Maqola ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimidagi murakkablik masalalariga bag‘ishlangan. Shuningdek, ko‘chmas mulk soliqlarini hisoblash usullarida aniq ustuvor yo‘nalishlar shakllanmaganligi ta’kidlangan. Soliqqa tortishning asosiy shakllari sifatida advalor – ko‘chmas mulk qiymatiga asoslangan soliq, maydonga asoslangan soliq hamda ko‘chmas mulkdan olinadigan daromad solig‘i ajratib ko‘rsatiladi. Shakllar xilma-xilligiga qaramay, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimlarini rivojlantirishda adolatlilik, shaffoflik va foydalanuvchi uchun qulaylikni ta’minlashga yo‘naltirilgan global tendensiya kuzatilmoqda. Bu jarayonda sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan baholash modellari (AVM) texnologiyalaridan foydalanish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maqolaning asosiy maqsadi ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimining bazaviy elementlarini tahlil qilish hamda soliqqa tortish jarayonida izchillik va adolatlilikni ta’minlashda ko‘chmas mulk baholovchisining hal qiluvchi rolini asoslab berishdan iborat. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi elementlardan tashkil topgan tizim ekanligi hamda, soliqqa tortiladigan qiymatni aniqlash jarayonining qaysi bosqichlari bevosita baholovchilar tomonidan amalga oshirilishi lozimligi ko‘rsatib beriladi va ilmiy jihatdan asoslanadi
Ушбу мақолада кўчмас мулк қийматини солиққа тортиш ва баҳолашнинг илмий асосланган методологияси кўриб чиқилади. Солиққа тортиш тизимининг самарадорлигини ошириш мақсадида кўчмас мулкнинг бозор қийматини аниқлаш учун турли моделлар ва баҳолаш усуллари қўлланилади. Асосий диққат, нарх шакллантирувчи омилларнинг таъсирини баҳолашда қиёсий, харажат ва даромадли ёндашувларнинг фойдаланилишига қаратилади. Кўчмас мулкни солиққа тортиш ва қийматини баҳолашда статистик таҳлил, эксперт баҳолаш ва математик моделлаштириш усуллари кенг қўлланилади. Бу методология бозор ахборотлари ва кўчмас мулк турлари бўйича маълумотларнинг тўғри танланишига асосланади, бу эса солиқ юкламасини адолатли тақсимлашга хизмат қилади. Шунингдек, кўчмас мулкни солиққа тортиш ва баҳолаш усуллари ва моделларини Ўзбекистонда жорий этиш бўйича таклифлар ҳамда тавсиялар ишлаб чиқилган.