Mazkur maqolada Markaziy Osiyo mintaqasidagi talabalar mobiliteti va turizm oqimlarining rivojlanishi Yevropa Ittifoqi tajribasi asosida kompleks tahlil qilindi. Tadqiqotda talabalar oqimining iqtisodiy ta’siri empirik tahlil asosida baholanib, “talaba-turist” sinergiyasining uzoq muddatli iqtisodiy samaradorligi aniqlab berildi. Mazkur natijalarga asoslanib, Markaziy Osiyo davlatlari uchun “Ipak yo‘li talabalar harakatchanligi dasturi (IYTHD)” nomli yangi integratsion model taklifi ilgari surildi. Model raqamli platforma, integratsion tarmoq va moliyaviy mexanizmlarni birlashtirib, talabalar mobiliteti uchun yagona hududiy ekotizimni shakllantirishga qaratilgan. Mazkur maqola Markaziy Osiyo davlatlarida talabalar turizmining iqtisodiy rivojlanishdagi rolini oshirish hamda mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi ilmiy-amaliy tavsiyalarni bayon qiladi.
Mazkur maqola Yevropa Ittifoqining "Yashil kelishuv" strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini tahlil qiladi. Unda iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilingan. Tahlil natijalariga ko‘ra, Yashil kelishuv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va ekologik barqarorlikni mustahkamlash imkonini beradi. Shuningdek, strategiyani amalga oshirishdagi muammolar va takliflar keltirib o‘tilgan.
Mazkur tadqiqot XXI asrda global iqtisodiyotda muhim o‘rin tutgan innovatsion rivojlanish modellarining taqqoslama tahlilini taqdim etadi. Maqolada AQSh, Yevropa Ittifoqi, Skandinaviya mamlakatlari, Janubiy Koreya, Singapur, Yaponiya va Germaniyaning innovatsion tizimlariga chuqur nazar tashlanadi. Beshta asosiy model ochiq innovatsiyalar, Triple Helix, klaster innovatsiyalar, davlat boshqaruvi va korporativ strategiyalar 2024-yil statistik ma’lumotlari asosida tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, har bir model o‘ziga xos afzalliklarga ega bo‘lib, mamlakatlarning institutsional muhiti va iqtisodiy xususiyatlariga mos ravishda moslashtiriladi. Gibrid modellar va barqaror rivojlanish maqsadlarining integratsiyasi zamonaviy innovatsion strategiyalarning asosiy tendensiyalariga aylandi. O‘zbekiston uchun taqdim etilgan tavsiyalar milliy innovatsion ekotizimni rivojlantirish yo‘llarini belgilaydi.
Ushbu maqolada xalqaro amaliyotda bank mahsulotlarini joriy etish tajribalari tahlil qilinadi. AQSH, Kanada, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi va Xitoy bank tizimlari misolida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, avtomatlashtirish va “yashil moliya”ning ahamiyati yoritilgan. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston bank tizimi uchun ilg‘or tajribalarni moslashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy siyosati 2017-yildan buyon savdoni liberallashtirish, diplomatik aloqalarni yaxshilash va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi saʼy-harakatlarI tufayli mamlakatimiz global iqtisodiyotda faol ishtirokchiga aylandi. Xususan, iqtisodiy rivojlangan Yevropa Ittifoqi va Germaniya kabi hamkorlar bilan savdo, investitsiya va ijtimoiy sohalarda sezilarli oʻsish kuzatildi. Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasi bilan olib borgan tashqi iqtisodiy munosabatlar tahlili va savdo-iqtisodiy integratsiyalashuv darajasini tahlil qiladi. Oʻzbekistonning ikki davlat aloqalarni chuqurlashtirish uchun qanday imkoniyatlari borligini oʻrganadi. Yangi imkoniyat va loyihalar haqida batafsil maʼlumot beribgina qolmay, kelajakdagi erishish mumkin boʻlgan natijalarni muhokama qiladi.
Maqolada O‘zbekistonning so‘nggi yillarda barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlari, jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, chiqindilarni qayta ishlash darajasini oshirish va qonunchilik tashabbuslari tahlil etilgan. Moliyaviy rag‘batlantirishning muvaffaqiyatli amaliyotini ko‘rsatuvchi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSH, Xitoy, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarning xalqaro tajribasi taqdim etilgan. Maqolada milliy “yashil fond”ni yaratish, imtiyozli kreditlash dasturlarini ishlab chiqish, ta’lim tashabbuslari va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi qayta tiklanadigan energiya ulushini oshirish, CO₂ chiqindilarini kamaytirish va ekologik toza sanoatda yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.