Maqolada O‘zbekiston konchilik sektori misolida o‘tish davri iqtisodiyoti sharoitida davlat kompaniyalarining korporativ boshqaruvi transformatsiyasi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot sohaning ikki yirik korxonasi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJni qiyosiy tahlil qilishga asoslangan. Maqolada korporativ boshqaruvning formal elementlari ularni boshqaruv amaliyotiga integratsiya qilishdan tezroq joriy etilayotgani ko‘rsatiladi. Natijada davlat ishtiroki hamda shaffoflik va hisobdorlikning bozor mexanizmlarini uyg‘unlashtiruvchi gibrid boshqaruv modellari shakllanadi
Maqolada ijtimoiy xizmatlar tushunchasining mohiyati va iqtisodiy kategoriya sifatidagi o‘rni turli nazariy yondashuvlar asosida tahlil qilingan. Institutsional nazariya, jamoat va merit tovarlari nazariyasi, farovonlik davlati konsepsiyasi hamda inson kapitali nazariyasi doirasida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ilmiy ta’riflar tizimlashtirilgan. Ijtimoiy xizmatlarning ijtimoiy adolat, ijtimoiy barqarorlik va inson kapitalidan foydalanish samaradorligini oshirishdagi roli asoslab berilgan. Xorijiy va milliy olimlar yondashuvlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ta’riflar tahlil qilingan. Mualliflik yondashuvi asosida ijtimoiy xizmatlar o‘tish iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga ta’sir ko‘rsatuvchi investitsion va institutsional mexanizm sifatida talqin qilingan.