Ushbu maqolada respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda investitsiyalardan samarali foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari kompleks tarzda ekonometrik yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqot jarayonida 2000–2024 yillar oralig‘idagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida investitsiyalar hajmi, bandlik darajasi hamda eksport hajmining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) ta’siri chuqur tahlil qilindi. Tahlil metodologiyasi sifatida korrelyatsion bog‘liqlikni aniqlash, ko‘p omilli regressiya modeli tuzish, parametrlarning statistik ahamiyatliligini baholash (t-statistika), modelning umumiy mosligini aniqlash (F-statistika), shuningdek, qoldiqlarni tekshirish uchun Durbin–Watson mezonidan foydalanildi. Ekonometrik hisob-kitoblar va modelni qurish ishlari zamonaviy statistik dasturiy muhit R Studio dasturi yordamida amalga oshirildi. Olingan natijalar investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ya’ni investitsiya hajmining ortishi YAIMning o‘sishiga olib kelishini tasdiqladi. Shuningdek, model natijalari asosida investitsiyalarning samaradorligini oshirish, ularni iqtisodiyot tarmoqlari kesimida optimal taqsimlash va investitsion siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida korxonalar aktivlari ko‘rsatkichlarini baholash va prognozlashda ko‘p omilli ekonometrik modellashtirish usullari qo‘llanildi. Tadqiqot obyekti sifatida “Grant Thornton Valuation” MCHJ faoliyati tanlanib, xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar natijaviy omil sifatida olindi. Ta’sir etuvchi omillar sifatida shartnomalar soni, baholash hisobotlari soni, xususiylashtirilgan obyektlar soni, sertifikat va lisenziyalar soni kiritildi. Tavsifiy statistika, korrelyatsiya, VIF, ADF testlari asosida model ishonchliligi tekshirildi hamda prognozlash amalga oshirildi. Olingan natijalar korxona faoliyatini tahlil qilishda va kelgusi yillarga prognozlashda amaliy ahamiyat kasb etadi.
Mazkur maqolada ijtimoiy sohani moliyaviy ta’minlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda ijtimoiy sohaning iqtisodiy mohiyati, uni moliyalashtirish manbalari va davlat budjeti tizimidagi o‘rni yoritilgan. Shuningdek, ijtimoiy xarajatlarni shakllantirishda budjet-soliq siyosatining ahamiyati tahlil qilingan. Tadqiqot jarayonida tavsifiy hamda ekonometrik usullardan foydalanildi. Ko‘p omilli regressiya modeli asosida soliq tushumlari, budjet taqchilligi va inflyatsiya ko‘rsatkichlarining ijtimoiy xarajatlar ulushiga ta’siri baholandi. Olingan natijalar ijtimoiy sohani moliyalashtirish samaradorligini oshirishga oid ayrim xulosalar va amaliy tavsiyalarni shakllantirish imkonini berdi.