Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasida byudjet tashkilotlari uchun davlat xaridlarini elektron doʻkonlar orqali boshqarishning samaradorligini va iqtisodiy afzalliklarini oʻrganishga qaratilgan. Oʻzbekistonda davlat xaridlari jarayonlarini elektronlashtirishning asosiy maqsadlari – korrupsiyani kamaytirish, byudjet mablagʻlaridan tejamkor foydalanish va xarid jarayonining shaffofligini taʼminlashdir. 2021-yil 22-aprelda OʻRQ-684-sonli qabul qilingan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun hamda 2024-yil 10-iyuldagi PQ-249-sonli “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror orqali davlat xaridlarini elektron doʻkonlar yordamida amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi va iqtisodiy samaradorlikka erishish yoʻlida katta qadamlar qoʻyildi. Davlat xaridlarida elektron doʻkonlarning qoʻllanishi Oʻzbekiston iqtisodiyotida qanday oʻzgarishlarga olib kelgani haqida batafsil tahlil keltiriladi. Bu jarayonda Indoneziya, Qozogʻiston va Estoniya kabi mamlakatlarning tajribalari, shuningdek, ularning elektron xarid tizimlarining Oʻzbekistondagi davlat xaridlarida qoʻllanilishi oʻrganiladi. Ushbu tadqiqot 2022-2024-yillar davomida elektron doʻkonlar orqali amalga oshirilgan davlat xaridlari natijalari asosida olib borilgan boʻlib, davlat mablagʻlaridan samarali foydalanish va tejash imkoniyatlari bilan bogʻliq muhim maʼlumotlarni ochib beradi.
Maqolada zamonaviy davlat boshqaruviga taalluqli yondashuvlarning postindustrial jihatlari, an’anaviy ma’muriy yondashuvning “davlat xizmatlari ko‘rsatish modeli”, “davlat xizmati modeli”ga davlat va aholi o‘rtasidagi munosabatlarning “servis xususiyati”, davlat boshqaruvida biznes-shahar, aqlli shahar, aqlli davlat, “davlat-xizmat ko‘rsatuvchi” kabi biznes-modellarini qo‘llashga doir nazariy masalalar yoritib berilgan. Nazariy yondashuvlar asosida O‘zbekistonda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini postindustrial jamiyatda davlat boshqaruvining eng maqbul yechimlaridan biri sifatida “davlat – xizmat ko‘rsatuvchi” tamoyiliga o‘tkazish taklif qilingan.
Maqolada bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat moliyasining ahamiyatiga e’tibor qaratiladi, rivojlangan xorijiy mamlakatlar hukumati tomonidan iqtisodiyotning hozirgi bosqichida davlat moliyasini boshqarish samaradorligini oshirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati aks ettiriladi, xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan byudjet ko‘rsatkichlarining ochiqligi sohasidagi reyting natijalari tahlil qilinadi. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, davlat moliyasini boshqarishning istiqbolli xorijiy tajribasi sifatida natijalarga yo‘naltirilgan byudjetni faol joriy etish, davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash modelini ishlab chiqish, fiskal qoidalarni shakllantirish, byudjetni rejalashtirishni takomillashtirish, byudjet shaffofligini oshirish va boshqalar keltirib o‘tilgan.
Ushbu maqolada davlat moliyasini boshqarishda shaffoflik, hisobdorlik va samaradorlikni oshirishning muhim vositasi sifatida Davlat sektori buxgalteriya hisobi xalqaro standartlarini (IPSAS) joriy etish masalalari ko‘rib chiqiladi. IPSASning maqsadlari va afzalliklari, jumladan, moliyaviy hisobot sifatini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va davlat institutlariga ishonchni oshirish masalalari muhokama qilinadi. O‘zbekistonda standartlarni moslashtirish, jumladan, milliy standartlarni ishlab chiqish, mutaxassislar tayyorlash, texnologiyalarni modernizatsiya qilish, huquqiy va me’yoriy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. IPSASni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolar hamda ularni barqaror iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashishda qo‘llash istiqbollari ham tahlil qilinadi.
Mazkur ilmiy maqolada davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya bozorlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashning ilmiy-nazariy asoslari, iqtisodiy mexanizmlari va institutsional jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda davlat ishtirokidagi korxonalarning fond bozorlaridagi ishtiroki bozor likvidliligini oshirishi, uzoq muddatli investitsiya resurslarini jalb etishi hamda davlat budjeti yukini kamaytirishga xizmat qilishi empirik va statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Xususan, IPO, SPO va korporativ obligatsiyalar emissiyasi dinamikasi orqali kapital bozorlarida davlat sektorining o‘rni ochib berilgan. Tadqiqot natijalari davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya bozorlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, bozor infratuzilmasini rivojlantirish hamda milliy iqtisodiyotning uzoq muddatli o‘sishini ta’minlashda muhim omil ekanini ko‘rsatadi.
