Ushbu maqolada O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohalarini raqamlashtirish jarayonlari, ularning samaradorlikka ta’siri va korrupsiyani kamaytirishdagi roli tahlil qilingan. Raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, xizmat sifati va tezkorligini oshirish, shuningdek, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali korrupsiya xavfini minimallashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, elektron hukumat tizimi, onlayn xizmatlar va “aqlli” yechimlar misolida tahliliy yondashuv asosida tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada davlat ulushi mavjud xo‘jalik yurituvchi subyektlarda korrupsiya xatarlarini kamaytirishda korporativ boshqaruv tizimining institutsional jihatlari tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba, jumladan OECD tamoyillari, ESG indikatorlari va ilg‘or xorijiy davlatlar amaliyoti asosida kuzatuv kengashlarining mustaqilligi, ichki va tashqi audit tizimlarining samaradorligi, shaffoflik darajasi va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish mexanizmlari ilmiy asosda o‘rganilgan. Tadqiqot doirasida tizimli tahlil, taqqoslovchi metod va empirik uslublar yordamida O‘zbekistonning yirik davlat ishtirokidagi kompaniyalaridagi boshqaruv amaliyotlari tahlil etilib, takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilgan.
Мазкур мақолада инновацион иқтисодиёт шароитида давлат харидлари тизимини такомиллаштириш муаммолари ва уларни ҳал этиш чора-тадбирлари таҳлил қилинди. Давлат харидлари жараёнидаги бюрократик тўсиқлар, молиявий қўллаб-қувватлашнинг етишмаслиги ва коррупция хавфи давлат харидларини самарали ривожланишига салбий таъсир кўрсатиши аниқланди. Мақолада қонунчиликни такомиллаштириш, электрон тендер тизимини жорий этиш, кичик ва ўрта бизнес учун молиявий дастурларни кенгайтириш каби чора-тадбирлар тавсия қилинган. Давлат харидлари тизимини модернизация қилиш миллий иқтисодиётни барқарор ривожлантиришга кўмаклашади.
Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasida byudjet tashkilotlari uchun davlat xaridlarini elektron doʻkonlar orqali boshqarishning samaradorligini va iqtisodiy afzalliklarini oʻrganishga qaratilgan. Oʻzbekistonda davlat xaridlari jarayonlarini elektronlashtirishning asosiy maqsadlari – korrupsiyani kamaytirish, byudjet mablagʻlaridan tejamkor foydalanish va xarid jarayonining shaffofligini taʼminlashdir. 2021-yil 22-aprelda OʻRQ-684-sonli qabul qilingan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun hamda 2024-yil 10-iyuldagi PQ-249-sonli “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror orqali davlat xaridlarini elektron doʻkonlar yordamida amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi va iqtisodiy samaradorlikka erishish yoʻlida katta qadamlar qoʻyildi. Davlat xaridlarida elektron doʻkonlarning qoʻllanishi Oʻzbekiston iqtisodiyotida qanday oʻzgarishlarga olib kelgani haqida batafsil tahlil keltiriladi. Bu jarayonda Indoneziya, Qozogʻiston va Estoniya kabi mamlakatlarning tajribalari, shuningdek, ularning elektron xarid tizimlarining Oʻzbekistondagi davlat xaridlarida qoʻllanilishi oʻrganiladi. Ushbu tadqiqot 2022-2024-yillar davomida elektron doʻkonlar orqali amalga oshirilgan davlat xaridlari natijalari asosida olib borilgan boʻlib, davlat mablagʻlaridan samarali foydalanish va tejash imkoniyatlari bilan bogʻliq muhim maʼlumotlarni ochib beradi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning institutsional determinantlari va makroiqtisodiy oqibatlari kompleks tarzda tahlil qilinadi. Tadqiqotda rasmiy statistika, xalqaro baholashlar, normativ-huquqiy baza hamda nazariy yondashuvlar integratsiyalangan holda yashirin iqtisodiyot fiskal yuklama, tartibga solish murakkabligi, davlat boshqaruvi sifati, korrupsiya, naqd pul aylanishi va ijtimoiy ishonch bilan bog‘liq ko‘p darajali fenomen sifatida talqin qilindi. O‘zbekiston bo‘yicha kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi, tarmoqlar bo‘yicha notekis taqsimoti va rasmiy sektor bilan o‘zaro aloqalari ochib berildi. Mualliflar yashirin iqtisodiyotga qarshi siyosatni repressiv choralar bilan cheklash emas, balki rasmiy sektor jozibadorligini oshirish, raqamlashtirishni chuqurlashtirish va institutsional shaffoflikni kuchaytirish asosida qurish zarurligini asoslaydilar.
Ushbu maqolada davlat xaridlarini tashkil etish jarayonlarining nazariy va amaliy jihatlari kompleks tahlil qilingan. Shuningdek, davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar va ularning iqtisodiyotga ta’siri, bugungu kundagi holati yoritilgan. Davlat xaridlaridagi mavjud muammolar va ularning sabablari keltirilgan. Shuningdek, davlat xaridlari tizimini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Ушбу мақолада Ўзбекистонда инвестицион муҳитни тубдан яхшилашнинг асосий йўналишлари таҳлил қилинган. Хусусан, қонунчилик базасини мустаҳкамлаш ва барқарорлаштириш, инвесторларнинг мулк ҳуқуқини ишончли кафолатлаш, коррупсияга қарши курашиш, маъмурий тўсиқларни камайтириш каби омиллар муҳим аҳамият касб этиши таъкидланади. Солиқ ва божхона соҳасидаги рағбатлар, давлат-хусусий шериклиги (ДХШ) ва хусусийлаштириш жараёнларини чуқурлаштириш, транспорт ва энергетика инфратузилмасини модернизация қилиш, малакали кадрлар тайёрлаш, рақамли трансформация ва халқаро савдо ҳамкорлигини кенгайтириш масалалари ҳам кўриб чиқилади. Мазкур йўналишларда тизимли ва изчил чоралар амалга оширилиши Ўзбекистонда ишбилармонлик муҳитини кучайтириш, чет эл ва маҳаллий инвесторлар ишончини орттириш, иқтисодий ўсиш ва аҳоли фаровонлигига эришишнинг муҳим шартларидан бири экани алоҳида қайд этилади.
Raqamli iqtisodiyot insonlarning turmush darajasini sezilarli darajada oshiradi, bu uning asosiy foydasidir. Raqamli iqtisodiyot korrupsiya va qora iqtisodiyotning asosiy kushandasidir. Chunki, raqamlar hamma narsani muhrlaydi, xotirada saqlaydi, kerak paytda maʼlumotlarni tez taqdim etadi. Bunday sharoitda biron maʼlumotni yashirish, yashirin bitimlar tuzish, u yoki bu faoliyat haqida to‘liq axborot bermaslikning iloji yo‘q, kompyuter hammasini namoyon qilib qo‘yadi. Maʼlumotlar ko‘pligi va tizimliligi yolg‘on va qing‘ir ishlarga yo‘l bermaydi.