Islom darchasi – an’anaviy banklar ostida islom moliyasi tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi bankning alohida filiali, bo’limi yoki sho’ba firmasi hisoblanadi. Islom darchasi asosan islom banki faoliyati uchun huquqiy baza bo’lmagan sharoitda, ma’lum qonunlar doirasida biron bir tijorat bankiga bo’ysungan holda faoliyat yuritadi. Biz bu tadqiqotda 25 ga yaqin islom darchalariga doir yozilgan maqolalarni tahlil qildik. Tahlillarda asosan islom banki, islom darchasi va an’anaviy bank o’rtassidagi statistik tahlillar, ularning yutuqlari, kamchiliklari va xizmat ko’rsatish sifati to’g’risida ilmiy izlanish olib bordik va kerakli takliflarni berdik.
Ushbu maqolada islom moliyasi yaxshi rivojlangan, islom banklari va islom darchalari faoliyat yuritayotgan turli mamlakatlarning 2014-2024-yillardagi moliyaviy koʻrsatkichlari empirik tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari islom darchalarining mavjud infratuzilmadan foydalanish hisobiga yuqori operatsion samaradorlik va rentabellikka ega ekanligini koʻrsatgan. Bu natijalari orqali esa hozirgi Oʻzbekiston sharoitida qaysi islom bankchiligi ustuvor tanlovga mosligi aniqlangan. Xalqaro tajriba asosida Oʻzbekiston bank tizimida islom darchalarini joriy etish uchun maqbul benchmark koʻrsatkichlari va strategik tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada alternativ moliya tizimini an’anaviy moliya tizimiga integratsiyalash orqali dualistik moliya tizimida ishlovchi Malaziya, Indoneziya va Bangladesh kabi mamlakatlarning moliya bozori joriy holati tahlili qilinadi. Jumladan, ushbu maqolada asosiy e’tibor Malaziya, Indoneziya va Bangladeshning islomiy va an’anaviy banklarining mamlakat moliya bozoridagi ishtirokining qiyosiy tahliliga qaratilgan bo‘lib, bunda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sektorini moliyalashtirish holati, investitsiyalar jalb qilish va boshqa xizmat ko‘rsatish faoliyati turlarining holati tadqiq etiladi. Ushbu tadqiqotni olib borishda asosan miqdoriy yondashuvdan foydalanilgan.
Ushbu maqolada jahon moliya bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotgan va barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etgan islomiy banklar uchun qonunchilik asosini yaratishning ayrim mamlakatlardagi tajribasi oʻziga xos jihatlari koʻrib chiqilgan. Davlat tuzilishi Oʻzbekistonga yaqin boʻlgan, demokratik tizimni iroda qilgan Tojikiston hamda Qozogʻiston singari qoʻshni davlatlar hamda bu boradagi jahon tajribasiga doir ilmiy mulohazalar bayon etilgan. Islomiy bank qonunchilik asosini yaratishga kirishgan mamlakat eʼtibor berishi lozim boʻlgan ayrim nuqtalar yoritib berilgan. Yetakchi mamlakatlarda qonunchilikka kiritilgan bu boradagi oʻzgarishlar qanday samara berayotgani tadqiq etilgan