Ushbu maqolada Oʻzbekiston Respublikasida Yirik soliq toʻlovchilar inspeksiyasi soliq maʼmurchiligini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari, xususan, soliq tizimini raqamlashtirish, xalqaro standartlarni (OECD) implementatsiya qilish va soliq nazoratini optimallashtirish masalalari tahlil qilingan. Tadqiqot davomida soliq auditi uchun nomzodlarni tanlashda inson omilini kamaytirish, "Big Data" texnologiyalaridan foydalangan holda tahliliy jarayonlarni tezlashtirish va elektron tijorat sohasida soliq bazasini kengaytirish boʻyicha aniq yechimlar taklif etilgan. Shuningdek, yirik soliq toʻlovchilar uchun soliq monitoringi tizimini joriy etish orqali maʼmuriy yukni kamaytirish va soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mexanizmlari yoritilgan
Bugungi kunda soliq ma’muriyatchiligi doirasida soliqlar tuzilmasini optimallashtirish, ularni undirish, soliq hisobi va hisobotini yuritish mexanizmini takomillashtirish, soliq to‘g‘ri hisoblanishi, o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi, soliq to‘lovchilarning soliq qonunchiligida belgilangan huquq va majburiyatlariga rioya etishini nazorat qilish, soliq tushumlarini turli darajadagi byudjetlar o‘rtasida taqsimlash, natijalarni yig‘ish va tahlil qilish, soliqqa tortish jarayonining barcha ishtirokchilarining soliq munosabatlarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha keng chora-tadbirlar amalga oshirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Shuningdek, 2023-yil 18-avgust kuni o‘tkazilgan Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab, qonunchilik talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish va ularni rag‘batlantirish maqsadida soliq ma’murchiligiga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali soliq bazasini kengaytirish hamda soliq tizimida amalga oshirilayotgan ayrim muhim islohotlar o‘rganilib, xorij tajribasi, mamlakatimizda uni qo‘llash bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqola O‘zbekiston soliq ma’muriyatchiligida elektron hisob-fakturalar (EHF) tizimining rolini va soliq xavfini aniqlash mexanizmlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda EHF orqali to‘plangan raqamli ma’lumotlar tahlili, risk indikatorlari asosida soliq to‘lovchilarning xavf darajasini aniqlash, viloyatlar kesimida tovar aylanmasi va yirik soliq to‘lovchilar faoliyatini kuzatish amaliyoti tahlil qilingan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, EHF tizimi soliq auditi samaradorligini oshirish, soliqqa rioya etish darajasini yaxshilash va soliq ma’muriyatchiligini optimallashtirish uchun muhim vosita hisoblanadi. Tadqiqot shuningdek, EHF tizimining soliq to‘lovchilar uchun afzalliklarini, jumladan moddiy va inson resurslarini tejash, QQS hisoblashdagi xatolarni kamaytirish va hisobotlarni avtomatlashtirish imkoniyatlarini ta’kidlaydi.
Mazkur maqolada soliq organlari tomonidan tekshirish va soliq to‘lovchilar faoliyatini nazorat qilish amaliyotini takomillashtirish orqali ularning mumkin bo‘lgan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarini aniqlash, adolatli soliqqa tortishni ta’minlash va pirovardida soliq tizimining umumiy samaradorligiga hissa qo‘shish imkoniyatlarini oshirishi mumkinligi organilgan va xulosalar shakllantirilgan. Maqolada xorijiy tajribalarni O‘zbekiston sharoitida tatbiq etishning afzalliklari va muammolari yoritilib, milliy soliq siyosatini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan
Maqolada O‘zbekistonda raqamli fiskal boshqaruvni kuchaytirish maqsadida tatbiq etilgan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tizimi tahlil qilinadi. Baholash jarayoni yuridik shaxslarning soliq intizomi, moliyaviy shaffoflik, rasmiylashtirish intizomi hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasini avtomatlashtirilgan algoritmlar orqali aniqlashga asoslanadi. Tadqiqot doirasida reyting indikatorlari va real iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sektoral va hududiy tafovutlar hamda “CRM-NEW” monitoring tizimi bilan metodologik farqlar chuqur tahlil etilgan. Shuningdek, Kruskal–Wallis H testi asosida reyting toifalari va soliq xavfi o‘rtasidagi statistik munosabatlar aniqlanib, baholash tizimining ishonchlilik darajasi asoslab berilgan. Maqolada reyting mexanizmini takomillashtirishga doir konseptual va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.