Maqolada budjet tashkilotlarida ichki audit samaradorligiga taʻsir etuvchi omillar va tizimli muammolar tahlil qilinadi. Tadqiqotda ichki audit xizmatining mustaqilligi, malakasi va institutsional maqomi, ichki nazorat muhiti, moliyaviy boshqaruv sifati hamda maʻlumotlar ishonchliligining auditga taʻsiri, shuningdek chora-tadbirlar rejasi ijrosi, monitoring va qayta aloqaning zaif nuqtalari oʻrganildi. Empirik asos sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining auditorlik tashkilotlari tomonidan eng koʻp sodir etiladigan qoidabuzarliklar roʻyxati hamda vazirlik tomonidan 2025-yilning birinchi yarmida besh vazirlik ichki audit xizmatlari faoliyatini baholash natijalaridan foydalanildi. Tahlil shuni koʻrsatadiki, mustaqillik, resurs va malaka kabi institutsional omillar boʻyicha baholar yuqori (87–95%) boʻlsada, xavf tahliliga asoslangan rejalashtirish (47,8%) va chora-tadbirlar rejasi ijrosi (62,6%) boʻyicha natijalar past boʻlib, aynan shular samaradorlikning tizimli zaif nuqtasidir. Maqola yakunida samaradorlikni oshirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu maqolada 38 OECD mamlakatining rasmiy ma’lumotlari asosida daromad diversifikatsiyasi koeffitsiyenti (RDC) va moliyaviy mustaqillik o‘rtasidagi bog‘liqlik empirik tahlil etildi. RDC ko‘rsatkichlari mamlakatlar bo‘yicha sezilarli farqlanishi, yuqori diversifikatsiyalashgan tizimlar 2008–2012 yillar moliyaviy inqirozini uch baravar kam zarar bilan yengib o‘tganligi isbotlangan. Xalqaro taqqoslama tahlil asosida O‘zbekiston OTMlari uchun RDC monitoringini joriy etish va daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan
Mazkur tadqiqotda davlat sektorida ichki audit tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribalar o‘rganilgan. Xususan, audit faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish, texnologik integratsiyaning roli hamda auditorlarning mustaqilligini kafolatlovchi omillar tahlil qilingan. Malayziya, Janubiy Afrika, Germaniya va boshqa davlatlardagi amaliy tajribalar misolida ichki audit samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar va ularning natijalari ko‘rsatib berilgan. Shu asosda O‘zbekistonda ichki audit tizimini takomillashtirish uchun tegishli tavsiyalar ishlab chiqilgan. Ushbu ilmiy izlanish davlat boshqaruvida oshkoralik, moliyaviy intizom va resurslardan oqilona foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Maqolada monopoliyaga qarshi davlat organi va uning hududiy boshqarmalari faoliyatining institutsional tahlili amalga oshirilgan. Tadqiqotda huquqiy maqom, vakolatlar, tashkiliy tuzilma, boshqaruv va nazorat mexanizmlarining markaziy va hududiy darajalardagi o‘zaro uyg‘unligi baholanadi. Institutsional samaradorlik qonuniy vakolatlarning amaliy ijrosi, institutlar sifati, mustaqillik, hisobdorlik va shaffoflik mezonlari asosida tahlil qilinadi. Shuningdek, ex-ante va ex-post nazorat mexanizmlarining integratsiyasi hamda agent–principal munosabatlari ochib beriladi
Ushbu maqolada hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonida mahalliy byudjetlarning moliyaviy resurslarini boshqarish metodologiyalari tahlil qilinadi. Avvalo, fiskal markazlashtirish va desentralizatsiya tamoyillari doirasida mahalliy byudjetlarning mustaqil daromad manbalari, ulushli soliqlar va markazdan ajratiladigan transferlar mexanizmi ko‘rib chiqiladi. Keyin o‘rta muddatli byudjet rejalashtirish, byudjet muvozanatini ta’minlash va natijadorlikka yo‘naltirilgan byudjetlashtirish tamoyillari asosida resurslarni joyida samarali taqsimlash usullari keltiriladi. Shuningdek, tashabbusli (participatory) byudjet va jamoatchilik ishtirokini oshirish orqali mahalliy darajada moliyaviy resurslardan foydalanish shaffofligi va nazorat imkoniyatlari tahlil etiladi. Maqolada umumiy (erkin) transferlar, subventsiya-dotatsiya tizimi va gorizontal tenglashtirish instrumentlari yordamida hududlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy tafovutni kamaytirish yondashuvlari ham yoritiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda soliq islohotlari, investitsion moliyalashtirish va risklarni boshqarish usullarining mahalliy byudjet barqarorligiga ta’siri o‘rganiladi. Tadqiqot yakunida mahalliy byudjetlarni boshqarish metodologiyalarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar – formulaviy transferlar mexanizmi joriy etish, interfaol byudjet portallarini kengaytirish va mahalliy obligatsiyalar chiqarish imkoniyatlarini yaratish taklif etiladi. Maqola amaliy tadqiqot va rasmiy statistika asosida yozilgan bo‘lib, hududiy rivojlanish strategiyalarini moliyalashtirishda samarali vositalarni belgilashga qaratilgan.
