Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
O‘zbekiston mehmonxona sohasi tez sur’atlar bilan kengayib bormoqda, ayniqsa, Toshkent, Samarqand va Buxoroda mehmonxonalar soni sezilarli darajada oshdi. Mamlakatning barqaror rivojlanish sa’y-harakatlari doirasida Atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillari tartibga soluvchi hujjatlar va biznes amaliyotlariga integratsiya qilinmoqda. Ushbu maqola O‘zbekiston mehmonxona sohasida ESGni joriy etishning hozirgi holati, milliy siyosatning ta’siri va ESG strategiyalarini amalga oshirishning afzalliklarini o‘rganadi. Adabiyotlar sharhida global ilg‘or tajribalar va ESG talablariga rioya qilishning moliyaviy ustunliklari ko‘rsatilgan. Tadqiqot ESGni joriy etish muammolarini tahlil qiladi va O‘zbekiston mehmonxona sohasida barqarorlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi.
Ushbu maqolada davlat ulushi mavjud xo‘jalik yurituvchi subyektlarda korrupsiya xatarlarini kamaytirishda korporativ boshqaruv tizimining institutsional jihatlari tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba, jumladan OECD tamoyillari, ESG indikatorlari va ilg‘or xorijiy davlatlar amaliyoti asosida kuzatuv kengashlarining mustaqilligi, ichki va tashqi audit tizimlarining samaradorligi, shaffoflik darajasi va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish mexanizmlari ilmiy asosda o‘rganilgan. Tadqiqot doirasida tizimli tahlil, taqqoslovchi metod va empirik uslublar yordamida O‘zbekistonning yirik davlat ishtirokidagi kompaniyalaridagi boshqaruv amaliyotlari tahlil etilib, takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilgan.