Maqolada Yangi ishlab chiqarish munosabatlarining paydo bo'lish jarayonida iqtisodiy tizimlarda dualizmni rivojlanishi va bu davrda davlat o'z siyosati va institutlari ishlab chiqarishning yangi usullarini qo'llab-quvvatlashi va ularga yordam berishini ta'minlash maqsadida bir qancha iqtisodchi olimlar tomonidan o’rganilgnan dualistik moliya tizimiga xos bo'lgan metodologik muammolari o'rganilgan. Dualistik moliya tizimi iqtisodiyotda yuz beruvchi inqirozlar va ziddiyatli vaziyatlarning yuzaga kelishiga qanchalik ta’sir qilishi, xususan mahsulot ishlab chiqarish, raqobatbardoshlik va umumiy iqtisodiy farovonlikning barqaror yaxshilanishiga salbiy ta’siri muallif tomonidan o’rganilib, o’z munosabatlari bildirilgan. Ushbu munosabatlarga mamlakatlar va yillar kesimida bayon etilgan moliyaviy adabiyotlarni har tomonlama tahlil qilish bilan muallif o’z fikirlarini yanada mustaxkamlagan. Tadqiqot natijasiga ko’ra dualistik moliya tizimini ko’rib chiqish binobarida iqtisodiyotning ma’vjud muammolariga mualif tomonidan muhim hisoblangan takliflar keltirilgan. Maqolada dualitik moliya tizimida pul fondlarining shakillantrilishi, taqsimlanishi va foydalanishiga oid iqtisodiy munosabatlari o’rganilib ulardan foydalanish samaralariga urg‘u berilgan.
Ushbu maqolada qurilish materiallari sanoati korxonalarida ekologik investitsiyalarni hisobga olish tizimini takomillashtirish masalasi o‘rganilgan. Amaldagi buxgalteriya schyotlar tizimida ekologik xarajatlar umumiy ishlab chiqarish xarajatlari tarkibida aks ettirilishi ularni nazorat qilish va tahlil qilish imkoniyatlarini cheklashi aniqlangan. Shu munosabat bilan, 8540–“Ekologik investitsiya xarajatlarini moliyalashtirish” schyoti va unga bog‘liq 8541, 8542, 8543 subhisoblarni joriy etish taklif etildi. Tadqiqot davomida xalqaro moliyaviy hisobot standartlari bilan milliy hisob siyosati qiyoslab chiqildi hamda amaliy misollar asosida yangi buxgalteriya modelining samaradorligi asoslab berildi.
Ushbu maqolada tijorat banklarida yashil moliya mahsulotlarini rivojlantirish va innovatsion mahsulotlar yaratish istiqbollari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yashil kreditlar, ESG investitsiyalari va yashil obligatsiyalar banklar faoliyatida ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi. Shuningdek, banklarda ekologik risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish, davlat va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik, yosh xodimlar va innovatsion g‘oyalarni jalb qilish ham muhim strategik yo‘nalishlar sifatida aniqlangan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda “yashil ipoteka” dasturlarining joriy etish istiqbollari va iqtisodiy samaradorligi tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba misolida yashil ipotekaning afzalliklari, imtiyozli foiz stavkalari, energiya samaradorlik sertifikatlari va banklar uchun qayta moliyalashtirish mexanizmlarining ahamiyati o‘rganilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yashil ipoteka dasturlari energiya iste’molini sezilarli darajada kamaytirib, uy-joy fondining modernizatsiyasiga, aholi xarajatlarining qisqarishiga va ekologik barqarorlikning oshishiga xizmat qiladi. O‘zbekiston sharoitida ushbu dasturlarni joriy etish uchun institutsional baza, moliyaviy rag‘batlar va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi aniqlangan.
Ushbu maqolada mahalla institutlarining bandlikni ta’minlashdagi amaliy roli, mavjud tashkiliy va institutsional mexanizmlarning samaradorligi hamda ularni takomillashtirish zarurati ilmiy asosda tahlil qilinadi. Mahalla kesimida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari mahalla faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari orasida bandlik masalasining yetarli darajada markazlashmaganini va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashabbuslarning tizimlashtirilmaganligini ko‘rsatdi. Tadqiqot doirasida mahalla institutlarining diagnostika, kasbga tayyorlash, o‘z-o‘zini band qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy resurslarni safarbar qilish va monitoring kabi funksiyalarni integratsiyalashgan tizim sifatida shakllantirish bo‘yicha institutsional-tashkiliy mexanizm ishlab chiqildi. Taklif etilgan mexanizm mahalla boshqaruvining bandlikni ta’minlashdagi salohiyatini kuchaytirishga, uy xo‘jaligi bizneslarini rivojlantirishga hamda hududiy mehnat bozorini jonlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada kichik va o‘rta biznes subyektlarini bank kreditlari orqali moliyalashtirish jarayonini takomillashtirish masalalari keng qamrovda yoritilgan. Tadqiqotda tijorat banklarining kichik va o‘rta biznesni kreditlashdagi o‘rni, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar tahlil qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston bank tizimida kichik biznesni moliyalashtirish mexanizmlarining amaldagi holati o‘rganilib, xorijiy tajribalar asosida ularni modernizatsiya qilish yo‘nalishlari asoslab berilgan. Maqolada bank kredit siyosatini takomillashtirish, kredit resurslarining samaradorligini oshirish hamda tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari suriladi.
Ushbu maqolada hududiy rivojlanishda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlarining roli, amaliy tatbiqi va istiqbollari chuqur tahlil qilinadi. Hududlarda iqtisodiy o‘sish, zamonaviy infratuzilma barpo etish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va investitsion muhitni yaxshilashda DXSh alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqotda Qashqadaryo viloyati misolida DXSh loyihalarining samaradorligi va ular orqali erishilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy natijalar o‘rganildi. Statistik ma’lumotlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar tahlili va solishtirma usul yordamida olib borilgan tahlillar natijasida aniqlandiki, DXSh asosidagi hamkorlik hududiy taraqqiyotda innovatsion va moliyaviy yechimlarni keng joriy qilishga xizmat qilmoqda. Maqola yakunida ushbu mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha tegishli ilmiy-amaliy tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqola uy-joy kommunal sohasida innovatsion loyihalarni qo‘llashning zamonaviy yondashuvlarini tahlil qiladi. Innovatsiyalar, jumladan, energiya samaradorligini oshirish, ekologik toza qurilish materiallarini qo‘llash, suv va chiqindilarni boshqarish, shuningdek, aholi uchun qulay xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha yangi texnologiyalarni ko‘rib chiqadi. Maqolada ushbu innovatsion yondashuvlarning ahamiyati, ularning uy-joy kommunal sohasiga qo‘shayotgan hissasi va kelajakda ushbu loyihalarning rivojlanish istiqbollari muhokama qilinadi. Innovatsion loyihalar nafaqat iqtisodiy jihatdan samarali, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi. Maqola, shuningdek, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, davlat-xususiy sherikchilik va barqaror rivojlanish masalalariga alohida e'tibor qaratadi.
Ushbu maqola raqamli iqtisodiyot sharoitida O‘zbekiston kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sektorining rivojlanish imkoniyatlari, muammolari va istiqbollarini kompleks tahlil qilishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda raqamli transformatsiyaning kichik biznesga ta’sir mexanizmlari, hozirgi holat tahlili, xorijiy tajriba va eng yaxshi amaliyotlar o‘rganilgan. Raqamli iqtisodiyot kichik biznes uchun bozor chegaralarini kengaytirish, operatsion xarajatlarni kamaytirish va yangi biznes modellarini joriy etish kabi ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jadal sur’atlarda rivojlanayotgan bo‘lsa-da, kichik biznes sektorida raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi rivojlangan mamlakatlar ko‘rsatkichlaridan orqada qolmoqda. Maqolada kichik biznes raqamlashuvini tezlashtirish uchun raqamli savodxonlik dasturlarini ishlab chiqish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha takliflar berilgan.
Maqolada 2020–2025-yillar davomida O‘zbekistonda kichik tadbirkorlikning asosiy ko‘rsatkichlari tahlil qilingan. YaIM, sanoat, qurilish, chakana savdo, xizmatlar sohasi hamda tashqi savdodagi kichik biznes ulushi bo‘yicha barqaror o‘sish tendensiyalari ko‘rsatib berilgan. Shuningdek, sohada mavjud muammolar – moliyaviy resurslarga kirish imkoniyatlari cheklanganligi, kadrlar salohiyati pastligi, raqobat muhitidagi nomutanosiblik va eksport mahsulotlarining xalqaro standartlarga to‘liq mos emasligi kabi masalalar ham yoritilgan. Maqolada ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Banklarning dastlabki sarmoyasi, kapitali darajasiga muhim masala sifatida eʼtibor qaratiladi chunki, 2008-yildan boshlangan jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozi bank tizimining barqarorligini taʼminlashda ularning kapitallashuv darajasini oshirib borish eng muhim iqtisodiy masalalardan biri ekanligini yana bir bor isbotladi. Tahlilimizda bankning kapitallashuv darajasi, uning kredit samaradorligiga taʼsiri va isteʼmolchi (mijozlarning) kreditdan samarali foydalanish koʻsatkichlari Oʻzbekiston banklari misolida tahlil qilingan va muammolarga muallif tomonidan yechim sifatida fikrlar ishlab chiqilgan. Bunda ATB “Agrobanki” va Buyuk Britaniyaning HSBC hоldings bаnkining kredit stаvkаlаri maʼlumotlaridan foydalanilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalarning samaradorligini oshirish masalalari tahlil etildi. Investitsiyalarning mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) tarkibidagi oʻrni, ularning iqtisodiy oʻsishga ta’siri va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishdagi ahamiyati koʻrib chiqilgan. Shuningdek, investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiya loyihalarini samarali boshqarish va investitsiyalardan olinadigan iqtisodiy natijalarni optimallashtirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar taklif etilgan
Ushbu maqola Oʻzbekistonning zamonaviy sugʻurta bozori holatini tahlil qilishga bagʻishlangan boʻlib, u bitimlar hajmining oʻsishi, sugʻurta faoliyatining yangi yoʻnalishlarining paydo boʻlishi, raqobatning kuchayishi va bozordagi vaziyatda sugʻurta regulyatori rolining kuchayishi bilan tavsiflanadi. Unda sugʻurta bozorining soʻnggi 4 yildagi natijalari, jumladan, sugʻurta bozorining asosiy ishtirokchilari tarkibi va uning asosiy moliyaviy koʻrsatkichlaridagi oʻzgarishlar, davlat tomonidan sugʻurta bozorini yangi sifat darajasiga koʻtarishga qaratilgan siyosati va mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror oʻsishi sharoitida yangi rivojlanish istiqbollari koʻrib chiqilgan
Maqolada raqamli platformalardan foydalanishda yuzaga keladigan xatarlar va ularning iqtisodiyot, xavfsizlik hamda ijtimoiy hayotga ta’siri yoritilgan. Raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda qanday farq qilishi, uning statistik jihatdan baholanishidagi muammolar tahlil qilingan. Shuningdek, raqamli platformalarda yuzaga keladigan xavflar – ijtimoiy muhit xatarlaridan tortib, moliyaviy firibgarliklar, kiberjinoyatlar, psixologik salbiy ta’sirlar va algoritmik manipulyatsiyalargacha batafsil ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston sharoitida elektron tijoratni rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar, mavjud to‘siqlar va xalqaro tajriba asosida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Internetdagi keng tarqalgan firibgarlik turlari va ularning real hayotdagi misollari orqali foydalanuvchilarni ogohlikka chaqirish asosiy e’tiborda turadi.
Ushbu maqolada uy xoʻjaligining iqtisodiy hodisa va jarayonlar bilan aloqasi, shuningdek, uning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga taʼsiri koʻrib chiqiladi. Uy xoʻjaliklarining tejash va isteʼmol xatti-harakatlarini tushuntiruvchi hayot sikli nazariyasi (Modigliani) va doimiy daromad gipotezasi (Fridman) kabi asosiy nazariyalar muhokama qilinadi. Jamgʻarma stavkalariga taʼsir etuvchi omillar, jumladan, demografik oʻzgarishlar, iqtisodiy oʻsish, daromadlarning noaniqligi va foiz stavkalari tahlil qilinadi. Uy xoʻjaliklarining moliyaviy qarorlarini shakllantirishda pensiya jamgʻarmalari, meros va davlat siyosatining roliga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maqolada, shuningdek, fond bozorining faoliyati va uning uy xoʻjaliklari bilan oʻzaro aloqasi, shuningdek, texnologik va ijtimoiy oʻzgarishlarning jamgʻarma stavkalariga taʼsiri masalalari koʻrib chiqiladi. Maqola jamgʻarmalar dinamikasini va ularning iqtisodiy rivojlanishdagi rolini tushunish uchun tarixiy sharoit va zamonaviy iqtisodiy sharoitlarni hisobga olish muhimligini taʼkidlab yakunlanadi.
O‘zbekiston mehmonxona sohasi tez sur’atlar bilan kengayib bormoqda, ayniqsa, Toshkent, Samarqand va Buxoroda mehmonxonalar soni sezilarli darajada oshdi. Mamlakatning barqaror rivojlanish sa’y-harakatlari doirasida Atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillari tartibga soluvchi hujjatlar va biznes amaliyotlariga integratsiya qilinmoqda. Ushbu maqola O‘zbekiston mehmonxona sohasida ESGni joriy etishning hozirgi holati, milliy siyosatning ta’siri va ESG strategiyalarini amalga oshirishning afzalliklarini o‘rganadi. Adabiyotlar sharhida global ilg‘or tajribalar va ESG talablariga rioya qilishning moliyaviy ustunliklari ko‘rsatilgan. Tadqiqot ESGni joriy etish muammolarini tahlil qiladi va O‘zbekiston mehmonxona sohasida barqarorlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston tijorat banklarining foyda samaradorligi Stoxastik Chegara Tahlili (SFA) usuli asosida baholanadi. Tahlil 1999-2023 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda faoliyat yuritgan tijorat banklari ma’lumotlariga asoslangan. Tadqiqot natijalari tijorat banklarining foyda samaradorligi yillar davomida ortib borganini, lekin global moliyaviy inqiroz va pandemiya davrida pasayganini ko‘rsatdi. Mulkchilik shakliga qarab, davlat banklari o‘rtacha eng yuqori foyda samaradorligiga ega bo‘lgan, xorijiy banklar esa yuqori tebranuvchanlikka ega bo‘lishiga qaramay, ba’zi yillarda eng yuqori natijalarga erishgan. Xususiy banklar va aksiyadorlik tijorat banklarining foyda samaradorligi o‘zgaruvchan bo‘lib, bozor sharoitlariga bog‘liq holda keskin tebrangan.
Ushbu maqolada Oʻzbekistondagi sugʻurta kompaniyalari uchun kapital talablarini optimallashtirish yondashuvlari oʻrganiladi. Mavjud normativ-huquqiy bazalar va xalqaro standartlar, jumladan Solvency II, tahlil qilinadi. Yetarli darajada kapitalizatsiyalanmaganlik bilan bogʻliq xavflar koʻrib chiqilib, kapital va zaxiralarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha choralar taklif etiladi. Tadqiqot ilgʻor tartibga solish tajribalarini milliy sugʻurta bozoriga moslashtirishga qaratilgan boʻlib, uning barqaror rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Ushbu maqola, O‘zbekiston aksiyadorlik jamiyatlarining kapital qiymatini oshirishda yaxshi korporativ boshqaruvning ahamiyatini o‘rganadi. Maqolada, agentlik nazariyasi, manfaatdor tomonlar nazariyasi va resurslar bog‘liqligi nazariyalariga asoslanib, aksiyadorlik jamiyatlarida samarali boshqaruv metodologiyasini ishlab chiqish yondashuvlari ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda zamonaviy moliyaviy ko‘rsatkichlar, shu jumladan ROI (investitsiyalar rentabelligi), EVA (iqtisodiy qo‘shilgan qiymat) va ROE (o‘z kapital rentabelligi) orqali kapital qiymatining oshishi tahlil qilinadi. Maqolada o‘rtaga tashlangan nazariy va amaliy yondashuvlar O‘zbekiston sharoitida aksiyadorlik jamiyatlarining boshqaruv tizimlarini takomillashtirish va ularning bozor qiymatini oshirishga qaratilgan tavsiyalar bilan yakunlanadi.
Ushbu tadqiqot ishida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan 2018-2023-yillarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi va dinamikasi yoritilgan. Shuningdek “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar bo‘yicha asosiy iqtisodiy ko‘rsatgichlar taqqoslangan. Emperik tadqiqotlar asosida to‘qimachilik korxonalarining eksport geografiyasi yillar va mamlakatlar kesimida tahlil qilingan. Iqtisodiy samaradorlik tushinchasining nazariy masalalari yoritilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha strategiya va dasturlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning maqsadi hududlarda aholi turmush darajasi va sifatini oshirishdan iborat. Mazkur maqola O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishda raqamli texnologiyalarni samarali ta’sirini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Ushbu tadqiqotni amalga oshirish uchun “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi (2024) qabul qilindi. Tahlil natijalari raqamli texnologiyalar kambag‘allikni qisqartirishda ijobiy ta’sir etishini ko‘rsatdi. Tadqiqot yakunida raqamli texnologiyalarni kambag‘allikni qisqartirishga ta’sirini oshirish modeli taklif etildi. Shuningdek, maqolada inson resurslarini rivojlantirish, mehnat bozorini isloh qilish, bandlikning zamonaviy shakllaridan foydalanish, xalqaro standartlar asosida munosib mehnat standartlarini keng joriy etish orqali kambag‘allikni qisqartirishda davlat xizmatlari sifatini oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi
Moliya va iqtisodiyot sohasiga yangi ko’rinishda kirib kelgan xulq-atvor moliyasi a’nanaviy iqtisodiyot taklif qiladigan ratsional qarorlar qabul qilish haqidagi tushunchalar noto’g’ri ekanligini ta’kidlaydi. Ushbu sohada, iqtisodiyotda aniqroq tahlillar amalga oshirish uchun insonlarning psixologik qarorlarini, kognitiv moyilliklari va hissiyotlar orqali qarorlar chiqarishi mumkin ekanligini ham inobatga olinishi kerakligi haqida aytiladi. Imkoniyatlarning cheklanganligi va qarorlarning xilma-xilligini e’tiborga olgan holda, ushbu soha orqali bozor ishtirokchilari haqida ko’proq ma’lumotga ega bo’lish ekanligini ko’rsatib beradi. Ushbu o’zgarishlar ko’p sohalar uchun sezilarli ta’sir o’tkaza oladi. Shuningdek, mamlakat miqyosida davlatning moliyaviy holati va fuqarolarining farovonligi uchun aniqroq qarorlar chiqarishga xizmat qiladi
Ushbu maqolada raqamli transformatsiya va raqamli texnologiyalarning bank faoliyati samaradorligiga ta’siri o‘rganilgan. Tegishli adabiyotlar va empirik ma’lumotlarni har tomonlama tahlil qilish orqali mualliflar raqamli texnologiyalarlarning turli o‘lchovlarini va ularning bank samaradorligiga ta’sirini o‘rganadilar. Maqolada bank tizimidagi raqamli transformatsiya operatsiyalarni modernizatsiya qilish, mijozlar tajribasini yaxshilash va umumiy samaradorlikni oshirish uchun raqamli texnologiyalar integratsiyasini o‘z ichiga oladi. So‘nggi yillarda banklar tez rivojlanayotgan moliyaviy muhitda raqobatbardosh bo‘lib qolishga intilayotgani sababli, bu jarayon sezilarli kuchga ega bo‘ldi. Bank tizimida raqamli transformatsiyalar tahlili samaradorlikni oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan bir qancha asosiy texnologiyalar borasida keng qamrovli tahlillar olib borilgan.
Maqolada diversifikatsiya atamasi uning tarixi va yevropa, rus, o`zbek olimlarning bu borada bergan ta`riflari keltirilgan va muallif tomonidan ham ta`rif berilgan. Diversifikatsiyaning globallashuv jarayonida xizmatlar sohasidagi o`rni, ahamiyati va uning turlari tahlil qilingan. Raqobatli bozor sharoitida diversifikatsiya qanday yordam bera olishi yoritib berilgan bo`lib, u orqali moliyaviy barqarorlikka erishish mumkinligi, u bozorda o`z o`rniga ega bo`lishi, xatarlarni baholay olish qobiliyatiga ega bo`lishi, resurslarni to`g`ri taqsimlay olishi, iqtisodiy tanazzulga chidamlilik, sohaga oid qiyinchiliklarga yechim kabilarga bardosh bera olishi mumkinligi haqida batafsil keltirib o`tilgan. Xizmatlarni diversifikatsiya qilish orqali mijozlarni ko`paytirish, ularning sodiqliligiga erishish mumkinligi to`g`risida maqolada ma`lumotlar keltirilgan.
Maqola zamonaviy huquq va iqtisodiyotning eng dolzarb va jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan raqamli aktivlar va kriptovalyutalar bozorini huquqiy tartibga solishni o‘rganishga bag‘ishlangan. Ish turli mamlakatlarda raqamli aktivlarni tartibga solishning asosiy yondashuvlarini o'rganadi, mavjud huquqiy normalarning afzalliklari va kamchiliklarini tahlil qiladi va ularni takomillashtirish bo'yicha takliflar beradi. Tahlillar asosida raqamli aktivlar va kriptovalyutalar bozorining barqaror rivojlanishini ta’minlash, potentsial risklarni minimallashtirish mumkin bo‘lgan samarali huquqiy bazani shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar taklif etiladi