Ushbu maqolada innovatsion marketing tushunchasi, uning an’anaviy marketingdan farqlari hamda o‘ziga xos xususiyatlari yoritilgan. Innovatsion marketingning zamonaviy texnologiyalarga tayanganligi, O‘zbekistonda innovatsion marketingning rivojlanishi uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, biznes vakillari orasida yangiliklarga intiluvchanlikni oshirish, tegishli infratuzilmani yaratish va mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini doimiy yangilab turish zarurligi alohida ta’kidlangan. Maqolada soha bo‘yicha adabiyotlar tahlili, amaliy tadqiqot natijalari va metodologiya ko‘rsatilgan.
Maqola O‘zbekiston tijorat banklarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bunda aktivlar rentabelligi (ROA) ko‘rsatkichiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilingan. Markaziy bankning ma’lumotlari asosida kredit portfelining o‘sishi va jismoniy shaxslar kreditlari ulushining oshishi tahlil qilingan. Maqolada faoliyat samaradorligini oshirishning asosiy drayverlari sifatida kredit risklarini qat’iy boshqarish, foiz marjasini optimallashtirish, raqamli texnologiyalar orqali operatsion xarajatlarni optimallashtirish va qimmatli qog‘ozlar hisobiga aktivlarni strategik diversifikatsiya qilish zaruriyati asoslangan.
O‘zbekistonda iqtisodiyot tarkibini diversifikatsiya qilish va uning raqobatbardoshligini oshirish, iktisodiyotning barcha tarmoqlariga bozor mexanizmlarini izchillik bilan joriy etish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish,raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, davlat kompaniyalarini transformatsiya kilish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hozirgi kunda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini tashkil etadi. Mazkur iqtisodiy islohotlar doirasida “tovar va moliya bozorlarida erkin raqobat muhitini shakllantirish”, “hayot sug‘urtasi tarmog‘ini hamda shaxsiy sug‘urtani aholi orasida ommalashtirish, ularni keng miqyosda targ‘ib qilish hamda yangi hayot va shaxsiy sug‘urta turlarini rivojlantirish” bo‘yicha dolzarb vazifalarning belgilanganligi mamlakatda sug‘urta faoliyatining nazariy- metodologik va amaliy asoslarini takomillashtirish, sug‘urta xizmatlarining moliyaviy xizmatlar tarkibidagi salmog‘i va sifat darajasini oshirish yuzasidan tadqiqot ishlarini amalga oshirish zaruriyatini ko‘rsatib beradi.
Ushbu maqolada AQShning Silikon vodiysida shakllangan innovatsion startap ekotizimi iqtisodiy va statistik yondashuvlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda startaplar rivojlanish bosqichlari, venchur kapital dinamikasi, mehnat bozori o‘zgarishlari, demografik ko‘rsatkichlar hamda texnologik faollikning mehnat bozori, migratsiya oqimlari, patentlash sur’atlari va investitsiya hajmlari bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi. 2020–2023 yillar davomida Silikon vodiysidagi startaplar soni dinamikasi, AI startaplar ulushi, yangi tashkil etilgan texnologik kompaniyalar, venchur kapital taqsimoti hamda gender tarkibi bo‘yicha statistik tendensiyalar tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari Silikon vodiysida iqtisodiy va demografik diversifikatsiya, investitsiya imkoniyatlari hamda inson resurslari salohiyati ekotizimning barqaror o‘sishi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Mazkur tajriba O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy siyosat va institutsional mexanizmlarni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega.
Maqolada sanoatga innovatsiyani kiritilish va shu asosda ishlab chiqarishni yuqori texnologik jarayonga o‘tkazilganligi, o‘z navbatida, biznesni rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatganligi, xorijiy mamlakatlar tajribasidan aniq tahlillarga tayangan holda yoritilgan. Sanoatga innovatsiyani jalb etish biznes rivojlanishida qanchalik ahamiyatli ekanligi oʻrganildi. Rivojlangan mamlakatlar tajribalari tadqiq etildi. Amerika, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Fransiya mamlakatlarida sanoat va biznesni rivojlanishi uchun qanday innovatsion yoʻnalish va yondoshuvlar tadbiq etilganligi oʻrganib chiqildi. Ushbu davlatlarda asosan universitet-biznes va davlat-biznes tamoyili koʻproq qoʻllanilgan, ya’ni sanoat va biznesni yangi darajaga olib chiqish uchun universitetlarga innovatsion mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy ishlanmalar, startap loyihalarni taklif etilishi muhim hisoblangan. Bu jarayon hozir ham oʻz mavqeyini saqlab qolgan. Shuningdek, mazkur mamlakatlarda davlat biznes subyektlarini kuchli himoya qilgan va ragʻbatlantirganligi ham sanoat va biznesni yangi darajaga chiqishining eng muhim omili sifatida keltirilgan, amalda ham aynan shunday ekanligini tahlillar koʻrsatmoqda. Biz uchun ham aynan universitet-biznes , davlat-biznes tamoyili sanoat va biznesni rivojlanishida eng muhim omil ekanligini tasdiqladik.
Ushbu tadqiqotda O‘zbekistonning mahalliy budjetlariga 2021-2024 yillarda tushgan soliq daromadlari va ularning tarkibi tahlil qilindi. Deskriptiv statistika usuli, vizualizatsiya hamda panel ma’lumotlar strukturasi asosida yondashuv qo‘llanildi. Tahlil natijalari soliq bazasining diversifikatsiyalanayotgani va budjet daromadlarining mustahkamlanayotgani ko‘rsatdi. Xulosalarda mahalliy budjetlar barqarorligini ta’minlash, soliq siyosatini takomillashtirish va daromad manbalarini kengaytirish boʻyicha amaliy tavsiyalar keltirilgan. Tadqiqot natijalari moliyaviy barqarorlikni saqlash va mahalliy iqtisodiyotni rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida yoqilg‘i-energetika resurslari (YER) iste’moli tuzilmasi va energiya samaradorligi bo‘yicha qiyosiy tahlil o‘tkazilgan. 2024-yil statistik ma’lumotlari asosida hududlararo sezilarli nomutanosibliklar aniqlangan: energiya samaradorligi ko‘rsatkichi Andijon viloyatida 1,3%dan Toshkent viloyatida 8,0%gacha farqlanadi. Qator hududlarda (Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo viloyati) energiya samaradorligining yuqori darajasi qazib olinadigan yoqilg‘iga yuqori darajada bog‘liqlik (73%dan ortiq) bilan uyg‘unlashgani aniqlangan bo‘lib, bu ekologik barqarorlik uchun xavflar keltirib chiqaradi. Klaster tahlili asosida iste’mol profillari o‘xshash bo‘lgan hududlar guruhlari shakllantirilgan hamda har bir guruh uchun differensial siyosiy chora-tadbirlar taklif etilgan. Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya balansini diversifikatsiya qilish va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish sharoitida raqamli yechimlarni integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Qishloq xo‘jaligida resurs tejamkor va ekologik barqaror texnologiyalardan foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, iqlim o‘zgarishining ta’sirini kamaytirish, agroekotizim samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, sohada mavjud muammolar va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur ilmiy maqolada energetika tarmog‘ida “yashil energetika”dan foydalanish imkoniyatlari SWOT tahlil usuli asosida kompleks baholangan. Tadqiqotda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining iqtisodiy, ekologik va institutsional jihatlari tahlil qilinib, sohaning kuchli va zaif tomonlari, tashqi imkoniyatlar hamda ehtimoliy tahdidlari aniqlangan. Tadqiqot natijalari yashil energetikaning energetika tarmog‘ini diversifikatsiya qilish, energiya xavfsizligini mustahkamlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya saqlash texnologiyalarini rivojlantirish va huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada xorijiy investitsiyalarni mamlakat iqtisodoyotiga jalb qilishda obligatsiyalarning rolini va ularning milliy iqtisodiy rivojlanishga ko'rsatadigan ko'p qirrali ta'siri tadqiq qilingan. Obligatsiyalar yirik xorijiy investorlar kapitalini jalb qilish, davlat moliyaviy ekotizimining barqarorlikgini ta’minlash va iqtisodiy o’sish rag’batlantirishning muhim vositasi hisoblanadi. Tadqiqotda davlat va korporativ obligatsiyalarning xalqaro kapitalni jalb qilishdagi ahamiyatni o’rganib, qarzlar bilan bog’liq risklarni kamaytirish va to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda moliyaviy manbalarni diversifikatsiya qilishning ahamiyati o’rganilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalarning samaradorligini oshirish masalalari tahlil etildi. Investitsiyalarning mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) tarkibidagi oʻrni, ularning iqtisodiy oʻsishga ta’siri va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishdagi ahamiyati koʻrib chiqilgan. Shuningdek, investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiya loyihalarini samarali boshqarish va investitsiyalardan olinadigan iqtisodiy natijalarni optimallashtirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar taklif etilgan