Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Ушбу мақолада замонавий капитал бозорининг самарадорлигига оид турли назарий асослар ва методологик ёндашувлар таҳлил қилинган. Шунингдек, капитал бозорида хавфларни баҳолаш ва башорат қилишдаги ноаниқликларнинг объектив сабаблари танқидий ўрганилган ҳамда “behavioral” хулқ-атворий молия, адаптив бозор гипотезаси, бозор микроструктураси каби назарияларнинг пайдо бўлиши янги методологик ёндашувлар сифатида талқин этилган.
Ushbu maqolada tijorat banklarida yashil moliya mahsulotlarini rivojlantirish va innovatsion mahsulotlar yaratish istiqbollari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yashil kreditlar, ESG investitsiyalari va yashil obligatsiyalar banklar faoliyatida ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi. Shuningdek, banklarda ekologik risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish, davlat va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik, yosh xodimlar va innovatsion g‘oyalarni jalb qilish ham muhim strategik yo‘nalishlar sifatida aniqlangan.
Мақола иқтисодий ночор корхоналарнинг молиявий ҳолатини тизимли баҳолаш ва уларни барқарор ривожлантиришга қаратилган амалий ёндашувни таклиф этади. Тадқиқотда ликвидлик, тўлов қобилияти, молиявий барқарорлик, фаолият ва активлар рентабеллиги каби кўрсаткичлар асосида диагностик модел тузилади. Муаллиф банкротлик хавфини баҳолаш учун прогноз баланс, пул оқимлари бюджети ва даромад-ҳаражатлар бюджетини ўзаро боғлиқ ҳолда қўллашни, нарх-ҳамкорлик тузилмасини қайта кўриб чиқиш, харажатларни оптималлаштириш, айланма активларни тезлик ва қайтариш имкониятига кўра қайта таркиблаштиришни таклиф қилади. Мақола натижалари ночор корхоналарда молиявий соғломлаштиришни тезкор бошлаш ва узоқ муддатли рақобатбардошликка эришиш учун методик асос бўлиб хизмат қилади.
Mazkur maqolada tijorat banklarida muammoli kreditlarning yuzaga kelish omillari hamda ularning bank aktivlari sifatiga ta’siri yoritilgan. Tadqiqot davomida muammoli kreditlarning shakllanishiga olib keluvchi mikro va makro omillar tizimli ravishda tahlil qilindi. Shuningdek, muammoli kreditlarni samarali boshqarish va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan strategiyalar ko‘rib chiqildi. Maqolada ta’kidlanishicha, muammoli kreditlarning o‘sishi banklarning moliyaviy barqarorligi va rentabelligiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ularni boshqarishda maxsus bo‘linmalar faoliyati, qarz oluvchilar moliyaviy holatini baholash va qayta restrukturizatsiya kabi usullar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarini soliqqa tortish tizimini takomillashtirishning nazariy va amaliy masalalari yoritilgan. Soliq siyosatini liberallashtirish, soliqqa tortish mexanizmlarini soddalashtirish hamda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish orqali tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘llari tahlil qilingan. Shuningdek, kichik va o‘rta biznes subyektlarining soliqqa tortilishida mavjud muammolar, ularni bartaraf etishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari hamda xorijiy tajriba asosida takomillashtirish yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan.Tadqiqot natijalari tadbirkorlik subyektlari uchun qulay soliq muhiti yaratish, soliqqa tortishning shaffofligini ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan takliflarni o‘z ichiga oladi.
Mazkur maqolada mamlakatda soliq sohalarida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni takomillashtirishda hududlararo soliq inspeksiyasini o‘rni va ahamiyati yoritilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston soliq tizimida mahallabay ishi tashkil etishni amalga oshirilayotgan ayrim muhim islohotlar o‘rganilib, xorij tajribasi, mamlakatimizda uni qo‘llash bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Maqolada islomiy bank tizimining real iqtisodiyot sektoriga investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishdagi roli ko‘rib chiqiladi. Shariat tamoyillariga asoslangan islomiy moliyaviy institutlar risklarni adolatli taqsimlash, bitimlarning shaffofligini ta’minlash hamda haqiqiy iqtisodiy qiymatga ega loyihalarga yo‘naltirilishi bilan ajralib turadi. Nazariy asoslar va islomiy moliya tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasi tahlili asosida islomiy bank tizimi nafaqat ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilishga, balki moliyaviy sektor barqarorligini oshirishga ham xizmat qilishi aniqlangan. Alohida e’tibor O‘zbekistonda islomiy bank tizimini joriy etish istiqbollariga qaratilib, bu kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish va bank tizimiga ishonchni mustahkamlash omili sifatida ko‘rib chiqiladi
Ushbu tadqiqot sanoat korxonalarining samaradorligini oshirishda innovatsion loyihalarni boshqarish tizimining rol va ahamiyatini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda innovatsion loyihalarni boshqarish tizimining o‘ziga xos mohiyati zamonaviy sanoat sharoitidagi noaniqlik va yaratuvchilik muhitida faoliyat yuritish xususiyatlari orqali ochib berilgan. Har bir innovatsiya turining davomiyligi, xavf darajasi va kutilgan natijalari qiyosiy tahlil qilingan. Tadqiqot natijalarida innovatsion loyihalarni boshqarish tizimining sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish, yangi bozorlarni egallash, mahsuldorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish orqali uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdagi strategik roli isbotlangan. Ishda zamonaviy globallashuv sharoitida innovatsion loyihalarni professional boshqarish qobiliyatining sanoat korxonalari uchun hayotiy zaruriyat ekanligiga xulosa qilingan.
Maqola islomiy moliya vositalaridan foydalanish tajribasi va amaliy tahliliga bag‘ishlangan bo‘lib, muvaffaqiyatli loyihalar tahlili asosida yondashuvni yoritadi. Unda mudoraba, mushoraka, sukuk va ijara kabi vositalarning infratuzilma, energetika hamda biznes loyihalarida qo‘llanishi o‘rganiladi. Xalqaro tajribada, xususan Malayziya va Yaqin Sharq mamlakatlarida erishilgan natijalar tahlil qilinib, ushbu instrumentlar an’anaviy kreditlarga muqobil bo‘lib, risklarni bo‘lishishga asoslangan va barqaror moliyalashtirish imkonini berishi ko‘rsatib o‘tiladi. O‘zbekiston sharoitida ham ularni joriy etish istiqbollari muhokama qilinadi.
Ushbu maqolada buxgalteriya hisobi obyekti va moliyaviy hisobot elementi sifatida sugʻurta zaxiralari tavsifi va tasniflanishi tadqiq qilib oʻrganilgan. Jumladan, sugʻurta zaxiralari tushunchasiga mualliflik yondashuvi ishlab chiqilgan hamda ulardan foydalanish mezonlari boʻyicha tasniflab berilgan holda xulosalar shakllantirilgan.
Maqolada O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (PPP) mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba va ularni milliy sharoitga moslashtirish imkoniyatlari chuqur tahlil qilingan. Xususan, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Kanada, Avstraliya, Singapur, Malayziya, Hindiston, BAA va Janubiy Koreya tajribasi asosida ularning afzalliklari, kamchiliklari, risklarni boshqarish mexanizmlari va institutsional asoslari ko‘rib chiqilgan. Maqola davomida O‘zbekiston sharoitida PPP loyihalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar, mavjud imkoniyatlar, moliyaviy va huquqiy asoslar chuqur tahlil qilinib, PESTEL va SWOT tahlillar keltirilgan. Shuningdek, maqolada statistik ma’lumotlar asosida turizm sohasida investitsiya hajmlari, ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sifatini oshirishga PPPning ta’siri yoritilgan. Natijada, davlat, xususiy sektor va xalqaro hamkorlik uchun 10 ta aniq taklif ishlab chiqilgan.
Soʻnggi yillarda ipoteka kreditlari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, kapital bozorining muvvaqiyatli rivojlanishi, shu jumladan ipoteka va sugʻurta tizimisiz mumkin emas. Shu nuqtai nazardan ushbu mavzu hamisha dolzarb va tadqiqotchilarning diqqat eʼtiboridadir. Ushbu maqolada ipoteka sugʻurtasi tushunchasi, uning asosiy turlari va amal qilish mexanizmlari tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada ushbu munosabatlarning turli ishtirokchilari uchun ipoteka sugʻurtasining asosiy afzalliklari koʻrsatib oʻtilgan.
Ushbu maqolada iqtisodiy tizimda logistik korporativ tuzilmalarda moliyaviy jarayonlarninig nazariy asoslarini oʻrganishga metodologik yondashuvni oʻrganilgan. Logistik jarayonlar tashqi savdo balansida strategik korporativ tuzilmalarga tobora koʻproq integratsiyalashganligi sababli, moliyaviy mexanizmlar ushbu industriyaninig barqarorligini, investitsion faoliyatini va operatsion samaradorlikni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Tadqiqotda moliyaviy nazariyani — kapital tuzilishi, risklarni boshqarish va qiymatni maksimallashtirishda logistika industriyasining muhim elementlarining ahamiyati baholangan. Korporativ moliya, taʼminot zanjiri nazariyasi va mikroiqtisodiy darajadagi dinamika haqida tushuncha berilgan.
Maqolada soliq maʼmurchiligidagi xalqaro tajriba asosan rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarning soliq maʼmurchiligining tashkil etilish shakllari hamda ushbu davlatlarda soliq maʼmurchiligi mexanizmining davlat byudjeti va iqtisodiyot rivojiga ta’sir etish omillariga alohida e’tibor qaratilgan. Bundan tashqari maqolada mamlakatimiz byudjet tizimini va iqtisodiyotini yanada takomillashtirish va yuqori bosqichga olib chiqishda rivojlangan davlatlarning soliq maʼmurchiligidagi tajribalarni qoʻllash boʻyicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Мақолада суғурта компанияларининг барқарор молиялаштиришнинг муҳим йўналиши сифатида яшил инвестицияларни ривожлантиришдаги роли кўриб чиқилган. Яшил инвестицияларнинг назарий асослари, асосий тамойиллари ва суғурта соҳасидаги асосий йўналишлари таҳлил қилинган. ESG мезонларини инвестиция амалиётига интеграция қилишда суғурта компаниялари дуч келадиган афзалликлар ва муаммоларга алоҳида эътибор қаратилган. Ҳисобот стандартларини бирлаштириш, рақамли технологияларни жорий этиш ҳамда мутахассисларнинг малакасини ошириш каби яшил инвестиция механизмларини такомиллаштириш бўйича тавсиялар берилган.
Ushbu maqola kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashning asosiy omillari va istiqbollari bo‘yicha ilmiy tahlilni taqdim etadi. Maqolada kichik biznes sub’ektlarining iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda zarur bo‘lgan ko‘rsatkichlar, jumladan moliyaviy barqarorlik, raqobatbardoshlik, texnologik innovatsiyalar, moliyaviy boshqaruv tizimi, raqamli xavfsizlik va bozor diversifikatsiyasi kabi faktorlar tahlil qilinadi. Tadqiqot ishida kichik biznes subyektlari uchun iqtisodiy xavfsizlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalar bayon etilgan.
Ушбу мақолада Ўзбекистондаги суғурта компаниялари учун капитал талабларини оптималлаштириш ёндашувлари ўрганилади. Мавжуд норматив-ҳуқуқий базалар ва халқаро стандартлар, жумладан Solvency II, таҳлил қилинади. Етарли даражада капитализацияланмаганлик билан боғлиқ хавфлар кўриб чиқилиб, капитал ва захираларни бошқариш механизмларини такомиллаштириш бўйича чоралар таклиф этилади. Тадқиқот илғор тартибга солиш тажрибаларини миллий суғурта бозорига мослаштиришга қаратилган бўлиб, унинг барқарор ривожланишини таъминлашга хизмат қилади.
Мақолада суғурта портфелининг суғурта компаниялари фаолиятидаги ўрни ва уни шакллантириш ҳамда бошқариш билан боғлиқ муаммолари таҳлил қилинган. Рискларни диверсификация қилиш, ликвидлик, рентабеллик ва тартибга солишга мувофиқлик каби асосий портфель функциялари кўриб чиқилган. Иқтисодий беқарорлик ва қонунчиликдаги ўзгаришлар шароитида активларни тақсимлашни оптималлаштириш ва рискларни прогноз қилишга алоҳида эътибор қаратилган. Активларни бошқаришнинг янги усулларини ишлаб чиқиш ва суғурта компанияларининг молиявий барқарорлигини ошириш учун илмий изланишлар муҳимлиги таъкидланган.
Ушбу мақолада банк тизимидаги депозитлар таркиби ва уларнинг молиявий барқарорликка таъсири таҳлил қилинди. Жисмоний ва юридик шахслар томонидан шакллантирилган депозитларнинг банклар учун ликвидлилик, хавф ва харажатлар нуқтайи назаридан қандай муаммоларни келтириб чиқариши ўрганилди. Тадқиқот давомида давлат улуши мавжуд банклар ва хусусий банклар ўртасидаги депозитларнинг тақсимланиши ва уларнинг иқтисодиётга таъсири кўриб чиқилди. Мақолада банк секторини барқарор ривожлантириш ва депозит ресурсларини самарали бошқариш бўйича амалий таклифлар ишлаб чиқилган.
Ushbu maqolada Oʻzbekistondagi sugʻurta kompaniyalari uchun kapital talablarini optimallashtirish yondashuvlari oʻrganiladi. Mavjud normativ-huquqiy bazalar va xalqaro standartlar, jumladan Solvency II, tahlil qilinadi. Yetarli darajada kapitalizatsiyalanmaganlik bilan bogʻliq xavflar koʻrib chiqilib, kapital va zaxiralarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha choralar taklif etiladi. Tadqiqot ilgʻor tartibga solish tajribalarini milliy sugʻurta bozoriga moslashtirishga qaratilgan boʻlib, uning barqaror rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Мақолада суғурта хизматлари бозорида компаниялар томонидан маҳсулотлар андеррайтинги жараёнлари маҳсулотлар турларидан келиб чиққан ҳолда ўрганилган. Суғурта маҳсулотларининг турларига қараб андеррайтингини амалга ошириш хусусиятлари таҳлил қилинган.
Суғурта компанияларининг инвестицион фаолияти молиявий барқарорликни таъминлаш ва компаниянинг иқтисодий ҳолатини яхшилаш учун муҳим аҳамиятга эга. Бундай фаолиятда рискларни бошқариш, ликвидликни таъминлаш, молиявий ва иқтисодий тизимларга мувофиқлик, шунингдек, технологик инновацияларга боғлиқдир. Шу билан бирга, суғурта компаниялари инвестицион фаолиятда диверсификация, рискларни минималлаштириш, ликвидликни таъминлаш ва стратегик мақсадларга мувофиқ қарорлар қабул қилиш орқали ўз барқарорлигини сақлашга интилишади. Уларнинг амалиётларида технологиялардан фойдаланиш, инновацион таҳлил воситаларини ишлатиш ва глобал иқтисодий шароитларга мослашиш муҳим омиллардан ҳисобланади.