Ushbu maqolada davlat byudjetini barqarorlashtirishda mahalliy byudjetni moliyalashtirishda eng muhim daromad manbalaridan biri bo‘lgan mol-mulk solig‘ining ahamiyati, mol-mulk solig‘ini hisoblash mexanizmini yanada takomillashtirishda xorijiy tajriba imkoniyatlari tahlil qilinadi.
Mazkur maqolada soliq hisobotlarini shakllantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridini elektron hujjatlashtirish orqali soliq ma’murchiligini takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqotda yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq hisobotlarini shakllantirish vakolatini soliq organlariga o‘tkazish va mazkur majburiyatni soliq to‘lovchilar zimmasidan chiqarish zarurligi asoslab berilgan. Ushbu yondashuv soliq to‘lovchilarning ma’muriy yukini kamaytirish, hisobotlarni shakllantirishda inson omili ta’sirini cheklash, soliq organlari axborot tizimlaridan samarali foydalanish hamda soliq intizomini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, maqolada jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini naqd pulga xarid qilishda kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibini umumiy ovqatlanish va eksport qiluvchi korxonalar doirasidan kengaytirib, barcha tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etish taklifi ishlab chiqilgan. Mazkur taklif naqd pul aylanmalarining shaffofligini oshirish, xarid operatsiyalarini rasmiylashtirish, soliq bazasini aniqlashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqolada davlat va mahalliy byudjetlar daromad manbalari, ularning o‘zaro nisbatdagi o‘zgarishlari hamda davlat byudjeti tarkibidagi ulushi tahlil qilingan. Ko‘chmas mulklar qiymatining o‘zgarish dinamikasi, shuningdek, mol-mulk va yer soliqlarining mahalliy byudjet daromadlaridagi salmog‘i o‘rganilgan. Tadqiqot jarayonida statistik ma’lumotlar asosida soliq tushumlari va byudjet barqarorligi o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil etilgan. Maqolada mahalliy byudjetlarning daromad bazasini mustahkamlash va soliqqa tortish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqilgan.