Ushbu maqolada O‘zbekistonda elektron pullardan foydalanish jarayoni, uning rivojlanish omillari va mavjud muammolar tahlil qilingan. So‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi bilan elektron to‘lov vositalaridan foydalanish tendensiyalari sezilarli darajada kuchaygan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha ayrim cheklovlar, infratuzilma yetishmovchiligi, aholining raqamli savodxonligi va bank tizimiga ishonch darajasi kabi omillar jarayonni sekinlashtirayotganligi aniqlangan. Tadqiqotda O‘zbekiston, Turkiya va Qozog‘iston tajribalarini solishtiruvchi tahlil o‘tkazilgan, shuningdek 2017–2024 yillar davomida banklardagi jami mablag‘lar, elektron pullar ulushi va muddatli depozitlar tarkibidagi o‘zgarishlar statistik ko‘rsatkichlar orqali yoritilgan. Natijalar aholining elektron pullardan foydalanishida sezilarli o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, ularning umumiy bank mablag‘laridagi ulushi kamayganini ko‘rsatadi. Bu o‘zgarishlar raqamli infratuzilmaning rivojlanishi, xavfsizlik tizimlari, aholining raqamli savodxonligi va davlatning tartibga solish siyosati bilan bevosita bog‘liqligi ta’kidlangan. Muallif, elektron pul bozori rivojini rag‘batlantirish uchun infratuzilmani kengaytirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish, raqamli savodxonlikni oshirish va qonunchilikni takomillashtirish zarurligini asoslab beradi.
Mazkur maqolada JPMorgan Chase va Wells Fargo kabi yirik xorijiy tijorat banklari misolida resurs bazasi tarkibi hamda kapital yetarliligini ta’minlash mexanizmlari o‘rganilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, banklarning asosiy resurs manbai sifatida depozitlar salmog‘i yuqori bo‘lib, uzoq muddatli qarz majburiyatlari va aksiyadorlik kapitali moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Bazel qo‘mitasining kapital yetarliligi bo‘yicha belgilangan me’yorlari tijorat banklari uchun muhim standart bo‘lib, ularning risklarni qoplash qobiliyatini oshiradi. Olingan xulosalar O‘zbekiston bank tizimi uchun resurs bazasini diversifikatsiya qilish, kapitalni optimallashtirish va likvidlikni boshqarish bo‘yicha amaliy ahamiyat kasb etadi.
Ushbu tadqiqot O‘zsanoatqurilishbankning 2000-2024-yillardagi tarixiy ma’lumotlarini tahlil qilib, bank depozitlari va umumiy resurslarining o‘sish tendensiyasini oddiy OLS (eng kichik kvadratlar) regressiya modeli asosida bashorat qiladi. Har ikkala ko‘rsatkich uchun chiziqli vaqt tendensiyasi modeli tuzildi va uzoq muddatli o‘sish aniqlashtirildi. Regressiya natijalari depozitlar va resurslar bo‘yicha yuqori R² qiymatlari va statistik jihatdan muhim koeffitsiyentlar orqali barqaror o‘sishni ko‘rsatdi. Trend asosida yaratilgan bashoratlar bank depozitlari va resurslarining qisqa muddatda ham kengayishini ko‘rsatmoqda. Ushbu topilmalar bank rahbariyati va siyosatchilar uchun dolzarb bo‘lib, O‘zbekiston bank sektorida moliyalashtirish manbalarining yo‘nalishini yoritadi. Modelning soddaligi va ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlar cheklovlar sirasiga kiradi, shunga qaramay, natijalar boshlang‘ich prognoz sifatida foydalidir va depozitlarni jalb qilish hamda moliya sektoridagi islohotlarni chuqurlashtirish zarurligini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash hamda resurslarni jalb qilish strategiyalari tahlil qilinadi. Bank tizimining modernizatsiyasi, yangi moliyaviy vositalar va innovatsion yondashuvlar orqali mamlakatning iqtisodiy barqarorligi oshirilishi kerakligi koʻrsatilgan. Maqolada Oʻzbekiston bank tizimining asosiy muammolari, ularni bartaraf etishning zamonaviy usullari, shuningdek, xalqaro tajribalar asosida resurslarni jalb qilish imkoniyatlari va ularning mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyati muhokama qilinadi. Shu bilan birga, islohotlar orqali banklar va moliyaviy tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatish yoʻllari tavsiya etiladi.