Mazkur maqolada iqtisodiyot tarmoqlarining raqamli transformatsiyasi jarayonida generativ sun’iy intellektning o‘rni, xususan, uni joriy etish samaradorligini baholash hamda texnologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda generativ sun’iy intellekt ishlab chiqarish, moliya, logistika, davlat boshqaruvi va boshqa tarmoqlarda mehnat unumdorligini oshirish, operatsion tezlikni jadallashtirish, qaror qabul qilish sifatini yaxshilash hamda innovatsion salohiyatni kuchaytirishda strategik vosita sifatida namoyon bo‘layotgani asoslab berilgan. Shu bilan birga, uning afzalliklari bilan bir qatorda ma’lumotlar sizib chiqishi, modeldan noto‘g‘ri foydalanish, shaxsiy daxlsizlik buzilishi, ishonchsiz natijalar va kiberxavfsizlikka oid zaifliklar kabi jiddiy texnologik xatarlar ham mavjudligi ta’kidlangan. Tadqiqot OECD, Jahon banki, NIST hamda tarmoqqa oid ochiq manbali ilmiy va institutsional adabiyotlarning sifatli qiyosiy tahliliga asoslangan. Natijalar generativ sun’iy intellekt samaradorligini iqtisodiy ko‘rsatkichlar va texnologik xavfsizlik mezonlarini birlashtirgan ikki tomonlama yondashuv asosida baholash zarurligini ko‘rsatadi. Xulosa sifatida, ushbu texnologiyani barqaror joriy etish uchun nafaqat raqamli infratuzilma va tashkiliy moslashuv, balki kuchli boshqaruv mexanizmlari, inson nazorati hamda uzluksiz risk monitoringi talab etilishi qayd etilgan.
Maqola bank sektori faol ravishda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish sharoitida uning transformatsiyasini tahlil etishga bag‘ishlangan. Unda bank faoliyatida SI qo‘llanilishining asosiy yo‘nalishlari operatsion jarayonlarni avtomatlashtirish, intellektual risk-menedjment, mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni shaxsiylashtirish va innovatsion moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirish kabi jihatlar ko‘rib chiqiladi. Ayniqsa, SI an’anaviy bank biznes-modellari qanday o‘zgarayotganiga, banklarning raqobatbardoshligini oshirishiga va moliya bozorida yangi strategik ustunliklarni shakllantirishiga alohida e’tibor qaratilgan. Raqamli transformatsiya bilan bog‘liq chaqiriqlar va xatarlar kiberxavfsizlik, SI’dan foydalanishning etik jihatlari, shuningdek, tartibga soluvchi talablarga rioya etish masalalari tahlil qilingan. Xulosa o‘rnida aytilishicha, SI texnologiyalarining bank tizimiga integratsiyasi uning barqaror rivojlanishi va global raqobatbardoshligi uchun ajralmas shartga aylanmoqda.