatsion loyihalar, jumladan, aqlli shaharlar tizimi, raqamli boshqaruv, energiya samaradorligi va chiqindilarni qayta ishlash kabi yondashuvlar orqali resurslarni samarali boshqarish, atrof-muhitni himoya qilish va aholi farovonligini oshirish imkoniyatlari tahlil etilgan. Shuningdek, maqolada innovatsion texnologiyalarni joriy etishda mavjud bo‘lgan infratuzilma, moliyaviy va texnologik cheklovlar muhokama qilinadi hamda bu muammolarni hal qilish uchun tavsiyalar keltirilgan.
Maqola O‘zbekiston tijorat banklarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bunda aktivlar rentabelligi (ROA) ko‘rsatkichiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilingan. Markaziy bankning ma’lumotlari asosida kredit portfelining o‘sishi va jismoniy shaxslar kreditlari ulushining oshishi tahlil qilingan. Maqolada faoliyat samaradorligini oshirishning asosiy drayverlari sifatida kredit risklarini qat’iy boshqarish, foiz marjasini optimallashtirish, raqamli texnologiyalar orqali operatsion xarajatlarni optimallashtirish va qimmatli qog‘ozlar hisobiga aktivlarni strategik diversifikatsiya qilish zaruriyati asoslangan.
Ushbu maqola raqamli iqtisodiyot sharoitida O‘zbekiston kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sektorining rivojlanish imkoniyatlari, muammolari va istiqbollarini kompleks tahlil qilishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda raqamli transformatsiyaning kichik biznesga ta’sir mexanizmlari, hozirgi holat tahlili, xorijiy tajriba va eng yaxshi amaliyotlar o‘rganilgan. Raqamli iqtisodiyot kichik biznes uchun bozor chegaralarini kengaytirish, operatsion xarajatlarni kamaytirish va yangi biznes modellarini joriy etish kabi ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jadal sur’atlarda rivojlanayotgan bo‘lsa-da, kichik biznes sektorida raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi rivojlangan mamlakatlar ko‘rsatkichlaridan orqada qolmoqda. Maqolada kichik biznes raqamlashuvini tezlashtirish uchun raqamli savodxonlik dasturlarini ishlab chiqish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha takliflar berilgan.
Maqolada bank sektorini raqamlashtirishning zamonaviy tendensiyalari ko‘rib chiqiladi, xalqaro tajribani tahlil qilish va O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni joriy etishning o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor qaratiladi. Tinkoff Bank, WeBank va Monzo kabi banklarning muvaffaqiyatli o‘zgarishi misollari keltirilgan, ular mobil ilovalar, sun’iy intellekt, blockchain texnologiyalari va CRM tizimlaridan foydalanish samaradorligini namoyish etadi. Kapitalbank ATBni raqamlashtirish kontekstida rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan yangi texnologiyalarni joriy etish, mijozlar xizmatini takomillashtirish va axborot xavfsizligini mustahkamlash o‘rganildi. Tahlil asosida milliy xususiyatlar va xalqaro tajribani hisobga olgan holda O‘zbekiston bank tizimining raqamli transformatsiyasini jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ushbu tadqiqot ishida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan 2018-2023-yillarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi va dinamikasi yoritilgan. Shuningdek “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar bo‘yicha asosiy iqtisodiy ko‘rsatgichlar taqqoslangan. Emperik tadqiqotlar asosida to‘qimachilik korxonalarining eksport geografiyasi yillar va mamlakatlar kesimida tahlil qilingan. Iqtisodiy samaradorlik tushinchasining nazariy masalalari yoritilgan.