Mazkur maqolada milliy buxgalteriya hisobi tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish yoʻnalishlari kompleks tarzda tadqiq etilgan. Xususan, IFRS, CAS va AAOIFI standartlarining nazariy asoslari, qoʻllanilish xususiyatlari va ularning milliy hisob tizimiga taʼsiri qiyosiy tahlil qilingan. Tadqiqotda xalqaro standartlarni joriy etishga oid ilmiy qarashlar iqtisodiy, institutsional va geoiqtisodiy yondashuvlar nuqtayi nazaridan tizimlashtirilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston buxgalteriya tizimining hozirgi holati xalqaro modellar bilan solishtirilib, uning gibrid xususiyatga egaligi asoslab berilgan. Maqolada xalqaro standartlarga oʻtish jarayonini bir yoʻnalishli islohot sifatida emas, balki iqtisodiy, strategik va ijtimoiy omillarni qamrab olgan kompleks transformatsiya sifatida baholash zarurligi ilmiy jihatdan asoslangan. Shu asosda milliy hisob tizimini takomillashtirish boʻyicha konseptual yondashuvlar, jumladan, asosiy savdo hamkorlariga moslashish, mintaqaviy integratsiya va islom moliyasi tamoyillarini hisobga olishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya vositalarini qo‘llash jarayonining metodologik asoslari, ularni takomillashtirish yo‘nalishlari va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish masalalari tahlil qilindi. AAOIFI va IFSB standartlari, shuningdek Malayziya, BAA va Turkiya kabi rivojlangan islom moliya bozorlarining tajribasi O‘zbekiston amaliyoti bilan solishtirildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, islom moliya vositalarining joriy etilishi huquqiy, institutsional, metodik va audit jarayonlarini takomillashtirishni talab etadi. Xususan, mahsulot dizayni, shariatga muvofiqlik, risk-menejment, soliq mexanizmlari va islomiy audit bo‘yicha mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish sektorning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada Qatar iqtisodiyotida islom moliyasining o‘rni, Qatarda joylashgan islom moliya muassasalari, jumladan, islom banklari, islom sug‘urta kompaniyalari va ularda amal qilinuvchi moliyaviy hisob standartlari haqida so‘z boradi. Qatarda qo‘llanilgan moliyaviy hisob standartlarining qonuniy asoslari yoritiladi. Qatar qonunchiligidagi tijorat tashkilotlari va islom moliya muassasalariga nisbatan moliyaviy hisobni qo‘llash qoidalari ko‘rib chiqiladi va mamlakatda qanday qilib ikki xil moliyaviy hisob standartlaridan foydalanilganligi ochib beriladi.
Ushbu maqolada islom moliya tashkilotlari faoliyati samaradorligining iqtisodiy mohiyati, uning zamonaviy moliya tizimidagi o‘rni hamda real sektorni moliyalashtirishdagi ahamiyati ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari — ribo, g‘arar va maysirning taqiqlanishi, real aktivlarga tayanish, foyda va zararlarni adolatli taqsimlash hamda moliyaviy operatsiyalarning shariat talablariga muvofiqligi yoritilgan. Shuningdek, islomiy moliyalashtirish vositalari hisoblangan mushoraka, mudoraba, murobaha, ijara, salam, istisno, sukuk, qarzi hasana va takoful kabi instrumentlarning iqtisodiy mazmuni, ishlash mexanizmi, risk va daromadlilik xususiyatlari ochib berilgan. Tadqiqotda islom moliya tashkilotlarining moliyaviy inklyuzivlikni kengaytirish, kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, investitsion loyihalarni moliyalashtirish hamda tizimli moliyaviy xatarlarni kamaytirishdagi roli asoslangan. Xalqaro AAOIFI va IFSB standartlari islom moliya institutlari faoliyatining huquqiy, buxgalteriya va prudensial asoslarini shakllantirishda muhim metodologik manba sifatida baholangan. Maqolada islom moliyaviy vositalarining samaradorligi ularning risklarni taqsimlash, aktiv bilan ta’minlanganlik, ijtimoiy mas’uliyat va barqaror iqtisodiy rivojlanishga xizmat qilish xususiyatlari orqali namoyon bo‘lishi ilmiy asoslangan.