Maqolada ayrim mamlakatlar misolida ommaviy baholash tizimlarini shakllantirish va ularning faoliyat yuritishi bo‘yicha xorijiy tajriba ko‘rib chiqilgan. Tanlab olingan mamlakatlar tarkibiga, ommaviy baholash tizimi bir necha o‘n yillardan buyon muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib kelayotgan AQSh va Shvetsiya, shuningdek, Litva va Sloveniya misolida ommaviy baholash tizimi nisbatan yaqinda XXI asr boshlarida joriy etilgan davlatlar tajribasi tahlil qilinadi. Tanlangan mamlakatlarda ommaviy baholash tizimlarining asosiy jihatlari bo‘yicha qiyosiy tahlil va umumlashtirish amalga oshirilgan. Jumladan, ommaviy baholashni qonunchilik asosida tartibga solish, ommaviy baholash jarayonini boshqarish (asosiy subyektlar o‘rtasida funksiyalar va vakolatlarning taqsimlanishi nuqtayi nazaridan), ko‘chmas mulk obyektlarining iqtisodiy hamda fizik-texnik tavsiflariga oid kirish axborotlarini hisobga olish va tahlil qilish, ko‘chmas mulkning alohida turlarini baholashda baholash yondashuvlari va usullarini qo‘llash kabi masalalar yoritilgan.
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasida ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etishning nazariy, uslubiy va institutsional jihatlari kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqot bozor mexanizmlariga asoslangan iqtisodiyot sharoitida anʼanaviy kadastr baholash usullarining cheklanganligini asoslab beradi hamda xalqaro tajribaga mos, shaffof va avtomatlashtirilgan ommaviy baholash tizimini joriy etish zaruratini ochib beradi. Ishda individual va ommaviy baholash yondashuvlarining qiyosiy tavsifi berilib, ularning soliq bazasini shakllantirishdagi o‘rni va funksional farqlari yoritilgan. Ommaviy baholash jarayonida GIS-texnologiyalar, matematik-statistik modellar, katta hajmdagi maʼlumotlar (Big Data) va multiplikativ baholash modellaridan foydalanishning afzalliklari ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar, normativ-huquqiy baza, institutsional tuzilma hamda baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish mexanizmlari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari ko‘chmas mulk solig‘ini adolatli va iqtisodiy asoslangan tarzda hisoblash, byudjet daromadlarini barqarorlashtirish hamda ko‘chmas mulk bozorida shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada davlat byudjetini barqarorlashtirishda mahalliy byudjetni moliyalashtirishda eng muhim daromad manbalaridan biri bo‘lgan mol-mulk solig‘ining ahamiyati, mol-mulk solig‘ini hisoblash mexanizmini yanada takomillashtirishda xorijiy tajriba imkoniyatlari tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada ko‘chmas mulklarning iqtisodiy ahamiyati ko‘rsatilib, ko‘chmas mulklarni bozor narxiga yaqin narxlarda baholash uning raqobatbardoshligini oshirishi, soliq solish bazasini belgilashda muhim ahamiyatga ega ekanligi tahliliy asoslanib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqolada davlat va mahalliy byudjetlar daromad manbalari, ularning o‘zaro nisbatdagi o‘zgarishlari hamda davlat byudjeti tarkibidagi ulushi tahlil qilingan. Ko‘chmas mulklar qiymatining o‘zgarish dinamikasi, shuningdek, mol-mulk va yer soliqlarining mahalliy byudjet daromadlaridagi salmog‘i o‘rganilgan. Tadqiqot jarayonida statistik ma’lumotlar asosida soliq tushumlari va byudjet barqarorligi o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil etilgan. Maqolada mahalliy byudjetlarning daromad bazasini mustahkamlash va soliqqa tortish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqilgan.