Mazkur maqolada iqtisodiyot tarmoqlarining raqamli transformatsiyasi jarayonida generativ sun’iy intellektning o‘rni, xususan, uni joriy etish samaradorligini baholash hamda texnologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda generativ sun’iy intellekt ishlab chiqarish, moliya, logistika, davlat boshqaruvi va boshqa tarmoqlarda mehnat unumdorligini oshirish, operatsion tezlikni jadallashtirish, qaror qabul qilish sifatini yaxshilash hamda innovatsion salohiyatni kuchaytirishda strategik vosita sifatida namoyon bo‘layotgani asoslab berilgan. Shu bilan birga, uning afzalliklari bilan bir qatorda ma’lumotlar sizib chiqishi, modeldan noto‘g‘ri foydalanish, shaxsiy daxlsizlik buzilishi, ishonchsiz natijalar va kiberxavfsizlikka oid zaifliklar kabi jiddiy texnologik xatarlar ham mavjudligi ta’kidlangan. Tadqiqot OECD, Jahon banki, NIST hamda tarmoqqa oid ochiq manbali ilmiy va institutsional adabiyotlarning sifatli qiyosiy tahliliga asoslangan. Natijalar generativ sun’iy intellekt samaradorligini iqtisodiy ko‘rsatkichlar va texnologik xavfsizlik mezonlarini birlashtirgan ikki tomonlama yondashuv asosida baholash zarurligini ko‘rsatadi. Xulosa sifatida, ushbu texnologiyani barqaror joriy etish uchun nafaqat raqamli infratuzilma va tashkiliy moslashuv, balki kuchli boshqaruv mexanizmlari, inson nazorati hamda uzluksiz risk monitoringi talab etilishi qayd etilgan.
Saidahror Gulyamov , Akram Ochilov , Azizjon Rashidov
Maqolada 2024-yilda qabul qilingan “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonun (№ O‘RQ-970) hamda Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PQ-64 va 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-358-son qarorlarini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Sun’iy intellekt (SI) kreativ iqtisodiyot rivojida muhim omil sifatida namoyon bo‘lib, ijodiy mahsulot yaratish imkoniyatlarini kengaytiradi va shu bilan birga an’anaviy kasblar oldiga yangi talab va vazifalarni qo‘yadi. Tadqiqotda SI texnologiyalarining san’at, musiqa, kino, adabiyot va media sohalariga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Generativ neyron tarmoqlar, mashinaviy o‘qitish va tabiiy tilni qayta ishlash vositalarining ijodiy jarayon samaradorligini oshirishdagi o‘rni yoritiladi. O‘zbekiston misolida SI ko‘nikmalariga ega kreativ mutaxassislarni tayyorlashning strategik zarurati asoslab beriladi. Shuningdek, mualliflik huquqi, intellektual mulk himoyasi va frilans mehnat bozoridagi o‘zgarishlar masalalari tahlil qilinadi.