Mazkur maqolada O‘zbekistonda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot o‘rtasidagi institutsional bog‘liqlik, ularning bozor raqobati, investitsiya muhiti, davlat boshqaruvi sifati va makroiqtisodiy barqarorlikka ta’siri tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi korrupsion amaliyotlarning yashirin iqtisodiyot kengayishiga ta’sir mexanizmlarini aniqlash hamda korrupsiyaga qarshi institutsional siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli tahlil, qiyosiy tahlil, iqtisodiy-statistik tahlil, huquqiy-institutsional tahlil va mantiqiy umumlashtirish usullaridan foydalanildi. Empirik baza sifatida 2017–2025-yillardagi xalqaro reytinglar, 2023–2024-yillardagi korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasi, normativ-huquqiy hujjatlar va ilmiy adabiyotlar o‘rganildi. Natijalar korrupsiya nafaqat huquqbuzarlik, balki resurslar taqsimoti, budjet xarajatlari samaradorligi, soliq intizomi va yashirin iqtisodiyot hajmiga ta’sir qiluvchi tizimli institutsional omil ekanini ko‘rsatadi. Maqolada compliance control, raqamli monitoring, davlat xaridlarida shaffoflikni kuchaytirish, aktivlarni qaytarish va korrupsion risklarni oldindan baholash mexanizmlarini institutsional jihatdan takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada davlat ulushi mavjud xo‘jalik yurituvchi subyektlarda korrupsiya xatarlarini kamaytirishda korporativ boshqaruv tizimining institutsional jihatlari tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba, jumladan OECD tamoyillari, ESG indikatorlari va ilg‘or xorijiy davlatlar amaliyoti asosida kuzatuv kengashlarining mustaqilligi, ichki va tashqi audit tizimlarining samaradorligi, shaffoflik darajasi va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish mexanizmlari ilmiy asosda o‘rganilgan. Tadqiqot doirasida tizimli tahlil, taqqoslovchi metod va empirik uslublar yordamida O‘zbekistonning yirik davlat ishtirokidagi kompaniyalaridagi boshqaruv amaliyotlari tahlil etilib, takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohalarini raqamlashtirish jarayonlari, ularning samaradorlikka ta’siri va korrupsiyani kamaytirishdagi roli tahlil qilingan. Raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, xizmat sifati va tezkorligini oshirish, shuningdek, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali korrupsiya xavfini minimallashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, elektron hukumat tizimi, onlayn xizmatlar va “aqlli” yechimlar misolida tahliliy yondashuv asosida tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Мазкур мақолада инновацион иқтисодиёт шароитида давлат харидлари тизимини такомиллаштириш муаммолари ва уларни ҳал этиш чора-тадбирлари таҳлил қилинди. Давлат харидлари жараёнидаги бюрократик тўсиқлар, молиявий қўллаб-қувватлашнинг етишмаслиги ва коррупция хавфи давлат харидларини самарали ривожланишига салбий таъсир кўрсатиши аниқланди. Мақолада қонунчиликни такомиллаштириш, электрон тендер тизимини жорий этиш, кичик ва ўрта бизнес учун молиявий дастурларни кенгайтириш каби чора-тадбирлар тавсия қилинган. Давлат харидлари тизимини модернизация қилиш миллий иқтисодиётни барқарор ривожлантиришга кўмаклашади.
Ushbu maqolada davlat xaridlari jarayonida inson omilining o‘rni, uning ijobiy va salbiy jihatlari hamda xaridlar tizimining samaradorligiga ta’siri tahlil qilinadi. Shuningdek, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiya xavfini kamaytirish va qaror qabul qilish jarayonlarini takomillashtirishda raqamli texnologiyalar hamda elektron platformalarning ahamiyati yoritiladi. Tadqiqot natijasida inson omilini optimallashtirish orqali davlat mablag‘laridan samarali foydalanish va xaridlar tizimining ochiqligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.