Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasi tovar bozorida tovar-moddiy resurslar harakatining 2015–2024 yillar davomidagi holati, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va tashqi savdo tarkibi qiyosiy hamda statistik tahlil usullari orqali yoritildi. Tadqiqotning asosiy maqsadi tovar bozoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni baholash, logistika va import qaramligi bilan bog'liq mavjud muammolarni aniqlash hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘rganilayotgan davrda mamlakat YaIM hajmi 72.6% ga, tashqi savdo aylanmasi esa 177% ga oshgan. Shuningdek, raqamli savdo hajmi yillik o‘rtacha 40.2% ga o‘sib, tovar bozorining eng istiqbolli segmentiga aylandi. Shu bilan birga, eksport tarkibida xom ashyo ulushining yuqoriligi, logistika xarajatlarining kattaligi va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy disparitet (Toshkent shahri va Qoraqalpog'iston o‘rtasida 6.3 baravarlik farq) kabi tizimli muammolar saqlanib qoldi. Tadqiqot xulosasida import o‘rnini bosish siyosatini takomillashtirish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish va mintaqaviy tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada o‘zini o‘zi tashkil etuvchi savdo tizimida muvozanat holatini boshqarishda investitsiya oqimining ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda investitsiya oqimining iqtisodiy tizimlarga ta’siri, uning turli shakllari hamda savdo tizimining dinamikasiga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, tizimga ta’sir etuvchi uzluksiz va diskret omillar sinflashtirilib, stoxastik differensial tenglama orqali model ishlab chiqilgan. Hamilton–Jakobi–Bellman tenglamasi asosida investitsiya oqimining optimal qiymatini aniqlash metodologiyasi taklif etilgan. Olingan natijalar iqtisodiy tizimlarni prognozlash, resurslarni optimal taqsimlash va bozor strategiyalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida yoqilg‘i-energetika resurslari (YER) iste’moli tuzilmasi va energiya samaradorligi bo‘yicha qiyosiy tahlil o‘tkazilgan. 2024-yil statistik ma’lumotlari asosida hududlararo sezilarli nomutanosibliklar aniqlangan: energiya samaradorligi ko‘rsatkichi Andijon viloyatida 1,3%dan Toshkent viloyatida 8,0%gacha farqlanadi. Qator hududlarda (Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo viloyati) energiya samaradorligining yuqori darajasi qazib olinadigan yoqilg‘iga yuqori darajada bog‘liqlik (73%dan ortiq) bilan uyg‘unlashgani aniqlangan bo‘lib, bu ekologik barqarorlik uchun xavflar keltirib chiqaradi. Klaster tahlili asosida iste’mol profillari o‘xshash bo‘lgan hududlar guruhlari shakllantirilgan hamda har bir guruh uchun differensial siyosiy chora-tadbirlar taklif etilgan. Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya balansini diversifikatsiya qilish va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish sharoitida raqamli yechimlarni integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqolada Qoraqalpogʻiston Respublikasida gastronomik turizmning rivojlanishi, uning imkoniyatlari, bugungi kunda turizm sohasi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, qoraqalpoq gastronomik turizm resurslari, qolaversa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun gastronomik turlarini ishlab chiqish, turistik dasturlarni yaratish tahlili olib borilgan. Bunda asosiy eʼtibor qoraqalpoq gastronomik turizm resurslariga tegishli milliy taomlarni targʻib qilish, uni turizm dasturlariga kiritish, turistlarni jalb qilish kabilar keltirib oʻtilgan. Bundan tashqari, qoraqalpoq gastronomik turizmining rivojlanishiga taʼsir etuvchi omillar hamda baʼzi tavsiyalar mushohada qilingan. Shuningdek, muallif tomonidan izlanishlar asosida “Qalʼalar saltanati – Qoroqalpogʻiston”mavzusidagi 4 kecha 5 kunlik tur va uning hisob-kitobi tuzib chiqilgan.
Ushbu maqolada Qoraqalpog'iston, O'zbekiston mintaqasidagi mehmonxona ob'ektlarining kam bandligi muammosi ko'rib chiqiladi. Tadqiqot ushbu muammoni hal qilishning turli strategiyalari va yondashuvlarini, jumladan marketing tashabbuslari, xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va hamkorlikni mustahkamlashni ko'rib chiqadi. Muallif mintaqada turizmni rivojlantirishga hissa qo'shishi mumkin bo'lgan mehmonxonalar bandligini oshirishga kompleks yondashuvni taklif etadi.