Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda 2021-yildan boshlab Markaziy bank tomonidan rasman qo‘llanilayotgan inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosati transmissiya mexanizmi muhokama qilinadi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, asosiy qayta moliyalash stavkasi moliyaviy tizim orqali ishlab chiqarish hajmi va narxlarga ta’sir ko‘rsatadi. Bunda 2010–2023-yillarni qamrab olgan choraklik ma’lumotlar asosida Vektor Avtoregressiya (VAR) va Strukturaviy Vektor Avtoregressiya (SVAR) usullaridan foydalanilgan. Natijalar foiz stavkasi kanali eng samarali transmissiya kanali ekanini, undan keyin valyuta kursi kanali kelishini, kredit kanalining esa bank sektoridagi tarkibiy zaifliklar sabab cheklanganligini ko‘rsatadi. Pul-kredit siyosati shoklari 12 oylik ufqda inflyatsiya dispersiyasining qariyb 18–22 foizini izohlaydi. Asosiy to‘siqlar sifatida dollarizatsiya, davlat ulushi yuqori bo‘lgan bank sektori, moliyaviy vositachilikning samarasizligi va moliyaviy savodxonlikning past darajasi qayd etilgan. Siyosiy tavsiyalar qatoriga fiskal siyosatni muvozanatlashtirish, moliyaviy sektor islohotlarini jadallashtirish hamda Markaziy bank kommunikatsiyasini kuchaytirish kiradi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining shakllanishi, uning evolyutsion rivojlanish bosqichlari va zamonaviy iqtisodiy islohotlar sharoitidagi istiqbollari tahlil qilinadi. Tadqiqotda bank tizimining mustaqillik yillaridagi transformatsiyasi, xususan, 2017-yildan keyingi davrda amalga oshirilgan tub islohotlar, banklarning xususiylashtirilishi va raqamli transformatsiyasi batafsil yoritilgan. Bank tizimi barqarorligini ta'minlovchi makroiqtisodiy omillar, kapital yetarliligi va aktivlar sifati statistik ma'lumotlar asosida tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada bank xizmatlari bozorini liberallashtirish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik va sohaga zamonaviy fintex texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilinadi. Tadqiqot natijasida O‘zbekiston bank tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada tijorat banklarda FinTech strategiyalari rivojlanishining asosiy yo’nalishlari O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan banklar misolida keltirilgan. FinTech strategiyalarining asosiy yo’nalishlaridan raqamli to'lov tizimlari, sun’iy intellekt (AI) va ma'lumotlarni tahlil qilish, blokcheyn, bank mobil ilovalar, raqamli banklar va FinTech startaplar keltirilgan. Shuningdek, ularning qo’llanilishi natijasida banklarda bo’lgan o’zgarishlar O’zbekiston Respublikasi Markaziy bank ma’lumotlariga asoslangan holda tahlil qilingan. Bunda banklarda 2001 yildan 2024 yil 1 avgust holatigacha bo’lgan davrdagi muomaladagi plastik kartalar, banklar tomonidan o’rnatilgan to’lov terminallari, bankomatlar, infokiosklar, bank ilovalari, raqamli banklar to’g’risida ma’lumotlar grafik usulida keltirilib tahlil qilingan.
Ushbu maqolada bugungi kunda globallashuv sharoitida tijorat banklarining likvidliligini taʼminlash, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi rolini oshirish, milliy iqtisodiyotdagi to‘lovlarning uzluksizligini taʼminlashning zaruriyati bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar berilgan.
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 23 iyulida qabul qilingan “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora tadbirlari toʻgʻrisidagi”gi PQ-4400 sonli Qarorida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan aholi moliyaviy savodxonligini oshirish sohasidagi ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda aholi moliyaviy xizmatlar ommabopligini kengaytirishni va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishni, moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni nazarda tutuvchi “Moliyaviy ommaboplikni oshirishning milliy strategiyasi”ni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2021-2023 yillarga moʻljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi ishlab chiqildi. Mazkur strategiyada mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadlarini oʻstirish, kambagʻallikni qisqartirishning muhim vositasi sifatida aholi moliyaviy savodxonligini oshirish masalalariga alohida urgʻu berilgan. Shundan kelib chiqqan holda mazkur monografik tadqiqotda aholi moliyaviy savodxonligini oshirish masalalari ilmiy-uslubiy jihatdan tahlil qilingan va bu borada amaliy taklif-tavsiyalar ishlab chiqilgan
Bugungi kun dolzarb masalalardan biri bu eksport-import operatsiyalar bilan hisob-kitoblarni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘lib hisoblanadi. Mamlakatimizda so‘ngi yillarda qabul qilingan bir qator qarorlar, nizomlar, Markaziy bank yo‘riqnomalari eksport-import operatsiaylar bilan hisob-kitoblarni yangi pog’onaga chiqarish vazifalarni belgilab beradi. Maqolada eksport-import operatsiyalari hisobi mazmun mohiyati va hisobini tashkil etish xususiyatlari va ular hisobini takomillashtirish bo’yicha xulosa va takliflar keltirilgan.
Ushbu maqolada jahon moliya bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotgan va barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etgan islomiy banklar uchun qonunchilik asosini yaratishning ayrim mamlakatlardagi tajribasi oʻziga xos jihatlari koʻrib chiqilgan. Davlat tuzilishi Oʻzbekistonga yaqin boʻlgan, demokratik tizimni iroda qilgan Tojikiston hamda Qozogʻiston singari qoʻshni davlatlar hamda bu boradagi jahon tajribasiga doir ilmiy mulohazalar bayon etilgan. Islomiy bank qonunchilik asosini yaratishga kirishgan mamlakat eʼtibor berishi lozim boʻlgan ayrim nuqtalar yoritib berilgan. Yetakchi mamlakatlarda qonunchilikka kiritilgan bu boradagi oʻzgarishlar qanday samara berayotgani tadqiq etilgan
Maqola O‘zbekiston tijorat banklarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bunda aktivlar rentabelligi (ROA) ko‘rsatkichiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilingan. Markaziy bankning ma’lumotlari asosida kredit portfelining o‘sishi va jismoniy shaxslar kreditlari ulushining oshishi tahlil qilingan. Maqolada faoliyat samaradorligini oshirishning asosiy drayverlari sifatida kredit risklarini qat’iy boshqarish, foiz marjasini optimallashtirish, raqamli texnologiyalar orqali operatsion xarajatlarni optimallashtirish va qimmatli qog‘ozlar hisobiga aktivlarni strategik diversifikatsiya qilish zaruriyati asoslangan.
Maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlarining JSTga a’zo bo‘lishi loyiha boshqaruvi tizimlari rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatganligi tahlil qilinadi. Tadqiqotning dolzarbligi O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayonida institutsional islohotlarni loyiha boshqaruvi bilan uyg‘unlashtirish zarurati bilan belgilanadi. Metodologik asos sifatida sifatli qiyosiy tahlil, keys-stadi va OECD, JST, XVJ hamda Jahon banki materiallari kontent-tahlili qo‘llanilgan. Natijalar Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istonda bojxona tartibotlarini raqamlashtirish, “yagona darcha”, elektron xaridlar va muvofiqlik nazorati kuchayganini ko‘rsatdi. Muallifning ilmiy va amaliy hissasi O‘zbekiston uchun loyiha monitoringi, e-xaridlar va JST talablarini integratsiyalash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilganidadir.