Ushbu tadqiqot ESG tamoyillariga asoslangan innovatsiyalarni bank sektorida strategik raqobat ustunligining manbai sifatida tahlil qiladi hamda rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy banklar oʻrtasidagi farqlarni qiyosiy oʻrganadi. Resursga asoslangan nazariya va dinamik imkoniyatlar yondashuviga tayangan holda, muallif tomonidan ESG innovatsiyalarining yangi indeksi ishlab chiqilgan. Ushbu indeks banklarning asosiy faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi ESG tahlil tizimlari, uglerod izini kuzatish platformalari va raqamli hisobot tizimlari kabi barqaror texnologiyalar qanchalik chuqur integratsiya qilinganini baholaydi. 2015–2024 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi 68 ta bank ma’lumotlari asosida fiksirlangan effektlar va tizimli GMM modellari yordamida ESG innovatsiyalarining foydalilik (ROA, ROE), operatsion samaradorlik, bozor ulushi va investorlar uchun jozibadorlikka ta’siri baholangan. Natijalar ESG innovatsiyalari moliyaviy va operatsion natijalarni sezilarli darajada yaxshilashini koʻrsatdi, buning ta’siri xususiy banklarda ancha yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mulkchilik shakli ESG innovatsiyasi va bank faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilaydi, xususiy banklar texnologik faollikdan foyda olishda ustun, davlat banklari esa ko‘proq muvofiqlik yondashuviga tayangan. Ushbu ish strategik boshqaruv va barqaror moliya sohasiga ESG innovatsiyasini dinamik imkoniyat sifatida talqin etish orqali nazariy va amaliy hissa qo‘shadi hamda moliyaviy nazorat organlari uchun foydali siyosiy tavsiyalarni beradi.
Ushbu maqola Oʻzbekiston tijorat banklarining ustav kapitalidan foydalanish samaradorligini baholash uchun asosiy koʻrsatkich boʻlgan kapital rentabelligi (ROE) koʻrsatkichini tahlil qilishga qaratilgan. 1999-2023 yillar oraligʻida mamlakatda faoliyat yuritgan tijorat banklari toʻrt guruhga ajratilgan holda mulkchilik shakli boʻyicha ROE oʻrtasidagi farqlar oʻrganildi. Tahlil natijalariga koʻra, davlat bilvosita egalik qiluvchi banklar eng yuqori oʻrtacha ROEga ega boʻlgan boʻlsa, davlat bevosita egalik qiluvchi banklar eng past darajadagi kapital rentabelligini namoyon etdi. Xususiy banklar yuqori darajada tebranuvchanlikka ega boʻlib, bu ularning faoliyatida ortiqcha xavf mavjudligini koʻrsatadi. Xorijiy banklarning kapitaldan foydalanish samaradorligi esa barqaror boʻlib, ular tahlil davrining soʻnggi yillarida ijobiy oʻsishni namoyish etdi. Ushbu tadqiqot tijorat banklarining samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda foydali boʻlishi mumkin.