Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Mazkur maqolada qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishda byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini integratsiyalash orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektori misolida davlat byudjeti subsidiyalari, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi va tijorat banklari kreditlashining o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasida yuzaga keladigan sinergetik samarani baholashdir. Metodologik asos sifatida ilmiy-adabiy manbalar tahlili, korrelatsion va regressiya tahlili, sug‘urta hisoblash modeli, kredit xavfi tahlili hamda fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksini baholash usullaridan foydalanildi. IMF, FAO, Jahon banki, OECD va boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekistonning rasmiy statistik ma’lumotlari asosida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Tadqiqot natijalari davlat agrar xarajatlari ulushi oshishi qishloq xo‘jaligi o‘sishining o‘zgaruvchanligini kamaytirishini, sug‘urta qamrovi kengayishi agrar kreditlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashini, sug‘urtalangan kreditlarda defolt ehtimoli sezilarli darajada pasayishini ko‘rsatdi. Fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksining pastligi O‘zbekistonda agrar kapital ta’minotini kuchaytirish zarurligini tasdiqlaydi. Mualliflar byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini kompleks integratsiyalash agrar sektor moliyaviy barqarorligini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishi ekanini asoslaydi va agrar siyosat uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqadi.
Ushbu maqolada an’anaviy va islomiy banklar faoliyatining integratsiyasi jarayonlari, ularning global moliya bozoriga ta’siri va ushbu sohadagi imkoniyatlar hamda muammolar o‘rganiladi. Tadqiqotda an’anaviy banklar tarkibida “Islom darchalari”ni tashkil etishning iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi roli va moliya bozorini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, ushbu integratsiyaning rivojlanayotgan mamlakatlarda bank tizimi barqarorligi va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi ahamiyati empirik va nazariy yondashuvlar asosida yoritiladi. Maqola xalqaro moliyaviy hamkorlik va islomiy moliyaning jahon moliya bozorida o‘rnini mustahkamlash istiqbollarini ochib beradi.
Ushbu maqolada raqamli transformatsiya va raqamli texnologiyalarning bank faoliyati samaradorligiga ta’siri o‘rganilgan. Tegishli adabiyotlar va empirik ma’lumotlarni har tomonlama tahlil qilish orqali mualliflar raqamli texnologiyalarlarning turli o‘lchovlarini va ularning bank samaradorligiga ta’sirini o‘rganadilar. Maqolada bank tizimidagi raqamli transformatsiya operatsiyalarni modernizatsiya qilish, mijozlar tajribasini yaxshilash va umumiy samaradorlikni oshirish uchun raqamli texnologiyalar integratsiyasini o‘z ichiga oladi. So‘nggi yillarda banklar tez rivojlanayotgan moliyaviy muhitda raqobatbardosh bo‘lib qolishga intilayotgani sababli, bu jarayon sezilarli kuchga ega bo‘ldi. Bank tizimida raqamli transformatsiyalar tahlili samaradorlikni oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan bir qancha asosiy texnologiyalar borasida keng qamrovli tahlillar olib borilgan.
Maqola bank sektori faol ravishda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish sharoitida uning transformatsiyasini tahlil etishga bag‘ishlangan. Unda bank faoliyatida SI qo‘llanilishining asosiy yo‘nalishlari operatsion jarayonlarni avtomatlashtirish, intellektual risk-menedjment, mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni shaxsiylashtirish va innovatsion moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirish kabi jihatlar ko‘rib chiqiladi. Ayniqsa, SI an’anaviy bank biznes-modellari qanday o‘zgarayotganiga, banklarning raqobatbardoshligini oshirishiga va moliya bozorida yangi strategik ustunliklarni shakllantirishiga alohida e’tibor qaratilgan. Raqamli transformatsiya bilan bog‘liq chaqiriqlar va xatarlar kiberxavfsizlik, SI’dan foydalanishning etik jihatlari, shuningdek, tartibga soluvchi talablarga rioya etish masalalari tahlil qilingan. Xulosa o‘rnida aytilishicha, SI texnologiyalarining bank tizimiga integratsiyasi uning barqaror rivojlanishi va global raqobatbardoshligi uchun ajralmas shartga aylanmoqda.
Maqola O‘zbekiston bank tizimining xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tish jarayonlari va muammolarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Jahon iqtisodiy integratsiyasi sharoitida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu standartlarning joriy etilishi moliyaviy hisobotning shaffofligi, taqqoslanuvchanligi va ishonchliligini ta’minlashga yordam beradi. O‘zbekiston Respublikasida MHXSga o‘tish iqtisodiy islohotlarning muhim qismi sifatida banklarning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvi va investorlar ishonchini oshirishga yordam beradi. Biroq, bu jarayon normativ-huquqiy bazani moslashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish kabi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Maqolada ushbu jarayonning asosiy masalalari, muammolari va istiqbolli yechimlari tahlil qilinadi.
Mаqоlаmizdа xаlqаrо mоliyаviy tаshkilоtlаrning аhаmiyаti vа ulаrning iqtisоdiyоtni rivоjlаntirishdаgi о’rni, hаmdа О’zbеkistоnning bugungi kundаgi xаlqаrо mоliyа tаshkilоtlаri bilаn mоliyаviy munоsаbаtlаri tаhlili vа ulаr о’rtаsidаgi hаmkоrlikni kеngаytirish istiqbоllаri hаqidа sо’z yuritilаdi. Xalqaro Valyuta Jamg’armasi (XVJ) va Jahon banki misolida hamkorlikning asosiy yo’nalishlari tahlil qilinadi.
O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng xalqaro moliya institutlar bilan faol aloqalarni yo’lga qo’ydi. Jumladan, qishloq xo’jaligi, transport, sog’liqni saqalash, ta’lim, infrotuzilma, energetika, qurilish sohalarida bir qancha yirik loyihalarni amalga oshirdi. So’ngi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish va investitsion jozibadorlikni oshirish borasidagi islohotlar hamkorlikni yanada kengayishiga sabab bo’ldi. Maqolada o’zbekistonning bu tashkilotlar bilan uzoq muddatli strategiyalar orqali barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot, inklyuziv iqtisodiyot, kambag’allikni qisqartirish, bandlikni taminlash va zamonaviy infrotuzilmani yaratishga qaratilgan istiqbolli loyihalari yoritilgan. Ushbu hamkorlik natijasida mamlakatimizning global iqtisodiyotga integratsiyasini kuchayishi ko’zda tutilgan.
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Ushbu maqolada tijorat banklarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish jarayonlari, ularning operatsion samaradorlikka, kredit risklarini baholash sifatiga va mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimiga ta’siri ilmiy jihatdan tahlil qilindi. Xalqaro tajribalar O‘zbekiston bank tizimi amaliyoti bilan taqqoslab o‘rganildi. Tadqiqot natijalari SI texnologiyalari bank xarajatlarini kamaytirishi, firibgarlikni aniqlash samaradorligini oshirishi, xizmat ko‘rsatish tezligini yaxshilashi bilan birga, ma’lumotlar sifati, algoritmik shaffoflik va kiberxavfsizlik kabi muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Maqolada ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.