Texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib, global raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda insoniyat hayotining barcha sohalarida raqamli jarayonlarning ahamiyati oshib bormoqda. Davlatning boshqaruv tizimidan boshlab ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarida raqamlashgan texnologiyalardan foydalanish soha taraqqiyoti va kelajagini belgilab beradigan asosiy omilga aylandi desak xato fikr yuritmagan bo‘lamiz. Maqolada raqamli iqtisodiyot shakllanishining asosiy tendensiyalari va tarixiy bosqichlari, uning rivojlanishiga turtki bergan jarayonlar hamda zamonaviy iqtisodiy tizimning umumiy xususiyatlarini ilmiy asoslashga urg‘u beriladi. Qolaversa, so‘nggi davrda raqamli texnologiyalarning progressiv rivojlanishi va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi fonida raqamli iqtisodiyot rivojlanishining asosiy tendensiyalari tahlil qilinadi va tegishli xulosalar chiqariladi. Tadqiqotda jahon bozorining holati, talab va taklifning mutanosibligi, zamonaviy iqtisodiy bilimlar va raqamli texnologiyalarning savdodagi hissasi xususida fikr yuritiladi. Sun’iy intellekt, BIG DATA, bulutli texnologiyalar, blokcheyn, kriptovalyutalar, mobil texnologiyalar, elektron tijorat va raqamli moliyaviy xizmatlar kabi yo‘nalishlarning iqtisodiy samaradorlikka ta’siri ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston misolida raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati, mavjud muammolar va istiqbollar asosiy yo‘nalishlari borasida takliflar tayyorlanadi.
Fintech bank va moliyaviy xizmatlarda, jumladan, mobil toʻlovlar, pul oʻtkazmalari, kreditlar va aktivlarni boshqarishda qoʻllaniladigan moliyaviy texnologiyalarni nazarda tutadi. Fintech startaplari an’anaviy banklar bilan raqobatlashadigan yoki ular bilan hamkorlik qiladigan tezkor, innovatsion va qulay xizmatlarni taklif qiladi. Soʻnggi yillarda Fintechga investitsiyalar uning keng qoʻllanilishi tufayli tez oʻsdi. Ushbu texnologiyalar xizmat sifatini yaxshilaydi, mijozlar tajribasini oshiradi va anʼanaviy moliyaviy tizimlarni oʻzgartiradi. Fintech jismoniy shaxslar va biznes uchun raqamli yechimlarni taklif qilish orqali zamonaviy bank ishida muhim rol oʻynaydi. Ushbu maqola Fintechning ahamiyatini va bank-Fintech hamkorligining oʻzaro manfaatlarini oʻrganadi.
Mazkur maqolada tijorat banklari faoliyatiga moliya texnologiyalarni joriy etish masalalari yoritilgan. Zamonaviy moliyaviy texnologiyalarning bank faoliyatining qaysi yoʻnalishlarida qoʻllanilayotgani tahlil qilingan. Olib borilgan tadqiqot yuzasidan amaliy taklif va ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada zamonaviy moliyaviy texnologiyalar – fintex xizmatlarining xalqaro bozorlardagi o‘rni va rivojlanish tendensiyalari tahlil etilgan. Muallif raqamli iqtisodiyot sharoitida fintex texnologiyalarining vujudga kelishi, ularning global miqyosda tarqalish sabablari va moliyaviy xizmatlar sohasiga ko‘rsatgan ta’sirini yoritadi. Maqolada turli mintaqalarda (Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani, LAMEA) fintex xizmatlarining rivojlanish xususiyatlari hududiy tahlil asosida ko‘rib chiqilgan. PayPal, Stripe, Revolut, Ant Group kabi yirik fintex kompaniyalari faoliyati misolida raqamli to‘lovlar, ochiq bank tizimlari, blokcheyn texnologiyalari va sun’iy intellekt asosidagi xizmatlarning kengayib borayotganligi ta’kidlanadi. Statistik ma’lumotlar va xalqaro tajribalar asosida fintex xizmatlarining asosiy afzalliklari sifatida tezkorlik, xarajatlarning kamayishi, moliyaviy inklyuziya va innovatsion mahsulotlar taklifi ajratib ko‘rsatiladi. Xulosasida fintex sohasining kelajakdagi istiqbollari, uni rivojlantirishda texnologik innovatsiyalar va davlat regulyatorlari o‘rtasidagi hamkorlik zarurligi ta’kidlanadi. Ushbu maqola bank sektori, moliyaviy xizmatlar bozori va iqtisodiy raqamlashtirish jarayonlarida ishtirok etayotganlar uchun amaliy va nazariy jihatdan foydali hisoblanadi.
Ushbu maqolada tijorat banklari faoliyatida innovatsion jarayonlarning samaradorligini oshirish va raqobatbardoshlikni ta’minlashda raqamli texnologiyalar va blockchain tizimlarini joriy etishning ahamiyati yoritilgan. Bank kreditlash tizimini raqamlashtirish jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalarining, xususan, blokcheyn platformalarining roli, ularning funksional imkoniyatlari, xavfsizlik darajasi va foydalanish samaradorligi tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada iqtisodiyotni raqamlashtirish tendensiyalari, mobil va internet xizmatlarining kengayishi, AKT sektorining YaIMdagi ulushi va elektron savdo rivojlanishi batafsil yoritilgan. Iqtisodiy jarayonlarni baholash va prognoz qilishda iqtisodiy-matematik (ekonometrik) modellardan foydalanish zarurligi asoslab berilgan.