Ushbu maqolada MICE (uchrashuv, rag‘batlantirish, konferensiya, koʻrgazma yoki tadbirlar) turizmining rivojlanishi tahlil qilinadi. MICE turizmi jahon turizm industriyasining eng dinamik yoʻnalishlaridan biriga aylanib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xalqaro hamkorlik va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga bevosita hissa qoʻshmoqda. Turizm sektori jadal rivojlanayotgan Oʻzbekiston sharoitida inklyuzivlik tamoyillarining MICE turizmiga integratsiyalashuvi ham strategik zarurat, ham innovatsion yondashuvni ifodalaydi. Inklyuzivlik jinsi, yoshi, jismoniy qobiliyati yoki mintaqaviy kelib chiqishidan qatʼi nazar, barcha ijtimoiy guruhlar uchun teng foydalanish va ishtirok etishni taʼminlash sifatida tushuniladi. Bu toʻsiqlarsiz infratuzilmani yaratish, konferensiya va koʻrgazmalar oʻtkazish uchun qulay imkoniyatlar yaratish, surdo-tarjimondan foydalanish, gender tengligi va yoshlarni jalb etishni ragʻbatlantirishni nazarda tutadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra MICE turizmidagi inklyuzivlik nafaqat ishtirokni kengaytiradi va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlaydi, balki Oʻzbekiston turizm bozorining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini oshiradi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish jarayonida “yashil” investitsiyalar va bandlikning ahamiyati yoritib berilgan. Maqolada BRMlarning milliy rivojlanish siyosatiga integratsiya qilinishi, “yashil” budjetlashtirish amaliyoti hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning institutsional va moliyaviy mexanizmlari yoritib berilgan. Jumladan, qayta tiklanuvchi energetika sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalarning o‘zgarish dinamikasi, davlat budjeti xarajatlarining BRM bo‘yicha markirovkasi hamda “yashil” moliyalashtirish instrumentlari tahlili orqali “yashil” investitsiyalarning BRM 7, 8, 9, 11, 12 va 13-maqsadlariga erishishdagi roli asoslab berilgan. Tahlil natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar shakllantirilib, ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqolada O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi, xususan Jahon savdo tashkilotida ishtirok etish siyosatining iqtisodiy asoslari tahlil qilinadi. Tadqiqot savdo kelishuvlarining eksport, investitsiyalar va raqobatbardoshlikka ta’sirini ochib beradi. Xalqaro va mintaqaviy tajriba asosida savdo siyosatini shakllantirishda inklyuzivlik, institutsional muvofiqlashtirish va manfaatdor tomonlar ishtirokining ahamiyati yoritiladi. Empirik tahlil 2000–2024-yillar uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ma’lumotlari asosida panel regressiya modeli orqali amalga oshiriladi. Natijalar JSTga a’zolik YAIM hajmini o‘rtacha 17 foizga oshirishini ko‘rsatadi. Shuningdek, JST a’zoligi investitsiya muhitini yaxshilashi, eksport diversifikatsiyasini kuchaytirishi va institutsional islohotlarni jadallashtirishi aniqlangan. Prognoz tahliliga ko‘ra, 2030-yilga kelib O‘zbekiston YAIMi JSTga a’zo bo‘lish sharoitida 245 mlrd AQSh dollariga yetishi mumkin. Maqolada savdo liberallashuvining ehtimoliy ijtimoiy va tarmoqlararo xatarlariga ham e’tibor qaratilib, muvozanatli savdo siyosati bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi.