Maqolada hududlardagi sanoat korxonlarining ishlab chiqarish qobiliyatini oshirish va yangi infratuzulmalarni joriy etish hozirgi kundagi dolzarb mavzulardan biri ekanligi, sanoat tizimida yangi innovatsiyalarni qo‘llash yordamida erishiladigan natijalar tasnifi, iqtisodiy-matematik modellashtirish tarkibi, iqtisodiy-matematik modellashtirishni amalga oshirishda qo‘llaniladigan algoritmik texnologiyalar, iqtisodiy-statistik usullar va tahlil vositalari tarkibi, matematik modellashtirish va optimallashtirish asosida foydalanish mexanizmini tashkil etish hamda sanoatni rivojlantirishda yangi qaror qabul qilish manbalarini ilmiy asoslash talablari nazariy jihatdan yoritilib berilgan va bu bo‘yicha xulosa va takliflar berilgan
Mazkur maqolada aniq integralning amaliy tatbiqlari chuqur tahlil etilgan. Dastlab, tekislikdagi geometrik shakllar yuzasini hisoblashda aniq integralning qo‘llanilishi tushuntirilgan. Shuningdek, iqtisodiy masalalar, jumladan mahsulot hajmi, mehnat unumdorligi, Djini koeffitsiyenti orqali daromad notekisligini aniqlash kabi misollar keltirilgan. Talab va taklif funksiyalariga asoslangan holda iste’molchi hamda ishlab chiqaruvchining yutuqlari aniq integral yordamida ifodalangan. Har bir mavzu matematik formulalar, grafiklar va hayotiy misollar bilan yoritilgan bo‘lib, integral hisoblashning nafaqat nazariy, balki iqtisodiy va ijtimoiy amaliyotdagi ahamiyati ko‘rsatib berilgan. Mazkur ish aniq integralni o‘rganayotgan talabalar va iqtisodiy masalalarda matematik usullarni qo‘llashni istaganlar uchun foydali manba hisoblanadi.
Mazkur maqolada tijorat banklari faoliyati barqarorligini mustahkamlashda reyting tizimi asosida baholashning nazariy va amaliy asoslari keng yoritilgan. Bank nazoratining xalqaro tajribalari, reyting baholash usullari hamda CAMELS tizimi asosida baholash yondashuvlari tahlil qilinadi. Reyting tizimlarida foydalanilayotgan baholash mezonlari, shkalalar va metodik yondashuvlar, xususan raqamli va alifbo asosidagi reyting ifodalari batafsil ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, kompleks va ekspert baholash uslublarining afzalliklari, cheklovlari, ulardan foydalanish shart-sharoitlari hamda baholash modelining mezon tanlashdagi muhim jihatlari asoslanadi. Maqolada reyting tizimining samaradorligini oshirish uchun sifatli axborotlarni to‘plash, matematik-statistik modellarni qo‘llash va baholash parametrlarini to‘g‘ri tanlash zarurligi ta’kidlanadi. Banklarning moliyaviy holatini obyektiv baholash orqali ularning ishonchliligi va barqarorligini oshirishda reyting tizimi muhim vosita sifatida e’tirof etiladi.
Maqolada insolyatsiyaning urbanizatsiya sharoitida yashash infratuzilmasini shakllantirish va optimallashtirishdagi tizimlashtiruvchi omil sifatidagi o‘rni ko‘rib chiqiladi. Insolyatsiyaning hududiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar, jumladan, energiya sarfi, sanitariya-gigiyena ko‘rsatkichlari va ijtimoiy-demografik yashash sharoitlari bilan o‘zaro bog‘liqligi asoslab beriladi. Matematik modellashtirish usullariga tayangan holda turar-joy qurilishida insolyatsiya ko‘rsatkichlarini hisoblash va optimallashtirish algoritmlari taklif etiladi. Toshkent shahridagi turar-joy qurilishi amaliyotidan olingan misollar tahlil qilinib, insolyatsiya parametrlarining hudud iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’siri namoyish etiladi. Insolyatsiya talablari shaharsozlik dasturlari va uy-joy siyosati loyihalariga integratsiya qilish bo‘yicha xulosalar va tavsiyalar shakllantirilgan.
Ushbu maqolada mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni prognozlashda zamonaviy yondashuvlar, jumladan iqtisodiy-matematik modellar, sun’iy intellekt va geoaxborot texnologiyalarining qo‘llanilishi tahlil qilingan. Tadqiqotda barqaror rivojlanishni ta’minlashda integratsiyalashgan indikatorlar, maqsadli va empirik yondashuvlar uyg‘unligining ahamiyati yoritilgan. Hududlararo nomutanosibliklarni kamaytirish, investitsion faollikni kuchaytirish hamda siyosiy qarorlar uchun ishonchli prognozlar tayyorlash muhim ilmiy-amaliy vazifa sifatida baholangan. Shu orqali prognozlash va rejalashtirish jarayonlari strategik boshqaruvning ilmiy asosini tashkil etishi asoslab berilgan.
Mintaqa iqtisodiyotining barqaror va inklyuziv rivojlanishini taʼminlash zamonaviy makro va mikrosiyosatning markaziy masalalaridan biridir. Ushbu maqolada mintaqaviy rivojlanishni iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional omillar nuqtai nazaridan tushunish hamda ularni ekonometrik modellashtirishning nazariy asoslari sistematik tahlil qilinadi. Tadqiqotning asosiy vazifasi hududiy darajadagi rivojlanish jarayonlarini izohlovchi hamda prognozlovchi matematik-iqtisodiy modellarni tanlash va ularni nazariy jihatdan asoslashdan iborat. Ilmiy-tadqiqot ishida iqtisodiy o‘sishni belgilovchi endogen va ekzogen ko‘rsatkichlar (YAIM/GRDP, sanoat va xizmatlar hajmi, investitsiyalar, bandlik, daromadlar, infratuzilma va institutsional indikatorlar) tavsiflanadi va ularning o‘zaro bog‘liqligi nazariy platformada (neoklassik, institutsional va evolyutsion iqtisodiyot yondashuvlari) joylashtiriladi.
Mazkur ilmiy izlanishda O‘zbekiston Respublikasida erkin iqtisodiy zonalarni (EIZ) boshqarish samaradorligiga ta’sir etuvchi omillar chuqur tahlil qilinib, ularning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga qo‘shayotgan hissasi matematik modellar asosida baholangan. Jizzax erkin iqtisodiy zonasi misolida olib borilgan tadqiqotda 2015–2024 yillar oralig‘idagi real statistik ma’lumotlar asosida ishlab chiqarish hajmiga ta’sir etuvchi asosiy omillar – xorijiy investitsiyalar va bandlik darajasi – identifikatsiya qilindi. Tadqiqotda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasi asosida klassik chiziqli regressiya modeli, AR (autoregressiv) modeli, korrelyatsion-regression tahlillar, Fisher mezoni, Student testi va Durbin-Uotson mezonlari yordamida baholash ishlari olib borildi.
Ushbu maqolada tijorat banklari faoliyatida innovatsion jarayonlarning samaradorligini oshirish va raqobatbardoshlikni ta’minlashda raqamli texnologiyalar va blockchain tizimlarini joriy etishning ahamiyati yoritilgan. Bank kreditlash tizimini raqamlashtirish jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalarining, xususan, blokcheyn platformalarining roli, ularning funksional imkoniyatlari, xavfsizlik darajasi va foydalanish samaradorligi tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada iqtisodiyotni raqamlashtirish tendensiyalari, mobil va internet xizmatlarining kengayishi, AKT sektorining YaIMdagi ulushi va elektron savdo rivojlanishi batafsil yoritilgan. Iqtisodiy jarayonlarni baholash va prognoz qilishda iqtisodiy-matematik (ekonometrik) modellardan foydalanish zarurligi asoslab berilgan.