Mazkur maqolada qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishda byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini integratsiyalash orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektori misolida davlat byudjeti subsidiyalari, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi va tijorat banklari kreditlashining o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasida yuzaga keladigan sinergetik samarani baholashdir. Metodologik asos sifatida ilmiy-adabiy manbalar tahlili, korrelatsion va regressiya tahlili, sug‘urta hisoblash modeli, kredit xavfi tahlili hamda fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksini baholash usullaridan foydalanildi. IMF, FAO, Jahon banki, OECD va boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekistonning rasmiy statistik ma’lumotlari asosida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Tadqiqot natijalari davlat agrar xarajatlari ulushi oshishi qishloq xo‘jaligi o‘sishining o‘zgaruvchanligini kamaytirishini, sug‘urta qamrovi kengayishi agrar kreditlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashini, sug‘urtalangan kreditlarda defolt ehtimoli sezilarli darajada pasayishini ko‘rsatdi. Fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksining pastligi O‘zbekistonda agrar kapital ta’minotini kuchaytirish zarurligini tasdiqlaydi. Mualliflar byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini kompleks integratsiyalash agrar sektor moliyaviy barqarorligini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishi ekanini asoslaydi va agrar siyosat uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqadi.
Mazkur maqolada Samarqand viloyatidagi bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari va unga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Tahlillar uchun 2024-yilda 300 nafar fermerlardan olingan so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalanilgan. Tadqiqotda ikki bosqichli metodologik yondashuv qo‘llanilgan: birinchi bosqichda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasini qo‘llagan holda har bir fermer uchun texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, ikkinchi bosqichda esa Tobit regressiya orqali samaradorlikka ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional omillar baholangan. Natijalarga ko‘ra, o‘rtacha texnik samaradorlik darajasi 0.868 ekanligi aniqlandi. Bu fermerlarda mavjud resurslar hisobiga hosildorlikni 13% ga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi. Tobit modeli natijalariga ko‘ra, oila a’zolari soni, daraxt ekish amaliyotini qo‘llash va o‘g‘itlardan foydalanish erkinligi samaradorlikka ijobiy, klasterga a’zolik esa salbiy va statistik jihatdan muhim ta’sirga ega bo‘lgan omillar ekanligi ilmiy asoslandi. Tadqiqot natijalari texnik samaradorlikni oshirish uchun resurslardan foydalanishni liberallashtirish, ekologik amaliyotlarni rag‘batlantirish va institutsional tuzilmalarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu maqolada, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi sohasida 2020- 2024-yillar mobaynida kuzatilgan dinamik o‘zgarishlar, ulardagi ayrim qonuniyatlar va ularning kelgusi davrlar uchun prognoz ko‘rsatkichlarga ta’siri statistik ma’lumotlar asosida yoritib beriladi. Agrar tarmoqqa oid rasmiy statistik ma’lumotlar asosida qishloq xo‘jaligida yuz berayotgan modernizatsiyalash jarayonlari natijasida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda kuzatilayotgan o‘zgarishlar va ularning aholi farovonligiga ta’siri tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada soʻnggi yillarda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek kelajakdagi istiqbollar haqida soʻz yuritiladi. Qishloq xoʻjaligiga kiritilayotgan investitsiyalar tahlil qilinadi.
Mazkur maqolada hudud iqtisodiyotining rivojlanishida asosiy faktor hisoblangan qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha muammolar va yechimlar aks etgan.Qishloq xoʻjaligi har qanday mamlakat iqtisodiyotida asosiy tarmoqlardan biri hisoblanadi. Soʻnggi yillarda kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishlari va ekologik tanazzul nafaqat tabiiy omillar bilan balki insoniyat taraqqiyotidagi jarayonlar bilan ham bevosita bogʻliq boʻlib, natijada qurgʻoqchiliklarning tez-tez takrorlanishi, chang-toʻzonlarning doimiy kuzatilishiga hamda yogʻingarchiliklar mavsumlarining buzilishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa mamlakat qishloq xoʻjaligi tizimiga, qishloq aholisi daromadlariga hamda oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Maqolada paxta-to‘qimachilik klasterlarida mahalliy darajada dehqonchilik, chorvachilik va bog‘dorchilik yo‘nalishlarida konsalting xizmatlari ko‘rsatish va tajribalar benchmarkingini yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqarishining mahalliy xususiyatlarini hisobga olgan holda samaradorlikni ham oshirish maqsadida ilg‘or bilimlarni ishlab chiqarishga joriy etishni ko‘zda tutuvchi agrokonsalting xizmatlarini ko‘rsatish masalalari yoritilgan.
O'zbekistonda xususiy va kichik tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. Mahalliy tadbirkorlar va investorlar uchun bir qator qulay huquqiy va iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Milliy iqtisodiyotda liberallashtirish jarayoni davom etmoqda, bu iqtisodiy ko'rsatkichlarning o'sishiga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda. Muvaffaqiyatli iqtisodiy rivojlanish aholi farovonligini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Biznes muhitini yanada takomillashtirish va yaxshilash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Maqolada xususiy tadbirkorlikning holati va rivojlanish istiqbollarini tahlil qilish natijalari keltirilgan. Xususiy sektorni yanada rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari ham tahlil qilindi