Ushbu maqolada erkin iqtisodiy hududlarning (EIH) institutsional-fiskal transformatsiyasi va innovatsion rivojlanishdagi strategik o‘rni chuqur tahlil qilingan. Muallif jahon va milliy tajriba asosida EIHlarning nazariy asoslari, fiskal va bojxona preferensiyalari, klasterlashgan iqtisodiy model, raqamli infratuzilma va “yashil” texnologiyalar integratsiyasi bo‘yicha ilmiy yondashuvlarni tahlil qiladi. Tadqiqotda EIHlarning rivojlanish genezisi, ularning iqtisodiy erkinlashtirish siyosatidagi markaziy o‘rni hamda xalqaro integratsiya jarayonlaridagi roli ochib beriladi. Maqolada soliq imtiyozlari bilan bir qatorda, boshqaruv tizimining shaffofligi, institutsional uyg‘unlik, innovatsion ishlab chiqarish klasterlari va malakali kadrlar tayyorlash mexanizmlarining ahamiyati asoslab berilgan. Natijada, EIHlar nafaqat investitsiya jalb etish vositasi, balki texnologik mustaqillik, iqtisodiy suverenitet va global raqobatbardoshlikni oshirish omili sifatida talqin etiladi.
Ushbu maqolada yaxshi korporativ boshqaruv dastaklarini tizimli ravishda qo‘llashning aksiyadorlik jamiyatlarining kapital qiymatiga ta’siri o‘rganiladi. O‘zbekistonning yetakchi listingdagi kompaniyalari bo‘yicha empirik ma’lumotlardan foydalanilgan holda, kuzatuv kengashi mustaqilligi, audit qo‘mitalari, dividend siyosati, gender xilma-xilligi va manfaatdor tomonlar bilan muloqotni o‘z ichiga olgan integratsiyalashgan model taklif etiladi. Regressiya tahlili ushbu boshqaruv mexanizmlarining birgalikda qo‘llanishining Tobin Q ko‘rsatkichiga ijobiy ta’sir qiladi va bu agentlik nazariyasi, resursga asoslangan yondashuv hamda manfaatdor tomonlar nazariyasi doirasidagi ilmiy asoslarni tasdiqlaydi.
Ўзбекистонда баҳолаш хизматлари бозори (БХБ)нинг ривожланишида мустақил (холис) рейтинг баҳолаш институтлари (РБИ)нинг ролини ошириш иқтисодий шаффофлик, инвестицияларни жалб этиш ва корхоналарнинг глобал рақобатбардошлиги учун асосий омилдир. Мақолада Ўзбекистон Республикасининг баҳолаш соҳасидаги қонунчилик ишлари, РБИларининг мустақиллигини таъминлашнинг долзарб муаммолари, халқаро стандартларга (RICS, REV) мослаштириш зарурлиги, шунингдек, Давлат активларини бошқариш агентлигининг амалиётидаги баҳолаш тизимларининг натижадорлиги таҳлил қилинади. Янги баҳолаш мезонларининг жорий этилиши (KPI асосида) ва ҳудудларни ижтимоий-иқтисодий ривожлантиришда рейтинг тизимининг аҳамияти назарда тутилади. Тадқиқот натижаларига кўра, мустақил баҳолашнинг самарадорлигини ошириш учун кадрлар тайёрлаш, электрон ахборот платформаларини (БФЯАП) ривожлантириш ва халқаро тажрибалардан фойдаланиш таклиф этилади.