Ushbu maqolada xalqaro amaliyotda bank mahsulotlarini joriy etish tajribalari tahlil qilinadi. AQSH, Kanada, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi va Xitoy bank tizimlari misolida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, avtomatlashtirish va “yashil moliya”ning ahamiyati yoritilgan. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston bank tizimi uchun ilg‘or tajribalarni moslashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Mazkur ilmiy tezisda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning nazariy asoslari, iqtisodiy rivojlanishdagi oʻrni hamda zamonaviy sharoitlarda rivojlanish yoʻnalishlari tadqiq qilingan. Tadbirkorlik faoliyatining mohiyati, tarixiy rivojlanishi va kichik biznes subyektlarining iqtisodiyotdagi ahamiyati ilmiy adabiyotlar asosida tahlil qilingan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy omillari, davlat qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari hamda sohani takomillashtirish masalalari oʻrganilgan. Tadqiqot natijalari kichik biznes va tadbirkorlikning mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi turmush darajasini oshirish jarayonlaridagi muhim oʻrnini koʻrsatadi.
Maqolada telekommunikatsiya korxonalarida xizmat ko‘rsatish jarayonlariga innovatsion faoliyatni joriy etishning ilmiy-uslubiy asoslari ochib berilgan. Globallashuv, raqamli transformatsiya va “Sanoat 4.0” sharoitida mobil qurilmalar, sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlari, internet-provayder infratuzilmalari hamda 5G texnologiyalariga xizmat ko‘rsatishda innovatsion yondashuvlarning raqobatni kuchaytirishi, xizmat sifati, moslashuvchanlik va energiya tejamkorligini oshirishi tahlil qilingan. Shuningdek, O‘zbekistonda raqamli infratuzilmaning kengayishi, 5G qamrov hududlarining ortishi va milliy operatorlar faoliyatida innovatsion platformalardan foydalanish tendensiyalari yoritilgan. Nazariy jihatdan Shumpeterning “ijodiy buzilish”, Rogersning “innovatsiyalar diffuziyasi”, Service-Dominant Logic hamda institutsional yondashuvlar asosida innovatsiyaning iqtisodiy va ijtimoiy samarasi izohlangan.
Ushbu maqola O‘zbekiston sharoitida barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish maqsadida sun’iy intellekt (SI) tizimlarini qo‘llash metodologiyasini takomillashtirishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning asosiy maqsadi SI texnologiyalarining milliy iqtisodiyot tarmoqlariga integratsiyalashuvining samarali mexanizmlarini ishlab chiqishdir. Maqolada mavjud xorijiy va mahalliy tajribalar tahlil qilinib, SIni joriy etishdagi institutsional, texnik va kadrlar muammolari aniqlandi. Asosiy natija sifatida SI asosidagi qaror qabul qilish tizimlarini iqtisodiy rejalashtirishga tatbiq etishning takomillashtirilgan metodologiyasi taklif etilgan. Ushbu metodologiya SI xavfsizligi, shaffofligi va iqtisodiy samaradorligi tamoyillariga asoslangan. Tadqiqot natijalari iqtisodiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda va SI texnologiyalaridan foydalanishda amaliy ahamiyatga ega.
Maqolada O‘zbekiston iqtisodiyotida kichik biznes va ishbilarmonlik faoliyatining rivojlanish ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Tahlillar natijasida kichik kadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishdagi nomutanosiblik, eksport salohiyatining pasayishi, hududiy tafovutlar kabi muammolar qayd etilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqilgan. Maqola kichik biznesni iqtisodiy siyosatning strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida rivojlantirish zarurligini ilmiy asoslaydi.
Ushbu maqolada davlat byudjetini barqaror ta’minlashda soliq nazorati tadbirlarining o‘rni va ahamiyati tahlil qilinadi. 2019-2024-yillar davrida soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida undirilgan soliqlar hajmi dinamikasi o‘rganilib, soliq nazoratining davlat moliyasini boshqarishdagi fiskal samaradorligi ochib berilgan. Maqolada xorijiy va mahalliy olimlarning ilmiy qarashlari asosida soliq nazoratining raqamli transformatsiyasi, risk tahliliga asoslangan yondashuvlar hamda profilaktik nazorat mexanizmlarining amaliy afzalliklari yoritilgan. Shuningdek, soliq tekshiruvlarini takomillashtirish, nazorat natijalarini oshkoralik va iqtisodiy tahlil orqali baholashga oid takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari soliqqa oid siyosatni takomillashtirish va byudjet barqarorligini mustahkamlashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Mazkur maqolada innovatsion iqtisodiyot sharoitida inson kapitalining roli va uning mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga ta’siri tahlil qilinadi. Inson kapitali bu ta’lim, sog‘liqni saqlash, malaka, ilmiy-tadqiqot va texnologik salohiyatni o‘z ichiga olgan iqtisodiy resurs bo‘lib, u innovatsion taraqqiyotning asosiy omili sifatida namoyon bo‘ladi.
Ushbu maqola uy-joy kommunal sohasida innovatsion loyihalarni qo‘llashning zamonaviy yondashuvlarini tahlil qiladi. Innovatsiyalar, jumladan, energiya samaradorligini oshirish, ekologik toza qurilish materiallarini qo‘llash, suv va chiqindilarni boshqarish, shuningdek, aholi uchun qulay xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha yangi texnologiyalarni ko‘rib chiqadi. Maqolada ushbu innovatsion yondashuvlarning ahamiyati, ularning uy-joy kommunal sohasiga qo‘shayotgan hissasi va kelajakda ushbu loyihalarning rivojlanish istiqbollari muhokama qilinadi. Innovatsion loyihalar nafaqat iqtisodiy jihatdan samarali, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi. Maqola, shuningdek, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, davlat-xususiy sherikchilik va barqaror rivojlanish masalalariga alohida e'tibor qaratadi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududiy rivojlanish dasturlarida BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) integratsiyasi masalalari o‘rganilgan. Tadqiqot davomida 2017-2023 yillarda qabul qilingan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar kontent-tahlil usuli orqali tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ayrim hududlarda SDG tamoyillari yuqori darajada aks etgan bo‘lsa, boshqalarda faqat umumiy g‘oya darajasida tilga olingan. Maqolada hududlar bo‘yicha integratsiya darajasi farqlari aniqlanib, konseptual yondashuvni kuchaytirish, indikatorlarni moslashtirish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Xalqarolashtirish oliy ta’lim sohasida raqobatbardoshlikning asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda, u oliygohlarning global maydondagi mavqei, imiji va bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini belgilab beradi. Rivojlanayotgan davlatlar uchun esa bu jarayon xalqaro ilmiy hamjamiyatga kirish va jahon reytinglarida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini beradi. Ushbu maqolaning maqsadi – O‘zbekiston universitetlarining raqobatbardoshligini oshirishda xalqarolashtirishning qanday rol o‘ynashini turli oliygohlar va mutasaddi tashkilot vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida tahlil qilishdir. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston universitetlari xalqarolashtirishni faol qo‘llayotgan bo‘lsalar-da, boshqaruv, resurslarni taqsimlash va til salohiyatida muammolar mavjud. Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) va Toshkent shahridagi Vebster universiteti kabi xalqaro hamkorlikka ega oliygohlar xalqaro tarmoqlardan samaraliroq foydalanmoqda, milliy universitetlar asta-sekinlik bilan talabalar almashinuvi dasturlari va xorijda o‘qituvchilar malakasini oshirish orqali harakat qilmoqda. Maqolada ta’kidlanadiki, agar xalqarolashtirish ta’lim, ilmiy tadqiqot va boshqaruv jarayonlariga to‘liq integratsiya qilinmasa, u O‘zbekiston oliy ta’limida barqaror raqobatbardoshlik omili sifatida qaralishi mumkin emas.
Ushbu maqola mintaqalar iqtisodiy rivojlanishidagi tafovutlarni baholashdagi zamonaviy yondashuvlarni ilmiy asoslangan holda tahlil qiladi. Kirish bo‘limida global iqtisodiyotdagi mintaqaviy tafovutlarning muhimligi, raqamlashtirish, barqarorlik va chidamlilik tendensiyalari ta’kidlangan. Adabiyotlar sharhida so‘nggi yillar ichidagi nufuzli xalqaro jurnallardagi 15 tadan ortiq maqolaga asoslanib, fazoviy modellashtirish, raqamli tahlil, chidamlilik va institutsional omillar guruhlari muhokama qilingan. Metodologiya mixed-methods dizayniga asoslangan bo‘lib, adabiyotlar sintezi va sistematik tahlilni o‘z ichiga oladi. Tahlil natijalari fazoviy avtokorrelatsiya, ekologik sezgirlik va institutsional indikatorlar orqali tafovutlarning dinamikasini ochib beradi, rivojlanayotgan mamlakatlarda divergensiya jarayonlarini ko‘rsatadi. Xulosada yondashuvlarning afzalliklari va cheklovlari baholanib, joyga asoslangan siyosatlar, yashil investitsiyalar va raqamli integratsiya tavsiya etilgan. Natijalar mintaqaviy tafovutlarni kamaytirishda ilmiy va amaliy qiymatga ega.
Soʻnggi yillarda ipoteka kreditlari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, kapital bozorining muvvaqiyatli rivojlanishi, shu jumladan ipoteka va sugʻurta tizimisiz mumkin emas. Shu nuqtai nazardan ushbu mavzu hamisha dolzarb va tadqiqotchilarning diqqat eʼtiboridadir. Ushbu maqolada ipoteka sugʻurtasi tushunchasi, uning asosiy turlari va amal qilish mexanizmlari tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada ushbu munosabatlarning turli ishtirokchilari uchun ipoteka sugʻurtasining asosiy afzalliklari koʻrsatib oʻtilgan.
Ushbu maqolada iqtisodiy tizimda logistik korporativ tuzilmalarda moliyaviy jarayonlarninig nazariy asoslarini oʻrganishga metodologik yondashuvni oʻrganilgan. Logistik jarayonlar tashqi savdo balansida strategik korporativ tuzilmalarga tobora koʻproq integratsiyalashganligi sababli, moliyaviy mexanizmlar ushbu industriyaninig barqarorligini, investitsion faoliyatini va operatsion samaradorlikni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Tadqiqotda moliyaviy nazariyani — kapital tuzilishi, risklarni boshqarish va qiymatni maksimallashtirishda logistika industriyasining muhim elementlarining ahamiyati baholangan. Korporativ moliya, taʼminot zanjiri nazariyasi va mikroiqtisodiy darajadagi dinamika haqida tushuncha berilgan.
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va mamlakatning xalqaro imijini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini hisobga olgan holda, moddiy madaniy meros obyektlaridan turizm sohasida samarali foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi. Biroq hozirgi kunda bunday obyektlar, xususan, arxeologik yodgorliklarning turistik oborotga jalb etilganlik darajasi juda pastligicha qolmoqda. Bu tizimli muammolar, jumladan, infratuzilmaning yo‘qligi, reestrlarning buzilgan yoki eskirgan ma’lumotlari, obyektlarning past darajadagi mashhurligi va ularning turistik salohiyatini baholashning kompleks metodologiyasi yo‘qligidan dalolat beradi. Ushbu tadqiqot Farg‘ona va Andijon viloyatlari kabi yuqori madaniy salohiyatga ega, ammo turizm infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan hududlar kontekstida alohida dolzarblik kasb etadi. Moddiy madaniy meros obyektlarining turistik jozibadorligini baholashning kompleks metodologiyasini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish mintaqaviy turistik marshrutlarni shakllantirishga ilmiy asoslangan yondashuvni, shuningdek, madaniy qadriyatlarni saqlash va targ‘ib qilishning samarali strategiyalarini taklif qilish imkonini beradi.
Maqolada banklarda moliyaviy barqarorlikning vujudga kelishi va uning oʻziga xos xususiyatlari aniqlangan va baholangan. Ushbu kategoriyaga oid mahalliy va xorijiy olimlarning ilmiy izlanishlari oʻrganilgan va tizimlashtirilgan. Moliyaviy barqarorlikni ta'minlashda kapital yetarliligi va likvidlikni ta’minlash koʻrsatkichlariga nisbatan olimlarning qarashlari oʻrganilgan. Tadqiqotlar asosida ilmiy xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Maqolada bozor munosabatlaridagi asosiy iqtisodiy kategoriyalardan biri bo‘lgan mintaqa raqobatbardoshligi kategoriyasi tahlil qilinadi. Shuningdek, maqolada iqtisodiyotning hududiy va tarmoq tuzilmasidagi tarkibiy o‘zgarishlar, mintaqaviy iqtisodiyotning raqobatbardoshligiga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish zaruriyati belgilangan.
Ushbu maqolada globalizatsiya jarayonlarining jahon iqtisodiyotiga taʼsiri va mintaqaviy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik keltirilgan. Jahon bozorida iqtisodiy aloqalarning jadallashuvi, savdo va investitsiyalar oqimining kengayishi mintaqalar oldiga yangi imkoniyatlar bilan birga jiddiy raqobat muhitini ham yuzaga keltirmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyati tahlili, olib borilayotgan keng ishlar koʻlami, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligi omillari bogʻligi va globallashuvning mintaqaviy raqobatbardoshlikka taʼsiri yoritib berilgan.
Maqolada ishlab chiqaruvchi kuchlarni hududiy tashkil etishning iqtisodiy shart-sharoitlari va mintaqaviy iqtisodiyotlarning notekis rivojlanishi ko‘rib chiqildi va mavzu bo‘yicha adabiyotlar ko‘rib chiqildi. Turli nazariyalar tahlili o‘tkazilib, hududiy iqtisodiyotlarning notekis rivojlanishini bartaraf etishning tamoyil va yondashuvlari belgilab olindi.
Ilmiy maqolada axborot tizimini joriy etish jarayonlarida yuzaga keladigan ba’zi muammolar, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning ”O‘zbekenergo” DAKga qo‘llash texnologiyasi, AKTning an’anaviy tuzilishi, raqamli iqtisodiyotning shakllanishi, istiqboldagi AKT bo‘limlarining tarkibiy tuzilishi hamda korporativ axborot tizimlarining joriy etilishi va ishlashi, ushbu tizimlarni tashkil etishdagi bir qator kamchiliklar, raqamlashtirish dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun shu sohadagi butun jahon hamjamiyati tamoyillari ilmiy jihatdan asoslab berilgan.
Ushbu maqolada mamlakatimizda mintaqaviy infratuzilmani innovatsion rivojlantirishning hozirgi holati va dolzarb muammolari tahlil qilinadi. Infratuzilmaning modernizatsiyasi va innovatsion yechimlarni joriy etish jarayoni hududlarning iqtisodiy barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu boisdan, tadqiqotda mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirishga ta’sir etuvchi asosiy omillar, mavjud muammolar hamda ularni hal etish yo‘llari ko‘rib chiqiladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda moliyalashtirish yetishmovchiligi, eskirgan texnologiyalar, institutsional muammolar va hududiy nomutanosibliklar asosiy to‘siqlar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, maqolada ilg‘or xorijiy tajriba tahlil qilinib, innovatsion infratuzilmani shakllantirishning samarali strategiyalari ilgari suriladi. Shuningdek, mazkur maqolada mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilib, uning barqaror innovatsion taraqqiyotga ta’siri yoritiladi. Tadqiqot natijalari hududiy siyosatni shakllantirish va infratuzilmani rejalashtirish jarayonlarida amaliy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Ushbu maqolada demografik dividend haqida fikr yuritiladi. Unda demografik dividend toʻgʻrisidagi olimlarning nazariy qarashlari, demografik dividendning afzalliklari, foydalilik tomonlari, olish bosqichlari, demografik dividendga erishish uchun muhim boʻlgan omillar, sabablar va yoʻnalishlar oʻrganilgan.
Ushbu maqola Oʻzbekiston respublikasining kimyo sanoatidagi tarkibiy oʻzgarishlarni baholash masalasiga bagʻishlangan. Mavzuga oid ilmiy adabiyotlarning qisqacha sharhi, yaʼni tarkibiy oʻzgarish, tarkibiy oʻsish va etalon tarkib tushunchasi haqidagi fikrlar yoritilgan. Empirik tahlil natijalarida iqtisodiyot tarkibida asosiy kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishning ulushi (foizda), asosiy kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish tarkibidagi oʻzgarishlar (jamiga nisbatan foizda) va etalon qiymatlar ifodalangan. Maqolaning oxirida olingan barcha hisob-kitob natijalari umumlashtirilgan holda mamlakatda asosiy kimyo sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish tarkibidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida ilmiy xulosa va takliflar keltirilgan
Maqolada iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda inson kapitalini shakllantirish va rivojlantirish strategiyalari har tomonlama tahlil qilingan. Inson kapitali darajasini belgilovchi asosiy omillar, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarga davlat va xususiy investitsiyalarning hajmi ko‘rib chiqiladi. Kasbiy kompetensiyalarni takomillashtirish va mehnat unumdorligini oshirishda korporativ sektorning roliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro tadqiqotlar ma’lumotlari va qiyosiy tahlillar asosida iqtisodiy rivojlanish darajasi turlicha bo‘lgan mamlakatlarda inson kapitalini boshqarishning tarkibiy xususiyatlari aniqlanadi. Barqaror iqtisodiy oʻsishni, raqobatbardoshlikni oshirish va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash uchun inson kapitaliga tizimli va ilgʻor investitsiyalarning muhim ahamiyati haqida xulosa qilingan
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududlarining innovatsion salohiyati, jumladan, uni baholash usullari, natijalarni tahlil qilish va mintaqaviy rivojlanish uchun ahamiyatini muhokama qilish ko‘rib chiqiladi. Iqtisodiy, ilmiy, kadrlar, texnik va axborot-kommunikatsiya omillarini hisobga olgan holda normallashtirilgan ko‘rsatkichlarga asoslangan integral hisoblash usuli taqdim etiladi. Sirdaryo mintaqasining innovatsion salohiyati tahlil qilinadi va uning boshqa mintaqalar orasidagi mavqei aniqlanadi.