Ushbu maqolada aholini uy-joy bilan ta’minlash darajasiga ta’sir etuvchi ijtimoiy va iqtisodiy omillar tizimlashtirilgan holda o‘rganiladi. Ishda daromad darajasi, bandlik holati, oila tarkibi, urbanizatsiya jarayonlari, ipoteka kreditlari mavjudligi, uy-joy narxlari, davlat siyosati va subsidiyalar, demografik o‘zgarishlar, infratuzilma rivojlanishi kabi asosiy omillar guruhlashtiriladi. Tadqiqot natijalari ushbu omillarning o‘zaro bog‘liqligi va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashdagi ta’sir darajasini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, davlat siyosatini shakllantirish va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun amaliy tavsiyalar berishga xizmat qiladi
Mazkur maqolada Samarqand viloyatidagi bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari va unga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Tahlillar uchun 2024-yilda 300 nafar fermerlardan olingan so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalanilgan. Tadqiqotda ikki bosqichli metodologik yondashuv qo‘llanilgan: birinchi bosqichda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasini qo‘llagan holda har bir fermer uchun texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, ikkinchi bosqichda esa Tobit regressiya orqali samaradorlikka ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional omillar baholangan. Natijalarga ko‘ra, o‘rtacha texnik samaradorlik darajasi 0.868 ekanligi aniqlandi. Bu fermerlarda mavjud resurslar hisobiga hosildorlikni 13% ga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi. Tobit modeli natijalariga ko‘ra, oila a’zolari soni, daraxt ekish amaliyotini qo‘llash va o‘g‘itlardan foydalanish erkinligi samaradorlikka ijobiy, klasterga a’zolik esa salbiy va statistik jihatdan muhim ta’sirga ega bo‘lgan omillar ekanligi ilmiy asoslandi. Tadqiqot natijalari texnik samaradorlikni oshirish uchun resurslardan foydalanishni liberallashtirish, ekologik amaliyotlarni rag‘batlantirish va institutsional tuzilmalarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.