So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish natijasida elektron hukumat infratuzilmasi bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Tadqiqotning maqsadi davlat xizmatlarida raqamli transformatsiyaning samaradorlik omillarini aniqlash va uning iqtisodiy hamda tashkiliy ta’sirini baholashdan iborat. Metodologiyada tizimli, solishtirma va trend tahlil yondashuvlari qo‘llanilib, 2017-2024-yillar oralig‘idagi ochiq ma’lumotlar asosida O‘zbekistonning raqamli rivojlanish ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, elektron xizmatlar hajmining oshishi boshqaruv shaffofligini va xizmatlar qulayligini kuchaytirgan bo‘lsa-da, hududlar kesimidagi raqamli tengsizlik va kadrlar yetishmovchiligi samaradorlikni cheklab qolmoqda. Tadqiqotda Koreya, Daniya va Finlyandiya tajribalari asosida O‘zbekiston uchun mos innovatsion boshqaruv yondashuvlari tavsiya etilgan.
Maqolada qonun ustuvorligi va korrupsiya bilan kurashishning Oʻzbekistonning xomashyosiz eksportiga ta’siri empirik jihatdan tahlil qilinadi. Globallashuv va xalqaro raqobatning kuchayishi sharoitida institutsional muhit tashqi savdo raqobatbardoshligining muhim omillaridan biri hisoblanadi. 2001–2022 yillarni qamrab olgan panel ma’lumotlar va kengaytirilgan gravitatsion savdo modeli asosida korrupsiyani nazorat qilish hamda qonun ustuvorligi ko‘rsatkichlarining xomashyosiz eksport hajmlariga ta’siri baholanadi. Tadqiqot natijalari qonun ustuvorligi va korrupsiya bilan kurashish eksport hajmlariga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlaydi. Olingan xulosalar eksportni diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini rivojlantirish institutsional islohotlarsiz mumkin emasligini ko‘rsatadi
Maktabga asoslangan boshqaruv (SBM) markaziy hukumat vakolatlarini maktab darajasiga markazsizlashtirish shakli bo‘lib, ta’lim tizimining samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. SBM nazariy jihatdan uchta asosiy institutsional rag‘batlantirishga asoslanadi: tanlov va raqobat, maktab avtonomiyasi va hisobdorlik. Amaliy shakllari vakolatlar doirasi (zaif/kuchli) va qaror qabul qiluvchi subyektlarga (ma’muriy, professional, jamiyat, muvozanatli) ko‘ra farqlanadi. O‘zbekiston umumiy o‘rta ta’lim maktablari (UO‘TM) boshqaruviga marketing xizmatlari va strategik menejmentni tatbiq etish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar rahbar kadrlarning boshqaruv faoliyati samaradorligini 15% dan 22% gacha oshirish mumkinligini ko‘rsatadi. SBM islohotlarining o‘quvchilar yutuqlariga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi uchun uzoq muddat (5 yildan 8 yilgacha) talab etilishi hamda rahbarlarning boshqaruv kompetensiyasini oshirish zarurligi ta’kidlanadi.