Agroklaster tizimini optimallashtirish bo‘yicha xorijiy strategik yondashuvlarni o‘rganish qishloq xo‘jaligi va sanoatni integratsiyalash orqali barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu maqolada turli davlatlarning agroklaster modelini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalari tahlil qilinadi. Xususan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning davlat siyosati, investitsiya jalb etish usullari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va agroklasterlarning global bozor bilan integratsiyasi kabi strategik yondashuvlari o‘rganiladi. Tadqiqot natijalari agroklaster tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatlarini tahlil qilishga va mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan modelni taklif etishga qaratilgan.
Maqolada globallashuv va raqamlashtirishsharoitida fan va ta’lim integratsiyasiga moslashuv asosida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonining sifatini oshirishga qaratilgan zamonaviy strategik yondashuvlar ko‘rib chiqilgan. Ta’lim tashkilotlarining rivojlanishiga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillarni hisobga olgan holda, uzoq muddatli, moslashuvchan va kompleks strategiyalarni ishlab chiqish zarurligi asoslab berilgan.
Ushbu tadqiqot ESG tamoyillariga asoslangan innovatsiyalarni bank sektorida strategik raqobat ustunligining manbai sifatida tahlil qiladi hamda rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy banklar oʻrtasidagi farqlarni qiyosiy oʻrganadi. Resursga asoslangan nazariya va dinamik imkoniyatlar yondashuviga tayangan holda, muallif tomonidan ESG innovatsiyalarining yangi indeksi ishlab chiqilgan. Ushbu indeks banklarning asosiy faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi ESG tahlil tizimlari, uglerod izini kuzatish platformalari va raqamli hisobot tizimlari kabi barqaror texnologiyalar qanchalik chuqur integratsiya qilinganini baholaydi. 2015–2024 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi 68 ta bank ma’lumotlari asosida fiksirlangan effektlar va tizimli GMM modellari yordamida ESG innovatsiyalarining foydalilik (ROA, ROE), operatsion samaradorlik, bozor ulushi va investorlar uchun jozibadorlikka ta’siri baholangan. Natijalar ESG innovatsiyalari moliyaviy va operatsion natijalarni sezilarli darajada yaxshilashini koʻrsatdi, buning ta’siri xususiy banklarda ancha yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mulkchilik shakli ESG innovatsiyasi va bank faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilaydi, xususiy banklar texnologik faollikdan foyda olishda ustun, davlat banklari esa ko‘proq muvofiqlik yondashuviga tayangan. Ushbu ish strategik boshqaruv va barqaror moliya sohasiga ESG innovatsiyasini dinamik imkoniyat sifatida talqin etish orqali nazariy va amaliy hissa qo‘shadi hamda moliyaviy nazorat organlari uchun foydali siyosiy tavsiyalarni beradi.
Maqolada hududiy rivojlanish salohiyatini baholash va barqaror rivojlanish strategiyalarini shakllantirishning ilmiy asoslari yoritilib, “hududiy salohiyat” tushunchasi tabiiy, iqtisodiy, demografik, infratuzilmaviy hamda institutsional komponentlarning o‘zaro integratsiyasi sifatida talqin etiladi. Tadqiqotda hududiy salohiyatning dinamik xarakteri asoslanib, uni bir martalik hisob-kitob emas, balki muntazam monitoring va qayta baholashni talab qiluvchi jarayon sifatida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi tafovutlar (konsentratsiya, ixtisoslashuv, investitsiya oqimlari, tarmoqlar diversifikatsiyasi va ekologik cheklovlar) misolida differensial strategik yondashuv zarurligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Jadval tahlillari hududiy iqtisodiy transformatsiya jarayonlari va “o‘sish nuqtalari” shakllanishini ko‘rsatib, salohiyatni kompleks baholash strategik ustuvorliklarni aniq belgilash, resurslarni manzilli taqsimlash va barqaror rivojlanishning muvozanatli modelini ta’minlash uchun metodologik poydevor ekanligini tasdiqlaydi
Ushbu maqolada universitetlarning jamiyatdagi roli kengayib borishi bilan texnologik innovatsiyalar va iqtisodiy rivojlanish manbai boʻlgan muassasa qiyofasi prognoz qilinmoqda, natijada universitetni oʻzgartirish trayektoriyasi yuzaga keladi. Tadbirkorlik universitetiga oʻtishda strategik yoʻnalishni belgilash, undan soʻng oʻsha universitet doirasida ishlab chiqilgan bilimlarga sodiqlik, undan asosan hududiy asosda foydalanish zarurati tugʻiladi. Tadbirkorlik universiteti tadqiqot universitetini takomillashtirish boʻlib, u jamiyat bilan aloqani birlashtiradi, tadbirkorlik universitetlari taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga moslashgan boʻlib, bitiruvchi talabalarning ishsizlik bilan bogʻliq yechimlarni izlashda sanoat va jamiyat muammosidan foydalanadi. Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga borib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish vazifasi qoʻyilgan boʻlib, bunda tadbirkor universitetlarning ahamiyati muhim ekanligi yoritilgan.
Mazkur maqolada yoqilg‘i-energetika korxonalarining mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi strategik ahamiyati, ularning makroiqtisodiy barqarorlikka qo‘shayotgan hissasi hamda energetik xavfsizlikni ta’minlashdagi roli keng ilmiy tahlil qilingan. Tadqiqot jarayonida energiya resurslarining (neft, gaz, ko‘mir va elektr energiyasi) sanoat tarmoqlarini barqaror ta’minlashdagi vazifalari, investitsion oqimlar dinamikasi va sohaga xos tizimli muammolar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston kontekstida yoqilg‘i-energetika korxonalarining iqtisodiy salohiyatini kuchaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, modernizatsiya jarayonlari va xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari ilmiy-nazariy asosda yoritildi. Maqolada mualliflar kompleks metodologik yondashuv asosida statistik tahlil, komparativ taqqoslash va ekspert intervyularidan foydalanib, sohaning hozirgi holatini baholadilar hamda uni mintaqaviy va xalqaro tajribalar bilan solishtirdilar. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, yoqilg‘i-energetika sektori mamlakat YAIMida yuqori ulushga ega bo‘lib, eksport salohiyati va ichki talabni qondirish orqali iqtisodiy o‘sishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, energiya samaradorligining pastligi, ishlab chiqarish quvvatlarining eskirganligi va investitsion yetishmovchilik kabi muammolar sektorning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Mazkur maqolada 2024-2025 yillarda O‘zbekiston hududlarida innovatsion tadbirkorlikning rivojlanish darajasi kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqotning dolzarbligi hududlar o‘rtasida innovatsion faollik va investitsion salohiyat ko‘rsatkichlaridagi nomutanosiblik bilan asoslanadi. Tadqiqot metodologiyasi sifatida kontent-tahlil, solishtirma tahlil hamda induksiya va mantiqiy umumlashtirish usullari qo‘llanildi. Muallif tomonidan Hududiy innovatsion tadbirkorlik indeksi (HITI) ishlab chiqilib, rasmiy statistik ma’lumotlar asosida hisob-kitoblar amalga oshirildi. Natijalar hududlar o‘rtasida sezilarli differensial rivojlanish mavjudligini ko‘rsatdi. Yuqori indeksga ega hududlarda innovatsion infratuzilma va investitsiya konsentratsiyasi yuqori bo‘lsa, past indeksli hududlarda institutsional va moliyaviy cheklovlar mavjud. Maqolada innovatsion siyosatni hududiy differensial yondashuv asosida takomillashtirish bo‘yicha strategik takliflar ishlab chiqildi
Ushbu maqolada barqaror rivojlanish konsepsiyasi va bank sektorida yashil moliyaning roli tahlil qilinadi. Tadqiqotda tijorat banklarining ekologik va moliyaviy risklarni boshqarish amaliyoti, xorijiy mamlakatlar tajribasi, shuningdek, O‘zbekiston banklari misollari o‘rganildi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, yashil moliya nafaqat ekologik mas’uliyatni, balki banklarning strategik rivojlanishini ham ta’minlaydi. Ushbu yondashuv moliyaviy barqarorlik, iqtisodiy modernizatsiya va ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi