Maqolada O‘zbekiston elektron tijorat bozorining 2035-yilgacha rivojlanish istiqbollari prognoz qilinadi hamda o‘sish sur’ati va sifati uchun hal qiluvchi omillar tahlil qilinadi. Asosiy drayverlar sifatida raqamli to‘lovlar va davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, logistika infratuzilmasining kengayishi, mobil internet qamrovi, marketpleyslar ekotizimi va transchegaraviy savdoning faollashuvi, shuningdek, tartibga solish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining takomillashuvi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda ssenariy yondashuvi (bazaviy, tezlashtirilgan va inert) qo‘llanib, makroiqtisodiy sharoitlar, raqamli bozorlardagi raqobat va ma’lumotlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining savdo jarayonlariga ta’siri baholanadi. Ishonch masalalari, kiberxavflar, yetkazib berish sifati, raqamli tafovut va KOB (kichik va o‘rta biznes) kompetensiyalari yetishmasligi kabi to‘siqlar alohida yoritiladi. Xulosalar davlat siyosati, biznes strategiyalari va ilmiy tadqiqotlar uchun amaliy ahamiyatga ega.
Mazkur maqola dinamik ekonometrik modellarining iqtisodiyotdagi qoʻllanilishini, xususan, soʻnggi yillardagi zamonaviy tendensiyalarni tahlil qiladi. Ushbu modellar (masalan, DSGE, VAR va dinamik panel modellar) iqtisodiy dinamikani, shok ta’sirlarini va siyosatni baholashda asosiy vosita boʻlib, mashina oʻrganish (ML) va katta ma’lumotlar integratsiyasi orqali aniqligi oshirilmoqda. Metodologiyada sistematik adabiyotlar sharhi qoʻllanilgan boʻlib, nufuzli jurnallardan bir qancha tadqiqot ishlari tahlil etilgan. Natijalar DSGE modellarining RMSE 0,15-0,25 darajasida makroiqtisodiy prognozni, VAR modellarining shok ta’sirlarini va ML integratsiyasining aniqlikni 20-25% ga oshirishini koʻrsatdi, ammo hisoblash murakkabligi va ma’lumotlar noaniqligi cheklovlari mavjud. Xulosada modellarning iqtisodiy siyosatni shakllantirishdagi roli ta’kidlanib, ML integratsiyasini chuqurlashtirish, big data dan foydalanishni kengaytirish va cheklovlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar berilgan.
Mazkur tadqiqot Oʻzbekistonda toʻgʻri soliqlarni prognozlash metodologiyasini takomillashtirish amaliyotining hozirgi holatini tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotda foyda soligʻi, jismoniy shaxslar daromad soligʻi hamda mol-mulk va yer soliqlari kabi asosiy toʻgʻri soliqlar boʻyicha prognozlashtirish jarayonlarining amaldagi mexanizmlari oʻrganilgan. Statistik tahlil, taqqoslama baholash va iqtisodiy modellashtirish usullari asosida prognoz koʻrsatkichlari aniqligi va barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Shuningdek, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq bazasining kengayishi hamda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish jarayonlarining prognozlash sifatiga ta’siri ochib berilgan. Tadqiqot natijalari asosida toʻgʻri soliqlar tushumlarini prognozlashda zamonaviy iqtisodiy-matematik modellarni qoʻllash, axborot bazasini takomillashtirish hamda institutsional yondashuvni kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va xulosalar ishlab chiqilgan