O‘zbekistonda hududlarni barqaror va jadal rivojlantirish uchun ularning kompleks mutanosib rivojlanishi, resurslardan foydalanish samaradorligi, iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy salohiyatini baholashning yagona tizimini joriy etish, hududlarni rivojlantirish uchun zarur moliyaviy resurslar va imkoniyatlar bilan ta’minlash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini yanada oshirish, mahalliy budjetga tushumlar to‘liqligini ta’minlash strategiyalarini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq etish borasidagi ilmiy-tadqiqotlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Mazkur maqolada hududlarni barqaror rivojlantirish masalalari ham nazariy va ham amaliy jihatdan yoritib berilgan.
O‘zbekiston mehmonxona sohasi tez sur’atlar bilan kengayib bormoqda, ayniqsa, Toshkent, Samarqand va Buxoroda mehmonxonalar soni sezilarli darajada oshdi. Mamlakatning barqaror rivojlanish sa’y-harakatlari doirasida Atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillari tartibga soluvchi hujjatlar va biznes amaliyotlariga integratsiya qilinmoqda. Ushbu maqola O‘zbekiston mehmonxona sohasida ESGni joriy etishning hozirgi holati, milliy siyosatning ta’siri va ESG strategiyalarini amalga oshirishning afzalliklarini o‘rganadi. Adabiyotlar sharhida global ilg‘or tajribalar va ESG talablariga rioya qilishning moliyaviy ustunliklari ko‘rsatilgan. Tadqiqot ESGni joriy etish muammolarini tahlil qiladi va O‘zbekiston mehmonxona sohasida barqarorlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi.
Ushbu tadqiqotda "Industriya 4.0" konsepsiyasi doirasida toʻrtinchi sanoat inqilobining G7 mamlakatlari, Rossiya, Qozogʻiston va Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy tizimlariga oʻzgartiruvchi taʼsiri zamonaviy ilmiy dalillarga asoslanib oʻrganiladi. Tadqiqotda katta maʼlumotlar (Big Data), narsalar interneti (IoT) va kiber-fizik tizimlar kabi raqamli texnologiyalarning integratsiyasi sanoat ishlab chiqarishni qayta shakllantirishi, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishi va barqaror rivojlanishga yordam berishi, shu bilan birga ijtimoiy va institutsional muammolarni keltirib chiqarishi koʻrib chiqiladi. Tadqiqotda tizimli tahlil va qiyosiy yondashuv qoʻllaniladi, bu esa Rossiyada Smart Grid kabi aqlli texnologiyalarning va Oʻzbekistonda IoT asosidagi qishloq xoʻjaligi yutuqlarining turlicha qoʻllanilishi hamda G7 mamlakatlarining avtomatlashtirish sohasidagi yetakchiligini taʼkidlaydi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, Industriya 4.0 iqtisodiy oʻsish va ekologik foyda keltirsa-da, u mehnat bozoridagi buzilishlarni kuchaytiradi va resurslarga boʻlgan talabni oshiradi, bu esa mustahkam institutsional islohotlar va "Adolatli oʻtish" tizimini joriy etishni talab qiladi. Ushbu qiyosiy tahlil turli iqtisodiy kontekstlarda texnologik taraqqiyot va ijtimoiy adolatni muvozanatlash uchun maxsus strategiyalarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidlaydi.
Ushbu maqola raqamli texnologiyalar asosida buxgalteriya hisobining modernizatsiyasini o‘rganadi. Buxgalteriya hisobi sohasidagi innovatsiyalar, asosan, raqamli tizimlarning joriy etilishi va avtomatlashtirilgan jarayonlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan. Maqolada buxgalteriya hisobining raqamli transformatsiyasi jarayonidagi asosiy muammolar va imkoniyatlar tahlil qilinadi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar, jumladan sun’iy intellekt, bulutli tizimlar va blokcheyn texnologiyalari orqali buxgalteriya amaliyotining samaradorligini oshirish, xatoliklarni kamaytirish, va vaqtni tejash imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. Maqolada buxgalteriya hisobining raqamli inqilobi sharoitida yuzaga kelgan muammolar, xususan, texnologik to‘siqlar, malakali mutaxassislarning yetishmasligi va tizimlar o‘rtasidagi moslashuv muammolari batafsil yoritiladi. Shu bilan birga, ushbu yangi texnologiyalarning imkoniyatlari, innovatsion yechimlar va kelajak istiqbollari hamda buxgalteriya tizimlarining modernizatsiyasiga qo‘yiladigan talablar o‘rganiladi. Maqola natijalari, ayniqsa, buxgalteriya hisobining raqamli tizimlar bilan integratsiyasi jarayonidagi o‘zgarishlarni chuqur tahlil qilishga va ilmiy-amaliy takliflar berishga yo‘naltirilgan.
Ilmiy maqolada axborot tizimini joriy etish jarayonlarida yuzaga keladigan ba’zi muammolar, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning ”O‘zbekenergo” DAKga qo‘llash texnologiyasi, AKTning an’anaviy tuzilishi, raqamli iqtisodiyotning shakllanishi, istiqboldagi AKT bo‘limlarining tarkibiy tuzilishi hamda korporativ axborot tizimlarining joriy etilishi va ishlashi, ushbu tizimlarni tashkil etishdagi bir qator kamchiliklar, raqamlashtirish dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun shu sohadagi butun jahon hamjamiyati tamoyillari ilmiy jihatdan asoslab berilgan.
Ushbu maqolada Janubiy Koreyaning turizm infratuzilmasini rivojlantirishdagi ilg‘or tajribasi o‘rganilib, uning O‘zbekiston sharoitiga mos barqaror yondashuvlari tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida Koreya Respublikasida davlat va xususiy sektor hamkorligi, raqamli texnologiyalarni joriy etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda sayyohlik hududlarini tizimli rivojlantirish kabi omillar asosiy e’tiborga olingan. Mazkur tajribani O‘zbekistonga tatbiq etish orqali mamlakatimizda turizm sohasining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishiga erishish mumkinligi asoslab beriladi. Maqola yakunida O‘zbekiston uchun amaliy tavsiyalar hamda zamonaviy infratuzilmaviy yondashuvlar ilgari suriladi.
Мазкур мақолада инновацион иқтисодиёт шароитида давлат харидлари тизимини такомиллаштириш муаммолари ва уларни ҳал этиш чора-тадбирлари таҳлил қилинди. Давлат харидлари жараёнидаги бюрократик тўсиқлар, молиявий қўллаб-қувватлашнинг етишмаслиги ва коррупция хавфи давлат харидларини самарали ривожланишига салбий таъсир кўрсатиши аниқланди. Мақолада қонунчиликни такомиллаштириш, электрон тендер тизимини жорий этиш, кичик ва ўрта бизнес учун молиявий дастурларни кенгайтириш каби чора-тадбирлар тавсия қилинган. Давлат харидлари тизимини модернизация қилиш миллий иқтисодиётни барқарор ривожлантиришга кўмаклашади.
Мақолада суғурта компанияларининг барқарор молиялаштиришнинг муҳим йўналиши сифатида яшил инвестицияларни ривожлантиришдаги роли кўриб чиқилган. Яшил инвестицияларнинг назарий асослари, асосий тамойиллари ва суғурта соҳасидаги асосий йўналишлари таҳлил қилинган. ESG мезонларини инвестиция амалиётига интеграция қилишда суғурта компаниялари дуч келадиган афзалликлар ва муаммоларга алоҳида эътибор қаратилган. Ҳисобот стандартларини бирлаштириш, рақамли технологияларни жорий этиш ҳамда мутахассисларнинг малакасини ошириш каби яшил инвестиция механизмларини такомиллаштириш бўйича тавсиялар берилган.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda turizm xizmatlarini boshqarish tizimini modernizatsiya qilishning zaruriyati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha samarali strategik yo‘nalishlar ilmiy asosda tahlil qilindi. Tadqiqot davomida statistika, komparativ tahlil, TOWS yondashuvi, kontent tahlili kabi metodlardan foydalanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, sohada institutsional nomuvofiqliklar, raqamli boshqaruvning sustligi, hududlar bo‘yicha xizmatlar sifati notekisligi, kadrlar malakasining pastligi va marketing siyosatining yetarli emasligi hali ham dolzarbdir. Shuningdek, smart-turizm, raqamli platformalar, xalqaro standartlar asosida xizmat sifati boshqaruvi va mahalliy aholi ishtirokini kengaytirish kabi yo‘nalishlar sektorni modernizatsiya qilishda hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Mazkur maqola O‘zbekistonda turizm boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha kompleks yechimlar taklif etadi va amaliy qarorlar qabul qilishda foydali ilmiy manba vazifasini bajaradi.
Ushbu maqola zamonaviy iqtisodiyotning dinamik va murakkab sharoitlarida ekonometrik modellashtirishning oʻziga xos jihatlarini oʻrganadi. Mazkur maqolada katta ma’lumotlar (big data), mashinaviy oʻrganish (machine learning) va sun’iy intellekt integratsiyasi kabi zamonaviy tendensiyalar ta’kidlangan boʻlib, ular inflyatsiya, ishsizlik, iqlim oʻzgarishi va pandemiya ta’sirini prognoz qilishda muhim rol oʻynaydi. Metodologiyada sistematik adabiyotlar tahlili qoʻllanilgan, bu esa Scopus, Web of Science, ResearchGate bazalaridagi soʻnggi 5 yillik (2020-2025) ilmiy maqolalarga tayanadi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, ML-gibrid modellar prognoz aniqligini oshiradi (RMSE va MAE pasayishi), ammo iqlim oʻzgarishining salbiy ta’siri va ma’lumotlar noaniqligi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Xulosa va takliflarda siyosatni shakllantirishda modellarning chidamliligini oshirish, fanlararo hamkorlikni kuchaytirish va etik standartlarni joriy etish taklif etiladi, bu esa barqaror rivojlanish va iqtisodiy tiklanishga hissa qoʻshadi.
Xalqarolashtirish oliy ta’lim sohasida raqobatbardoshlikning asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda, u oliygohlarning global maydondagi mavqei, imiji va bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini belgilab beradi. Rivojlanayotgan davlatlar uchun esa bu jarayon xalqaro ilmiy hamjamiyatga kirish va jahon reytinglarida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini beradi. Ushbu maqolaning maqsadi – O‘zbekiston universitetlarining raqobatbardoshligini oshirishda xalqarolashtirishning qanday rol o‘ynashini turli oliygohlar va mutasaddi tashkilot vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida tahlil qilishdir. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston universitetlari xalqarolashtirishni faol qo‘llayotgan bo‘lsalar-da, boshqaruv, resurslarni taqsimlash va til salohiyatida muammolar mavjud. Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) va Toshkent shahridagi Vebster universiteti kabi xalqaro hamkorlikka ega oliygohlar xalqaro tarmoqlardan samaraliroq foydalanmoqda, milliy universitetlar asta-sekinlik bilan talabalar almashinuvi dasturlari va xorijda o‘qituvchilar malakasini oshirish orqali harakat qilmoqda. Maqolada ta’kidlanadiki, agar xalqarolashtirish ta’lim, ilmiy tadqiqot va boshqaruv jarayonlariga to‘liq integratsiya qilinmasa, u O‘zbekiston oliy ta’limida barqaror raqobatbardoshlik omili sifatida qaralishi mumkin emas.
Maqolada Oʻzbekiston Respublikasida kiyim ishlab chiqarish sanoatining hozirgi holati, rivojlanish omillari va istiqbollari yoritilgan. Sanoatning milliy iqtisodiyotdagi oʻrni, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish, brend va dizayn siyosatini rivojlantirish zarurati tahlil qilingan. Shuningdek, ilmiy asoslangan marketing strategiyalarini joriy etish, neyromarketing yondashuvlari, elektron tijorat imkoniyatlaridan foydalanish va kadrlar tayyorlash tizimini kuchaytirish sohaning global raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim omil sifatida qayd etilgan.
Ushbu maqola raqamli iqtisodiyot sharoitida O‘zbekiston kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sektorining rivojlanish imkoniyatlari, muammolari va istiqbollarini kompleks tahlil qilishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda raqamli transformatsiyaning kichik biznesga ta’sir mexanizmlari, hozirgi holat tahlili, xorijiy tajriba va eng yaxshi amaliyotlar o‘rganilgan. Raqamli iqtisodiyot kichik biznes uchun bozor chegaralarini kengaytirish, operatsion xarajatlarni kamaytirish va yangi biznes modellarini joriy etish kabi ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jadal sur’atlarda rivojlanayotgan bo‘lsa-da, kichik biznes sektorida raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi rivojlangan mamlakatlar ko‘rsatkichlaridan orqada qolmoqda. Maqolada kichik biznes raqamlashuvini tezlashtirish uchun raqamli savodxonlik dasturlarini ishlab chiqish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha takliflar berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasida islomiy mikromoliyalash tizimining rivojlanishi moliyaviy inklyuziya va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot islomiy mikromoliyalash institutlarining tarkibi, faoliyat koʻrsatkichlari va rivojlanish istiqbollarini tahlil qiladi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro tajribalarni joriy etish orqali tizimni yanada rivojlantirish imkoniyatlari mavjud.
Ushbu maqolada sanoat korxonalarida innovatsion rivojlanishning nazariy asoslari tahlil qilingan. Innovatsiyalar sanoatning rivojida va raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maqolada innovatsion rivojlanishning turli nazariy modellari, ularning bosqichlari va sanoat korxonalaridagi qo‘llanilishi ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, innovatsiyalarni samarali boshqarish uchun zarur bo‘lgan ichki va tashqi omillar tahlil qilingan. Maqolada nazariy bilimlarni amaliy sohada qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar beriladi hamda kelgusidagi tadqiqot yo‘nalishlari belgilab berilgan.
Ushbu maqolada raqamli logistik tizimlarda uchraydigan asosiy xavfsizlik muammolari va ularni bartaraf etish usullari tahlil qilingan. Raqamli texnologiyalarning logistikaga keng joriy etilishi natijasida axborot xavfsizligi, tizimga noqonuniy kirishlar, ma’lumotlarning maxfiyligi va uzluksizligi kabi masalalar dolzarb bo‘lib bormoqda. Tadqiqotda mavjud tahdidlar, ularning oqibatlari va zamonaviy himoya texnologiyalari, jumladan, kriptografik usullar, kirishni boshqarish tizimlari, xavfsizlik devorlari (Firewall), SIEM tizimlari va boshqa ilg‘or yechimlar yoritilgan. Shu orqali logistikada raqamli infratuzilmaning barqarorligi va ishonchliligi ta’minlanishi mumkinligi ko‘rsatib beriladi.