Maqolada budjet tashkilotlarida ichki audit samaradorligiga taʻsir etuvchi omillar va tizimli muammolar tahlil qilinadi. Tadqiqotda ichki audit xizmatining mustaqilligi, malakasi va institutsional maqomi, ichki nazorat muhiti, moliyaviy boshqaruv sifati hamda maʻlumotlar ishonchliligining auditga taʻsiri, shuningdek chora-tadbirlar rejasi ijrosi, monitoring va qayta aloqaning zaif nuqtalari oʻrganildi. Empirik asos sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining auditorlik tashkilotlari tomonidan eng koʻp sodir etiladigan qoidabuzarliklar roʻyxati hamda vazirlik tomonidan 2025-yilning birinchi yarmida besh vazirlik ichki audit xizmatlari faoliyatini baholash natijalaridan foydalanildi. Tahlil shuni koʻrsatadiki, mustaqillik, resurs va malaka kabi institutsional omillar boʻyicha baholar yuqori (87–95%) boʻlsada, xavf tahliliga asoslangan rejalashtirish (47,8%) va chora-tadbirlar rejasi ijrosi (62,6%) boʻyicha natijalar past boʻlib, aynan shular samaradorlikning tizimli zaif nuqtasidir. Maqola yakunida samaradorlikni oshirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin