Ushbu maqolada mahalla institutlarining bandlikni ta’minlashdagi amaliy roli, mavjud tashkiliy va institutsional mexanizmlarning samaradorligi hamda ularni takomillashtirish zarurati ilmiy asosda tahlil qilinadi. Mahalla kesimida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari mahalla faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari orasida bandlik masalasining yetarli darajada markazlashmaganini va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashabbuslarning tizimlashtirilmaganligini ko‘rsatdi. Tadqiqot doirasida mahalla institutlarining diagnostika, kasbga tayyorlash, o‘z-o‘zini band qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy resurslarni safarbar qilish va monitoring kabi funksiyalarni integratsiyalashgan tizim sifatida shakllantirish bo‘yicha institutsional-tashkiliy mexanizm ishlab chiqildi. Taklif etilgan mexanizm mahalla boshqaruvining bandlikni ta’minlashdagi salohiyatini kuchaytirishga, uy xo‘jaligi bizneslarini rivojlantirishga hamda hududiy mehnat bozorini jonlantirishga xizmat qiladi.
O‘ZBEKISTONDA TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINING BARQARORLIK REYTINGINI JORIY ETISH ASOSLARI, METODOLOGIYA VA NATIJALAR TAHLILI
Zafarbek Abdullayev
Mazkur maqolada O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi tizimini joriy etishning huquqiy asoslari, metodologiyasi va dastlabki natijalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi reyting tizimining mazmun-mohiyatini, baholash mezonlaridagi o‘zgarishlarni va ularning soliq intizomi hamda biznes muhiti barqarorligiga ta’sirini aniqlashdan iborat. Metodologik jihatdan deskriptiv va analitik tahlil, xalqaro tajriba bilan qiyosiy yondashuv, diagnostik baholash hamda raqamli monitoring usullari qo‘llanilgan. Davlat soliq qo‘mitasi axborot tizimlari, rasmiy statistik ma’lumotlar va normativ-huquqiy hujjatlar empirik baza sifatida foydalanilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, barqarorlik reytingi joriy etilgach, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, hisobotlarni kechiktirmasdan topshirish, elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanish, ish bilan bandlik va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar bandligi sezilarli darajada oshgani aniqlangan. Shuningdek, reyting mezonlarini 30 kunlik o‘rtacha ball asosida hisoblash, yangi rag‘batlantiruvchi va kamaytiruvchi indikatorlarni joriy etish tizimning shaffofligi va selektiv fiskal boshqaruv imkoniyatlarini kengaytirgani asoslab beriladi. Muallif reyting tizimini sohaviy va hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda yanada takomillashtirish, shuningdek banklar, investorlar va davlat xaridlari amaliyotida faol qo‘llash bo‘yicha takliflar ilgari suradi.
Mazkur maqolada tashkilotlarda boshqaruv tizimining zamonaviy muammolari va ularning shakllanish omillari tizimli yondashuv asosida tahlil qilingan. Globallashuv, raqamli transformatsiya va raqobat muhitining kuchayishi sharoitida yuzaga kelayotgan tashkiliy, iqtisodiy, ijtimoiy-psixologik, texnologik hamda strategik muammolar boshqaruv tizimining tarkibiy quyi tizimlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijasida boshqaruv tuzilmasini optimallashtirish, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish, inson resurslari salohiyatini rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish boshqaruv tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari sifatida asoslab berilgan.