Ushbu ilmiy maqolada mahalliy darajada soliq maʼmurchiligi metodologiyasini takomillashtirishning dolzarb masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotning asosiy maqsadi soliq risklarini tahlil qilish va zamonaviy soliq nazorati tizimlarini (raqamli texnologiyalar, transfert narxlarni shakllantirish va elektron hisobvaraq-fakturalar maʼlumotlari bazasini) integratsiyalash orqali hududlarda soliq bazasini kengaytirish va soliq majburiyatlarini bajarish samaradorligini oshirish yuzasidan ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat. Maqolada mahalliy ijro hokimiyati va soliq organlari oʻrtasidagi axborot almashinuvi mexanizmlari baholanib, soliq solishdan boʻyin tovlash xavfi yuqori boʻlgan sohalarni aniqlashda risk-tahlil modellarining roli ochib berilgan. Tadqiqot natijasida hududiy darajada soliq nazoratini raqamlashtirish va soliq risklarini barvaqt aniqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha mualliflik metodologiyasi taklif etilgan boʻlib, u mahalliy budjet daromadlarining barqarorligini taʼminlash va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga xizmat qiladi
Mazkur maqola O‘zbekiston soliq ma’muriyatchiligida elektron hisob-fakturalar (EHF) tizimining rolini va soliq xavfini aniqlash mexanizmlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda EHF orqali to‘plangan raqamli ma’lumotlar tahlili, risk indikatorlari asosida soliq to‘lovchilarning xavf darajasini aniqlash, viloyatlar kesimida tovar aylanmasi va yirik soliq to‘lovchilar faoliyatini kuzatish amaliyoti tahlil qilingan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, EHF tizimi soliq auditi samaradorligini oshirish, soliqqa rioya etish darajasini yaxshilash va soliq ma’muriyatchiligini optimallashtirish uchun muhim vosita hisoblanadi. Tadqiqot shuningdek, EHF tizimining soliq to‘lovchilar uchun afzalliklarini, jumladan moddiy va inson resurslarini tejash, QQS hisoblashdagi xatolarni kamaytirish va hisobotlarni avtomatlashtirish imkoniyatlarini ta’kidlaydi.
Mazkur maqolada qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz soliqlari bo‘yicha soliq auditining nazariy va amaliy jihatlari tadqiq etilgan. QQS auditining maqsadi, vazifalari, audit jarayonida yuzaga keladigan asosiy soliq xavflari hamda ularni aniqlash usullari yoritilgan. Tadqiqot davomida QQS auditini o‘tkazish dasturi taklif etilgan va soliq auditining samaradorligini oshirishga qaratilgan yondashuvlar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish sharoitida soliq xavflarini oldindan aniqlash va baholash tizimi ustuvor vazifa hisoblanadi. Ayniqsa, “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashishda soliq to‘lovchilarni xavf darajasiga ko‘ra segmentatsiya qilish va soliq uzilishi (tax gap) koeffitsiyentini minimallashtirish mexanizmlarini takomillashtirish zarurati mavzuning dolzarbligini belgilaydi. Maqola doirasida soliq risklarini aniqlash mezonlari va ularni miqdoriy baholash modellari ko‘rib chiqilgan hamda O‘zbekiston soliq tizimida risklarni boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan
Maqolada O‘zbekistonda raqamli fiskal boshqaruvni kuchaytirish maqsadida tatbiq etilgan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tizimi tahlil qilinadi. Baholash jarayoni yuridik shaxslarning soliq intizomi, moliyaviy shaffoflik, rasmiylashtirish intizomi hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasini avtomatlashtirilgan algoritmlar orqali aniqlashga asoslanadi. Tadqiqot doirasida reyting indikatorlari va real iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sektoral va hududiy tafovutlar hamda “CRM-NEW” monitoring tizimi bilan metodologik farqlar chuqur tahlil etilgan. Shuningdek, Kruskal–Wallis H testi asosida reyting toifalari va soliq xavfi o‘rtasidagi statistik munosabatlar aniqlanib, baholash tizimining ishonchlilik darajasi asoslab berilgan. Maqolada reyting mexanizmini takomillashtirishga doir konseptual va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.