Mazkur maqolada O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi tizimini joriy etishning huquqiy asoslari, metodologiyasi va dastlabki natijalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi reyting tizimining mazmun-mohiyatini, baholash mezonlaridagi o‘zgarishlarni va ularning soliq intizomi hamda biznes muhiti barqarorligiga ta’sirini aniqlashdan iborat. Metodologik jihatdan deskriptiv va analitik tahlil, xalqaro tajriba bilan qiyosiy yondashuv, diagnostik baholash hamda raqamli monitoring usullari qo‘llanilgan. Davlat soliq qo‘mitasi axborot tizimlari, rasmiy statistik ma’lumotlar va normativ-huquqiy hujjatlar empirik baza sifatida foydalanilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, barqarorlik reytingi joriy etilgach, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, hisobotlarni kechiktirmasdan topshirish, elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanish, ish bilan bandlik va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar bandligi sezilarli darajada oshgani aniqlangan. Shuningdek, reyting mezonlarini 30 kunlik o‘rtacha ball asosida hisoblash, yangi rag‘batlantiruvchi va kamaytiruvchi indikatorlarni joriy etish tizimning shaffofligi va selektiv fiskal boshqaruv imkoniyatlarini kengaytirgani asoslab beriladi. Muallif reyting tizimini sohaviy va hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda yanada takomillashtirish, shuningdek banklar, investorlar va davlat xaridlari amaliyotida faol qo‘llash bo‘yicha takliflar ilgari suradi.