Mazkur maqola O‘zbekiston soliq ma’muriyatchiligida elektron hisob-fakturalar (EHF) tizimining rolini va soliq xavfini aniqlash mexanizmlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda EHF orqali to‘plangan raqamli ma’lumotlar tahlili, risk indikatorlari asosida soliq to‘lovchilarning xavf darajasini aniqlash, viloyatlar kesimida tovar aylanmasi va yirik soliq to‘lovchilar faoliyatini kuzatish amaliyoti tahlil qilingan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, EHF tizimi soliq auditi samaradorligini oshirish, soliqqa rioya etish darajasini yaxshilash va soliq ma’muriyatchiligini optimallashtirish uchun muhim vosita hisoblanadi. Tadqiqot shuningdek, EHF tizimining soliq to‘lovchilar uchun afzalliklarini, jumladan moddiy va inson resurslarini tejash, QQS hisoblashdagi xatolarni kamaytirish va hisobotlarni avtomatlashtirish imkoniyatlarini ta’kidlaydi.
Mazkur maqolada tijorat banklarida moliyaviy risklarni kompleks baholashning zamonaviy metodologik yondashuvlari tadqiq etilgan. Kredit, likvidlik, bozor, operatsion va kapital risklarini yagona tizimda baholash, stress-test, ssenariy tahlili, erta ogohlantirish indikatorlari va integral indeksdan foydalanish imkoniyatlari yoritilgan. Shuningdek, bankning umumiy risk profilini aniqlash va boshqaruv qarorlarini takomillashtirishga qaratilgan kompleks baholash modeli taklif etilgan.
Maqolada O‘zbekistonda raqamli fiskal boshqaruvni kuchaytirish maqsadida tatbiq etilgan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tizimi tahlil qilinadi. Baholash jarayoni yuridik shaxslarning soliq intizomi, moliyaviy shaffoflik, rasmiylashtirish intizomi hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasini avtomatlashtirilgan algoritmlar orqali aniqlashga asoslanadi. Tadqiqot doirasida reyting indikatorlari va real iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sektoral va hududiy tafovutlar hamda “CRM-NEW” monitoring tizimi bilan metodologik farqlar chuqur tahlil etilgan. Shuningdek, Kruskal–Wallis H testi asosida reyting toifalari va soliq xavfi o‘rtasidagi statistik munosabatlar aniqlanib, baholash tizimining ishonchlilik darajasi asoslab berilgan. Maqolada reyting mexanizmini takomillashtirishga doir konseptual va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.