So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi, yerlarning degradatsiyasi, atrof-muhitning zararlanishi natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish murakkablashmoqda. Qishloq xo‘jaligida barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini qo‘llanishi ushbu muammolarning yechimi sifatida qaralmoqda. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining barqarorlik indeksini hisoblash ushbu muammoni to‘g‘ri yechimini topishda qo‘l kelishi mumkin. Shu maqsadda barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlari (BQXA) indeksini miqdoriy baholash metodologiyasi Samarqand viloyatidagi bug‘doy yetishtiruvchi 300 ta fermer xo‘jaliklaridan olingan so‘rovnoma ma’lumotlari asosida o‘rganildi hamda hisoblandi. Natijalarga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining barqarorlik indeksi o‘rtacha 0.34 koeffitsiyentga teng ekanligi va bu orqali fermer xo‘jaliklari foydalanayotgan ishlab chiqarish amaliyotlari barqarorlik darajasi past ekanligi aniqlandi.
Ushbu maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq xo‘jaligining tarmoq tarkibi, uning tarixiy shakllanish omillari hamda zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlari tahlil qilingan. Tadqiqotda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston misolida agrar sohaning o‘simlikchilik va chorvachilik yo‘nalishlari o‘rganilgan. Statistik ma’lumotlar asosida ekinlar, chorvachilik mahsulotlari, baliqchilik va o‘rmon xo‘jaligining iqtisodiy samaradorligi baholangan. Xususan, suv resurslari tanqisligi, iqlim o‘zgarishi, institutsional muammolar agrar sektor barqarorligiga ta’siri chuqur ko‘rib chiqilgan. Natijada mintaqa davlatlari uchun diversifikatsiya, innovatsion agrotexnologiyalar va hududiy ixtisoslashuv bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Maqolada Yevropa Ittifoqida organik qishloq xo‘jaligi va organik bozorni shakllantirishning huquqiy, institutsional hamda iqtisodiy mexanizmlari tahlil qilinib, ularning amaliy samaradorligi va barqaror rivojlanish omillari yoritiladi. Shu asosda ushbu tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirishning tashkiliy-iqtisodiy yo‘nalishlari va eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari asoslab beriladi.
Maqolada O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotning asosiy xususiyatlari, jumladan, tabiiy salohiyat, joriy tashabbuslar va ushbu modelni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun bartaraf etilishi kerak bo‘lgan to‘siqlar tahlil qilingan. Barqaror rivojlanish va tabiiy resurslardan samarali foydalanishga asoslangan yashil iqtisodiyot ko‘plab mamlakatlarda iqtisodiy siyosatning muhim yo‘nalishiga aylanib bormoqda.
Agroklaster tizimini optimallashtirish bo‘yicha xorijiy strategik yondashuvlarni o‘rganish qishloq xo‘jaligi va sanoatni integratsiyalash orqali barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu maqolada turli davlatlarning agroklaster modelini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalari tahlil qilinadi. Xususan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning davlat siyosati, investitsiya jalb etish usullari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va agroklasterlarning global bozor bilan integratsiyasi kabi strategik yondashuvlari o‘rganiladi. Tadqiqot natijalari agroklaster tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatlarini tahlil qilishga va mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan modelni taklif etishga qaratilgan.
O‘zbekiston boy qishloq xo‘jaligi merosi, turli iqlim zonalari va rivojlanayotgan turizm sohasi bilan agroturizmni rivojlantirish uchun katta, hali to‘liq foydalanilmagan salohiyatga ega. Ushbu maqola agroturizmning hozirgi holatini, muammolarini va kelajak istiqbollarini o‘rganadi. Agroturizm qishloq aholisi daromadini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy madaniy-agrar an’analarni saqlab qolish uchun juda muhim vosita sifatida ko‘riladi. Maqolada agroturizmning hozirgi holatini tahlil qilish uchun statistik tahlil, qiyosiy (xalqaro) tahlil, SWOT va kontent tahlilidan foydalaniladi. Tadqiqotning xulosasi shundan iboratki, O‘zbekistonda agroturizmning to‘liq salohiyatidan foydalanish muvofiqlashtirilgan milliy strategiyani talab qiladi. Bu strategiya maqsadli infratuzilma investitsiyalari, aniq huquqiy bazalarni yaratish va fermerlar hamda xizmat ko‘rsatuvchilar uchun ixtisoslashgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga qaratilishi kerak. Topilmalar O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi hududlarini jonli, iqtisodiy jihatdan barqaror turizm maskanlariga aylantirishni maqsad qilgan siyosatchilar uchun muhim, ma’lumotlarga asoslangan tavsiyalarni taklif etadi.