Mazkur maqolada Oʻzbekistonda yer va suv resurslarini boshqarish tizimida mavjud institutsional cheklovlar tahlil qilinadi. Xususan, boshqaruv organlari oʻrtasidagi vakolatlar taqsimotidagi nomuvofiqliklar, resurslardan foydalanishda samaradorlikning pastligi, monitoring va nazorat mexanizmlarining yetarli darajada ishlamasligi hamda normativ-huquqiy bazadagi muammolar yoritilgan. Shuningdek, maqolada yer va suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha xorijiy tajribalar o‘rganilib, Oʻzbekiston sharoitida institutsional tizimni takomillashtirish yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasida ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etishning nazariy, uslubiy va institutsional jihatlari kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqot bozor mexanizmlariga asoslangan iqtisodiyot sharoitida anʼanaviy kadastr baholash usullarining cheklanganligini asoslab beradi hamda xalqaro tajribaga mos, shaffof va avtomatlashtirilgan ommaviy baholash tizimini joriy etish zaruratini ochib beradi. Ishda individual va ommaviy baholash yondashuvlarining qiyosiy tavsifi berilib, ularning soliq bazasini shakllantirishdagi o‘rni va funksional farqlari yoritilgan. Ommaviy baholash jarayonida GIS-texnologiyalar, matematik-statistik modellar, katta hajmdagi maʼlumotlar (Big Data) va multiplikativ baholash modellaridan foydalanishning afzalliklari ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar, normativ-huquqiy baza, institutsional tuzilma hamda baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish mexanizmlari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari ko‘chmas mulk solig‘ini adolatli va iqtisodiy asoslangan tarzda hisoblash, byudjet daromadlarini barqarorlashtirish hamda ko‘chmas mulk bozorida shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada kambag‘allik darajasini baholashning mavjud metodologiyalari ilmiy jihatdan tahlil qilinib, ularning afzalliklari va cheklovlari o‘rganilgan. Tahlillar natijasida ma’lum bo‘ldiki, amaldagi yondashuvlar mahalla darajasida ma’lumot yig‘ishning murakkabligi, norasmiy daromadlarni aniqlashdagi qiyinchiliklar hamda rasmiy statistik raqamlarga haddan tashqari tayanish kabi kamchiliklarga egaligi bois, muallif tomonidan iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarni uyg‘unlashtirgan, empirik dalillarga asoslangan mukammallashtirilgan yangi metodologiya taklif etilgan.
Mazkur tadqiqot davlat korxonalarini (SOEs) boshlang‘ich ommaviy takliflar (IPO) va ikkilamchi ommaviy takliflar (SPO) orqali xususiylashtirish masalasini, ayniqsa, O‘zbekistonning rivojlanayotgan kapital bozori doirasida o‘rganadi. Koreya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi davlatlarning tajribasiga tayanilgan holda, ushbu maqola davlat korxonalarining fond bozoriga chiqarilishi orqali korporativ boshqaruvni takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, oshkoralikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Maqolada O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, investorlar bazasining zaifligi, listing infratuzilmasining yetarli emasligi, hamda oshkoralik va korporativ boshqaruvdagi muammolar tahlil qilinadi. Hukumat tomonidan yirik SOE’larning IPO orqali xususiylashtirilishi bo‘yicha jiddiy tashabbuslar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, institut sarmoyadorlarning kamligi, underwriterlar faoliyatining zaifligi va aholining fond bozori haqida yetarli bilimga ega emasligi kabi tizimli to‘siqlar mavjud. Tadqiqot bosqichma-bosqich IPO joriy etish, investitsion banklar salohiyatini oshirish, oshkoralik tizimini kuchaytirish va aholining aksiyalarga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari suradi. Ushbu xulosalar O‘zbekistonning davlatga asoslangan iqtisodiyotdan bozor mexanizmlariga asoslangan tizimga o‘tishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.