Amaliyot shuni ko’rsatmoqdaki, davlat moliyasini boshqarish doimiy rivojlanib bormoqda, byudjet muassasalarining tashkiliy-huquqiy shakllari o'zgarmoqda, hamda ularni moliyalashtirish tartibi, tijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash ham rivojlanib borayapti. Bular esa o'z navbatida davlat moliyaviy nazoratini takomillashtirish masalasi dolzarbligini oshirayotganligini guvohi bo’lishimiz mumkin. Ushbu maqolada davlat moliyasi sohasini isloh qilish, budjet mablagʻlarining samarali va oqilona sarflanishini ta’minlash maqsadida davlat moliyaviy nazorati tizimida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati tahlili keltirilgan.
Mazkur tadqiqot davlat korxonalarini (SOEs) boshlang‘ich ommaviy takliflar (IPO) va ikkilamchi ommaviy takliflar (SPO) orqali xususiylashtirish masalasini, ayniqsa, O‘zbekistonning rivojlanayotgan kapital bozori doirasida o‘rganadi. Koreya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi davlatlarning tajribasiga tayanilgan holda, ushbu maqola davlat korxonalarining fond bozoriga chiqarilishi orqali korporativ boshqaruvni takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, oshkoralikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Maqolada O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, investorlar bazasining zaifligi, listing infratuzilmasining yetarli emasligi, hamda oshkoralik va korporativ boshqaruvdagi muammolar tahlil qilinadi. Hukumat tomonidan yirik SOE’larning IPO orqali xususiylashtirilishi bo‘yicha jiddiy tashabbuslar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, institut sarmoyadorlarning kamligi, underwriterlar faoliyatining zaifligi va aholining fond bozori haqida yetarli bilimga ega emasligi kabi tizimli to‘siqlar mavjud. Tadqiqot bosqichma-bosqich IPO joriy etish, investitsion banklar salohiyatini oshirish, oshkoralik tizimini kuchaytirish va aholining aksiyalarga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari suradi. Ushbu xulosalar O‘zbekistonning davlatga asoslangan iqtisodiyotdan bozor mexanizmlariga asoslangan tizimga o‘tishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ushbu maqolada davlat qarzining mazmun-mohiyati, uning turlari, moliyaviy manbalari, xorijiy investitsiya va davlat tashqi qarzi o‘rtasidagi farqlar yoritilgan. Shuningdek, maqolada davlat qanday holatda, nima maqsadlarda qarz majburiyatlariga murojaat qilishi ham bayon qilingan. Maqolada O‘zbekiston tomonidan olingan qarzlarning iqtisodiy-moliyaviy holati tahlili amalga oshirilgan bo‘lib, qaysi davlatlardan, xorijiy moliya institutlaridan qancha miqdorda qarz olinganligi keltirilgan. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan olingan qarz majburiyatlari qaysi tarmoq va sohalarga yo‘naltirilayotganligining statistik tahlili ham keltirilgan.
Zamonaviy global iqtisodiyot sharoitida O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa faoliyat yo‘nalishlariga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish barqaror va dinamik rivojlanishni ta’minlash uchun muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatning ijtimoiy va davlat hayotidagi barcha jabhalarining tezkor o‘zgarishi olib borilayotgan islohotlarni eng so‘nggi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologik yechimlarga asoslangan holda tizimli qo‘llab-quvvatlashni talab qilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar O‘zbekistonni raqamlashtirish va bilimlarga asoslangan iqtisodiyotga o‘tish jarayonida jahon sivilizatsiyasi yetakchilari qatoriga olib chiqishga qaratilgan sifatli o‘tishni ta’minlashga yo‘naltirilgan. Ushbu mavzuning yuqori dolzarbligi xalqaro tajribani O‘zbekistonning milliy sharoitlariga moslashtirish va samarali innovatsion ekotizimni shakllantirish zaruratidan kelib chiqadi. Mazkur tadqiqotda iqtisodiy jihatdan rivojlangan va dinamik rivojlanayotgan mamlakatlarda innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning turli yondashuvlari tahlil qilinadi. Ushbu tahlilga asoslanib va O‘zbekiston milliy iqtisodiyoti hamda hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hisobga olgan holda, mualliflar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida innovatsion jarayonlarni davlat tomonidan rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Taklif qilingan yo‘nalishlar mamlakatning global miqyosdagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan.
Maqolada fiskal boshqaruvdagi yaxshilanishlar ijtimoiy tenglik natijalariga qanday ta’sir qilishini o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, u (Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik) PEFA asosidagi (Davlat moliyaviy boshqaruvi) PFM samaradorligi doirasidagi ko‘rsatkichlarini (Adolatga sodiqlik) CEQ asosidagi daromad tengsizligi va qashshoqlik metodologiyasi o‘lchovlari bilan birlashtiradigan empirik doirani integratsiya qiladi. Ushbu maqolada faqat milliy statistik va fiskal manbalardan olingan ommaga ochiq ma’lumotlarga tayanib, kompozit PFM indeksi tuzilgan va uning 2010-2024 yillardagi ijtimoiy tenglik natijalari bilan bog‘liqligi baholangan. Regressiya natijalari shuni ko‘rsatadiki, davlat moliyaviy boshqaruvidagi yaxshilanishlar daromad tengsizligi va qashshoqlikning pasayishi bilan sezilarli darajada bog‘liq. Xususan, budjet ishonchliligi va fiskal xavflarni boshqarish qayta taqsimlash samaradorligini oshiruvchi eng ta’sirli institutsional o‘lchovlar sifatida namoyon bo‘ladi. Tadqiqot o‘tish iqtisodiyotidan yangi empirik dalillarni taqdim etadi va fiskal boshqaruv islohotlariga institutsional va taqsimot nuqtai nazarlarini integratsiyalashning muhimligini ta’kidlaydi.
Zamonaviy moliyaviy boshqaruv va nazorat kontekstida davlat sektori ko‘proq e’tibor qaratiladigan obyektga aylanib bormoqda. Ushbu maqolada davlat va jamoat tashkilotlarida moliyaviy nazorat tizimini rivojlantirishning bugungi holati va istiqboldagi yo‘nalishlari har tomonlama tahlil qilingan bo‘lib, davlat resurslaridan samarali foydalanish va strategik maqsadlarga erishish uchun nazorat jarayonlarini optimallashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Qolaversa, maqolada davlat sektorida moliyaviy nazorat oldida turgan muammolar ko‘rib chiqilgan.
Maqolada raqamli iqtisodiyot va davlat qarzini boshqarish integratsiyasi hamda yangi moliyaviy modellarni shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Sun’iy intellekt, big data, blokcheyn va fintech texnologiyalari asosida davlat qarzini boshqarishning innovatsion yo‘nalishlari tahlil qilindi. Xalqaro tajriba hamda O‘zbekistonning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari asosida ilmiy xulosalar ishlab chiqildi.
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash vositalari orasida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini sugʻurtalash muhim oʻrin tutadi, shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada sugʻurtalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan.
Mazkur ishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning nazariy, huquqiy hamda institutsional asoslari kompleks tarzda tahlil etilgan. Tadqiqotda kichik biznesning milliy iqtisodiyot rivojidagi o‘rni, uning aholi bandligini ta’minlash, raqobat muhitini shakllantirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashdagi ahamiyati asoslab berilgan. Shuningdek, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan moliyaviy, soliq, kredit, tashkiliy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining mazmuni va samaradorligi ilmiy jihatdan yoritilgan.
Davlat kompaniyalari tomonidan IPO o‘tkazish jarayonida faoliyat shaffofligi muhim rol o'ynaydi, chunki u investorlarning ishonchini ta'minlaydi va kapital oqimini rag'batlantiradi. Ushbu tadqiqot ishi IPO orqali davlat aktivlarini xususiylashtirish sharoitida shaffoflikning ahamiyatini tahlil qilishga qaratilgan. Investorlar uchun risklarni minimallashtirish va investitsiya samaradorligini oshirishda shaffoflikning roliga alohida urg‘u berilgan bo‘lib, tadqiqotda adabiyotlar va amaliy holatlar tahlili asosida davlat kompaniyalari IPOlarining shaffoflik darajasi va muvaffaqiyati o‘rtasidagi bog‘liqlik ochib berilgan, shuningdek, xususiylashtirish jarayonida shaffoflikni ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Tadqiqot natijalari davlat idoralari uchun ham, moliya bozori ishtirokchilari uchun ham foydali bo‘lib, IPO jarayoni sifatini yaxshilashga va investitsiya muhitiga ishonchni oshirishga yordam beradi.
Boshqaruv samaradorligini oshirish ko‘p jihatdan boshqaruv xodimlarining mehnatini munosib baholash masalalariga bog‘liq. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada boshqaruv samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini joriy qilish masalalari muhokama qilingan.
Ushbu maqolada davlat ulushi mavjud xo‘jalik yurituvchi subyektlarda korrupsiya xatarlarini kamaytirishda korporativ boshqaruv tizimining institutsional jihatlari tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba, jumladan OECD tamoyillari, ESG indikatorlari va ilg‘or xorijiy davlatlar amaliyoti asosida kuzatuv kengashlarining mustaqilligi, ichki va tashqi audit tizimlarining samaradorligi, shaffoflik darajasi va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish mexanizmlari ilmiy asosda o‘rganilgan. Tadqiqot doirasida tizimli tahlil, taqqoslovchi metod va empirik uslublar yordamida O‘zbekistonning yirik davlat ishtirokidagi kompaniyalaridagi boshqaruv amaliyotlari tahlil etilib, takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalari qiymatini va daromadliligini baholash masalalarini o‘rganishda davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati, xususiyatlari, qimmatli qog‘ozlar emissiyasi kabilar bo‘yicha turli tadqiqotchilarning yondashuvlari tadqiq etilgan. Davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalari qiymatini va daromadliligini baholash usullari va yo‘nalishlari tahlil qilingan. Davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalari qiymatini va daromadliligini baholash masalalarini o‘rganish asosida tegishli xulosalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqola moliyaviy xizmatlar bozorida raqobatni rivojlantirish vektorlaridan biri sifatida davlat ishtirokini kamaytirish mavzusini ko'rib chiqqan. Mualliflar moliya bozorlariga davlat aralashuvini oshirish yoki saqlab qolishning salbiy oqibatlarini tahlil qildilar. Maqolada raqobat va moliyaviy barqarorlik o'rtasidagi muvozanatni hisobga olgan holda qanday choralar davlat aralashuvini kamaytirishga yordam berishi mumkinligi muhokama qilingan.
Ushbu ilmiy tadqiqot O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlarining mehmonxona sanoatini rivojlantirishda soliq imtiyozlari va subsidiya siyosatining iqtisodiy samaradorligini qiyosiy tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda ikki mamlakat tajribasi asosida mehmonxona sektorini moliyaviy rag‘batlantirish usullari, ularning investitsiyaviy jozibadorlikka va hududiy iqtisodiy o‘sishga ta’siri kompleks tarzda o‘rganiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi soliq yengilliklari va davlat subsidiyalari orqali turizm infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, mehmonxona tarmog‘i rivojiga ko‘mak beruvchi iqtisodiy instrumentlarning samaradorligini aniqlashdir. Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining amaliy natijalari ham empirik dalillar asosida baholanadi.Tadqiqot davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreyada qo‘llanilgan moliyaviy yondashuvlar samaradorligining nisbiy ustunliklari aniqlanadi, Soliq va subsidiya siyosatining hududlararo nomutanosiblikni kamaytirish va turizm salohiyatini oshirishdagi ta’siri baholanadi, O‘zbekiston uchun moslashtirilgan, xalqaro ilg‘or tajribaga asoslangan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqiladi. Mazkur tadqiqot iqtisodchi olimlar, tahlilchilar, turizm sohasi bo‘yicha qaror qabul qiluvchilar, investitsiya siyosatini shakllantiruvchi mutasaddilar, shuningdek magistratura darajasidagi tadqiqotchilar uchun amaliy va nazariy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot nafaqat mavjud iqtisodiy va institutsional muammolarni yoritadi, balki ularni hal qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ham ilgari suradi. Shuning uchun bu ish barqaror turizm siyosatini yaratish yo‘lida ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi,O‘zbekiston va Janubiy Koreya mehmonxona sanoatida soliq imtiyozlari va subsidiyalarni qo‘llash amaliyoti birinchi marta tizimli qiyosiy tahlil qilingan. Mazkur ishda soliq yengilliklarining investitsiya faolligi, hududiy rivojlanish va xizmat sifati kabi mezonlarga ta’siri aniqlangan. Shuningdek, milliy sharoitga moslashtirilgan, iqtisodiy samaradorlikka yo‘naltirilgan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqilib, davlat-xususiy sheriklik asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Maqolada O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (PPP) mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba va ularni milliy sharoitga moslashtirish imkoniyatlari chuqur tahlil qilingan. Xususan, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Kanada, Avstraliya, Singapur, Malayziya, Hindiston, BAA va Janubiy Koreya tajribasi asosida ularning afzalliklari, kamchiliklari, risklarni boshqarish mexanizmlari va institutsional asoslari ko‘rib chiqilgan. Maqola davomida O‘zbekiston sharoitida PPP loyihalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar, mavjud imkoniyatlar, moliyaviy va huquqiy asoslar chuqur tahlil qilinib, PESTEL va SWOT tahlillar keltirilgan. Shuningdek, maqolada statistik ma’lumotlar asosida turizm sohasida investitsiya hajmlari, ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sifatini oshirishga PPPning ta’siri yoritilgan. Natijada, davlat, xususiy sektor va xalqaro hamkorlik uchun 10 ta aniq taklif ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada hududiy rivojlanishda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlarining roli, amaliy tatbiqi va istiqbollari chuqur tahlil qilinadi. Hududlarda iqtisodiy o‘sish, zamonaviy infratuzilma barpo etish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va investitsion muhitni yaxshilashda DXSh alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqotda Qashqadaryo viloyati misolida DXSh loyihalarining samaradorligi va ular orqali erishilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy natijalar o‘rganildi. Statistik ma’lumotlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar tahlili va solishtirma usul yordamida olib borilgan tahlillar natijasida aniqlandiki, DXSh asosidagi hamkorlik hududiy taraqqiyotda innovatsion va moliyaviy yechimlarni keng joriy qilishga xizmat qilmoqda. Maqola yakunida ushbu mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha tegishli ilmiy-amaliy tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqolada davlat byudjetini barqaror ta’minlashda soliq nazorati tadbirlarining o‘rni va ahamiyati tahlil qilinadi. 2019-2024-yillar davrida soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida undirilgan soliqlar hajmi dinamikasi o‘rganilib, soliq nazoratining davlat moliyasini boshqarishdagi fiskal samaradorligi ochib berilgan. Maqolada xorijiy va mahalliy olimlarning ilmiy qarashlari asosida soliq nazoratining raqamli transformatsiyasi, risk tahliliga asoslangan yondashuvlar hamda profilaktik nazorat mexanizmlarining amaliy afzalliklari yoritilgan. Shuningdek, soliq tekshiruvlarini takomillashtirish, nazorat natijalarini oshkoralik va iqtisodiy tahlil orqali baholashga oid takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari soliqqa oid siyosatni takomillashtirish va byudjet barqarorligini mustahkamlashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida korporativ boshqaruv tizimining evolyutsiyasi va uning institutsional mazmunidagi o‘zgarishlar ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda raqamli texnologiyalar korporativ boshqaruvning yordamchi vositasi emas, balki uning institutsional yadrosi sifatida shakllanayotgani asoslab berildi. Direktorlar kengashining raqamli strategiya, ma’lumotlar siyosati va raqamli risklarni boshqarishdagi rolining kuchayishi alohida yoritilgan. Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarda raqamli korporativ boshqaruvni joriy etish jarayonida yuzaga kelayotgan institutsional, tashkiliy, texnologik va normativ-huquqiy muammolar tizimli ravishda tahlil qilingan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, raqamli muhitda korporativ boshqaruvni takomillashtirish boshqaruv qarorlarining shaffofligi, tezkorligi va investitsion jozibadorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maqolada O‘zbekiston sharoitida davlat ishtirokidagi korxonalar uchun moslashtirilgan raqamli korporativ boshqaruvning mualliflik yondashuvi taklif etilgan.
Maqolada sanoatga innovatsiyani kiritilish va shu asosda ishlab chiqarishni yuqori texnologik jarayonga o‘tkazilganligi, o‘z navbatida, biznesni rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatganligi, xorijiy mamlakatlar tajribasidan aniq tahlillarga tayangan holda yoritilgan. Sanoatga innovatsiyani jalb etish biznes rivojlanishida qanchalik ahamiyatli ekanligi oʻrganildi. Rivojlangan mamlakatlar tajribalari tadqiq etildi. Amerika, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Fransiya mamlakatlarida sanoat va biznesni rivojlanishi uchun qanday innovatsion yoʻnalish va yondoshuvlar tadbiq etilganligi oʻrganib chiqildi. Ushbu davlatlarda asosan universitet-biznes va davlat-biznes tamoyili koʻproq qoʻllanilgan, ya’ni sanoat va biznesni yangi darajaga olib chiqish uchun universitetlarga innovatsion mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy ishlanmalar, startap loyihalarni taklif etilishi muhim hisoblangan. Bu jarayon hozir ham oʻz mavqeyini saqlab qolgan. Shuningdek, mazkur mamlakatlarda davlat biznes subyektlarini kuchli himoya qilgan va ragʻbatlantirganligi ham sanoat va biznesni yangi darajaga chiqishining eng muhim omili sifatida keltirilgan, amalda ham aynan shunday ekanligini tahlillar koʻrsatmoqda. Biz uchun ham aynan universitet-biznes , davlat-biznes tamoyili sanoat va biznesni rivojlanishida eng muhim omil ekanligini tasdiqladik.