Мақолада илмий мактаблар, иқтисодий ривожланишга оид турли назарий қарашлар ва уларнинг иқтисодий ўсишга таъсири чуқур таҳлил қилинган. Хусусан, классик, неоклассик ва замонавий эндоген ўсиш назариялари доирасида иқтисодий ўсиш манбалари, капитал жамғарилиши, меҳнат унумдорлиги, инновациялар ҳамда инсон капитали ривожланишининг роли асослаб берилган. Шу билан бирга, Ўзбекистон шароитида иқтисодий ўсишни таъминловчи асосий омиллар саноатлашув даражасининг ошиши, инвестиция муҳитини яхшилаш, экспорт салоҳиятини кенгайтириш, рақамли иқтисодиётни ривожлантириш ва кичик бизнес ҳамда хусусий тадбиркорликни қўллаб-қувватлаш масалалари таҳлил этилган. Тадқиқотда иқтисодий ўсишни баҳолашда қўлланиладиган макроиқтисодий моделлар, жумладан, ЯИМ динамикасига таъсир этувчи ишлаб чиқариш функциялари ва омиллар модели орқали 2026–2030 йиллар учун прогноз кўрсаткичлари ишлаб чиқилган. Шунингдек, “Ўзбекистон – 2030” стратегияси доирасида белгиланган мақсад ва вазифалар аҳоли фаровонлигини ошириш, барқарор иқтисодий ўсишни таъминлаш, юқори қўшилган қийматли маҳсулотлар улушини кўпайтириш ҳамда минтақаларни мутаносиб ривожлантириш йўналишлари илмий жиҳатдан асослаб берилган
Ushbu tadqiqotda mintaqalar barqaror rivojlanishida iqtisodiy, moddiy hamda tabiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik bosimni kamaytiradigan innovatsion echimlarni joriy etishga bogʻliq takliflar tadqiq qilingan. Iqtisodiy resurs samaradorligini oshirish chiqindilarni kamaytirishga, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishga va xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi hamda shu bilan birga atrof-muhit va ekologik degradatsiyani kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, maqolada ilgʻor texnologik va tashkiliy innovatsiyalar qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish, aylanma iqtisodiy jarayonlar va ekologik toza ishlab chiqarish usullari uchun imkoniyatlar boʻyicha yondashuvlar taklif etilgan. Ushbu yondashuvlar mintaqada iqtisodiy oʻsishni va tabiiy ekotizimlarni saqlashni qoʻllab-quvvatlovchi muvozanatli strategiyaning asosini tashkil etishda ustuvorlikni taqdim etadi. Ushbu oʻzaro bogʻliqlikni oʻrganish innovatsiyalar va resurslar samaradorligini oshirish, uzoq muddatli ekologik va iqtisodiy barqarorlikka erishishning asosiy omillari sifatida talqin etilgan
Maqolada import oʻrnini bosishning korxona faoliyatining iqtisodiy xavfsizligini oshirishdagi muhim omil sifatidagi roli koʻrib chiqilgan. Tashqi taʼminotga boʻlgan qaramlikni kamaytirishga qaratilgan asosiy yondashuvlar va strategiyalar tahlil qilingan hamda ichki texnologiyalar va mahsulotlarni samarali joriy etish uchun asosiy yoʻnalishlar aniqlangan. Davlatning import oʻrnini bosish jarayonlarini ragʻbatlantirishdagi roli, ichki ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash va ularning rivojlanishiga qulay sharoitlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Tadqiqot import oʻrnini bosishning global iqtisodiy muammolar sharoitida korxonalarning moliyaviy va iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashdagi ahamiyatini ochib beradi.
Mazkur maqolada korxonalarda moliyaviy rejalashtirish samaradorligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda xorijiy tajriba muhim ahamiyat kasb etadi. Rivojlangan mamlakatlarda moliyaviy rejalashtirish, avvalo, bozor mexanizmlari, raqamli texnologiyalar va moliyaviy nazorat tizimlari bilan uyg‘unlashgan holda amalga oshiriladi. Moliyaviy resurslarni samarali taqsimlash va optimallashtirish, byudjetlashtirish va prognozlashning avtomatlashtirilgan modellaridan foydalanish, risklarni boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga rioya qilish, korporativ boshqaruv prinsiplari asosida moliyaviy shaffoflik va mas’uliyatni ta’minlash juda muhim. Shu bilan birga, xorijiy korxonalar tajribasida innovatsion moliyalashtirish manbalaridan – venchur kapitali, obligatsiyalar, lizing va kraudfandingdan keng foydalanish kuzatiladi. Mazkur tajribalarni tahlil qilish O‘zbekiston korxonalari uchun moliyaviy rejalashtirishning samaradorligini oshirish, raqobatbardoshlikni kuchaytirish va jahon bozorlariga integratsiya jarayonlarini tezlashtirishda muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi
Maqola “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional islohotlar yo‘nalishining asosiy ko‘rsatkichlarini ta’minlash nuqtai nazaridan sanoat korxonalarida budjetni boshqarish tizimini joriy etishning ahamiyatiga bag‘ishlangan. Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda sanoat siyosati va texnologik modernizatsiya roliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maqolada shuningdek, sanoat korxonalari samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va strategik maqsadlarni boshqariladigan va samarali jarayonga aylantirish vositasi sifatida budjetni boshqarish tizimini joriy etishni asoslangan dalillari keltirilgan
Мақолада минтақавий саноат ишлаб чиқаришида ихтисослаштириш жараёнларининг илмий асослари ва амалий аҳамияти таҳлил қилинган. Агломерация самаралари, кластер назариясива иқтисодий мураккаблик концепциялари назарий пойдевор сифатида ўрганилган. Smart Specialisation Strategy (S3) сиёсатининг халқаро тажрибалари таҳлил қилиниб, Ўзбекистон шароитида самарали қўлланиш йўллари бўйича таклифлар берилган. Ихтисослашувнинг иқтисодий ўсиш, инновация жараёнлари ва рақобатбардошликка таъсири, шунингдек, монотармоқлилик хавфини камайтириш механизмлари ёритилган.
Mazkur ishda kasbiy muvaffaqiyatning asosiy omillari hamda ularning iqtisodiy jihatlari zamonaviy iqtisodiyot sharoitida tahlil qilinadi. Globallashuv, texnologik o‘zgarishlar va mehnat bozorida raqobat kuchayishi natijasida mutaxassislarga qo‘yilayotgan talablar tubdan o‘zgarib bormoqda. Tadqiqotda kasbiy muvaffaqiyatning nazariy asoslari, insoniy va ijtimoiy kapitalning roli, shuningdek qattiq va yumshoq ko‘nikmalarning ahamiyati ko‘rib chiqilgan. Iqtisodiy muhit, mehnat bozori holati va ta’lim investitsiyalarining kasbiy rivojlanishga ta’siri chuqur tahlil qilingan. Shuningdek, shaxsiy rivojlanish strategiyasi, professional tarmoqlar va moliyaviy savodxonlik asosida muvaffaqiyatga erishish yo‘llari yoritilgan. Ish yakunida talabalar va yosh mutaxassislar uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga koʻtarish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish va tarkibiy oʻzgartirishlarni jadallashtirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish maqsadida, 2023-yil 11- sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan “Oʻzbekiston - 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonning II yoʻnalishi aynan “Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash”ga qaratilgan. Ushbu maqola Yevropa Ittifoqi granti boʻlgan ORCA HORIZON-MSCA-2023-SE-01 loyihasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida nashr etilgan
Мақолада ижтимоий-иқтисодий тараққиётни режалаштиришнинг институционал ва услубий жиҳатларига эътибор қаратган ҳолда минтақавий ривожланиш стратегиясининг янги элементлари кўриб чиқилган. Стратегик ҳужжатларни ишлаб чиқиш ва амалга ошириш жараёнларида жамоатчилик иштирокининг ролига, жумладан, жамоатчилик эшитувлари, эксперт маслаҳатлари, фокус-гуруҳлар, рақамли электрон бошқарув платформалари ва айниқса, фуқаролик бюджетлаштириш каби механизмларга алоҳида эътибор қаратилган. Муаллиф халқаро амалиётда (Бразилия, Испания, Франция, Хитой) бундай воситаларни жорий этишнинг назарий асосларини ҳам, амалий мисолларини ҳам ва уларни Беларус Республикасида қўллашнинг шарт-шароитларини таҳлил қилган. Минтақавий даражада стратегик режалаштириш тизимини такомиллаштиришнинг асосий йўналишлари тақдим этилган: ҳуқуқий база, институционал инфратузилма, мувофиқлаштириш тартиб-қоидалари, мониторинг ва баҳолаш, шунингдек, мавжуд институционал тўсиқлар аниқланган. Фуқаролик жамиятининг ролини кучайтириш ва бюджет ресурсларини тақсимлашда аҳолининг тўғридан-тўғри иштирок этиш механизмларини жорий қилиш давлат қарорларининг шаффофлигини оширишга, ҳокимиятга бўлган ишончни мустаҳкамлашга ва маҳаллий аҳоли манфаатларини аниқроқ акс эттиришга хизмат қилиши кўрсатиб берилган. Хулоса қилиб айтганда, ҳудудларнинг барқарор ва мувозанатли ривожланишини таъминлаш учун амалдаги давлат режалаштириш тизимига янги ёндашувларни жорий этиш зарур, деган хулосага келинган.
Maqolada hududiy rivojlanish salohiyatini baholash va barqaror rivojlanish strategiyalarini shakllantirishning ilmiy asoslari yoritilib, “hududiy salohiyat” tushunchasi tabiiy, iqtisodiy, demografik, infratuzilmaviy hamda institutsional komponentlarning o‘zaro integratsiyasi sifatida talqin etiladi. Tadqiqotda hududiy salohiyatning dinamik xarakteri asoslanib, uni bir martalik hisob-kitob emas, balki muntazam monitoring va qayta baholashni talab qiluvchi jarayon sifatida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi tafovutlar (konsentratsiya, ixtisoslashuv, investitsiya oqimlari, tarmoqlar diversifikatsiyasi va ekologik cheklovlar) misolida differensial strategik yondashuv zarurligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Jadval tahlillari hududiy iqtisodiy transformatsiya jarayonlari va “o‘sish nuqtalari” shakllanishini ko‘rsatib, salohiyatni kompleks baholash strategik ustuvorliklarni aniq belgilash, resurslarni manzilli taqsimlash va barqaror rivojlanishning muvozanatli modelini ta’minlash uchun metodologik poydevor ekanligini tasdiqlaydi
Mintaqa iqtisodiyotining barqaror va inklyuziv rivojlanishini taʼminlash zamonaviy makro va mikrosiyosatning markaziy masalalaridan biridir. Ushbu maqolada mintaqaviy rivojlanishni iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional omillar nuqtai nazaridan tushunish hamda ularni ekonometrik modellashtirishning nazariy asoslari sistematik tahlil qilinadi. Tadqiqotning asosiy vazifasi hududiy darajadagi rivojlanish jarayonlarini izohlovchi hamda prognozlovchi matematik-iqtisodiy modellarni tanlash va ularni nazariy jihatdan asoslashdan iborat. Ilmiy-tadqiqot ishida iqtisodiy o‘sishni belgilovchi endogen va ekzogen ko‘rsatkichlar (YAIM/GRDP, sanoat va xizmatlar hajmi, investitsiyalar, bandlik, daromadlar, infratuzilma va institutsional indikatorlar) tavsiflanadi va ularning o‘zaro bog‘liqligi nazariy platformada (neoklassik, institutsional va evolyutsion iqtisodiyot yondashuvlari) joylashtiriladi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonning turizm brendini shakllantirish va rivojlantirish yo‘lidagi asosiy to‘sqinlik qiluvchi omillar tahlil qilinadi. Marketing nuqtai nazaridan qaralganda, turizm brendi nafaqat tashqi imijni, balki mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotini ifodalovchi muhim vositadir. Biroq, brend strategiyasining to‘laqonli amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar mavjud. Ushbu maqolada aynan ana shunday omillar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar beriladi.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston eksportini rivojlantirish strategiyalarini baholash va ustuvorligini aniqlash uchun Analitik ierarxiya jarayonini (AHP) qo‘llaydi. Metodologiyada Prezident tomonidan belgilab berilgan milliy strategik ustuvorliklar, davlat dasturlari, shuningdek, iqtisodchi ekspertlar va yuqori mansabdor shaxslarning fikrlari inobatga olingan. Shu asosda mezonlar va vaznlar shakllantiriladi. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish yetakchi strategiya bo‘lib, bu davlat siyosati uchun muhim ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada aholi turmush darajasining dolzarb masalalarini tahlil qilish bilan birga, ular oladigan daromadlar dinamikasi va hukumat tomonidan bu borada amalga oshiralayotgan islohotlar atroflicha o‘rganilgan. Shuningdek, “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshiralayotgan chora-tadbirlar va aholining moddiy hamda ma’naviy farovonligini oshirishga qaratilgan dolzarb vazifalarga e’tibor qaratiladi. O’z navbatida kam ta’minlangan aholi qatlamini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish borasida kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilinadi.
Mazkur maqola O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni, xususan, investitsion loyihalarni moliyalashtirish, bandlik darajasini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishdagi faoliyatini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Unda “Yangi O‘zbekiston – 2030” dasturi va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi kabi strategik hujjatlarning bank tizimini rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlari yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekiston bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlari (aktivlar, kreditlar, kapital va depozitlar) bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazilgan. Xususan, davlat ulushi mavjud banklar va boshqa banklar o‘rtasidagi farqlar, ularning bozordagi ulushlari va iqtisodiy barqarorlikka ta’siri statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Tahlil natijasida davlat banklarining bozorda ustun mavqega ega ekanligini, biroq boshqa banklarning depozitlarni jalb qilishda deyarli teng raqobatlasha olishi aniqlandi. Shuningdek, tijorat banklarining kreditlash faoliyati va muammoli kreditlar (NPL) hajmi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilib, bu boradagi risklar va samaradorlik baholangan.
Мазкур мақолада сунъий интеллектнинг (СИ) барқарор ривожланиш глобал кун тартибидаги геоиқтисодий аҳамияти ва технологик трансформациянинг миллий ҳамда минтақавий барқарорликка таъсири таҳлил қилинган. Тадқиқотда АҚШ, Европа Иттифоқи, Хитой ва Марказий Осиё мамлакатларининг СИни тартибга солиш сиёсати ўрганилган. Мақолада катта эътибор Ўзбекистоннинг СИни ривожлантириш стратегияси ҳамда 2025 йилда БМТ Бош Ассамблеясининг Марказий Осиёда барқарор ривожланиш учун СИ ролига доир резолюциясига қаратилган. Натижаларга кўра, устувор йўналишлар сифатида СИ иқтисодий барқарорликни мустаҳкамлаш, ресурслар самарадорлигини ошириш ва “яшил иқтисодиёт”га ўтиш белгиланган
Ushbu maqolada O‘zbekiston hududlarida investitsiya siyosati samaradorligini oshirish masalalari yoritilgan. Tadqiqotda hududiy tafovutlarni kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va investitsion faollikni muvozanatlashtirish yo‘llari tahlil qilingan. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xorijiy investitsiyalar oqimi va asosiy kapitalga yo‘naltirilgan sarmoyalar dinamikasi o‘rganilgan. Taklif etilgan hududiy differensial siyosat mexanizmi investitsion muhitni barqarorlashtirish hamda hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni kamaytirishga qaratilgan
Tijorat banklari mahsulotlari, yangi texnologiyalar va iqtisodiy oʻzgarishlarga moslashgan holda doimiy ravishda rivojlanmoqda. Ushbu maqola banklarning mahsulotlariga taʼsir qiladigan ichki va tashqi omillarni tahlil qiladi. Anʼanaviy, innovatsion (raqamli) va yashil kredit mahsulotlari orasidagi asosiy farqlarni koʻrsatib, har bir turdagi mahsulotning xususiyatlari va maqsadlari haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, maqola tijorat banklarining mahsulotlarining samaradorligini oshirish, raqobatdoshligini kuchaytirish va mijozlarga yaxshiroq xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan strategik takliflarni keltiradi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda 2014 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari, daromad va xarajatlari tahlil qilinadi. Maqolada temir yo‘l transportining iqtisodiyotdagi o‘rni, rivojlanish tendensiyalari va pandemiya davridagi ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, infratuzilmani yaxshilash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xizmat sifatini oshirish bo‘yicha strategik takliflar keltiriladi. Maqsad – yo‘lovchi tashish faoliyatining samaradorligini oshirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash.
Maqolada ijtimoiy xizmatlarning aholi farovonligini ta’minlashdagi rolining nazariy hamda amaliy jihatlari yoritib berilgan. Ma’lumotlar muallifning kuzatuvlari va adabiyotlar tahlili asosida tuzildi.
Gender tengligiga erishish O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Senati 2030-yilgacha gender tengligiga erishish strategiyasini tasdiqladi. Ushbu maqolada O‘zbekistondagi kompaniyalarda ish haqi tengligi va uning barqaror iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida boshqaruv samaradorligiga ta’siri kabi boshqaruvning gender jihati ko‘rib chiqiladi.
Ushbu maqola “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan fiskal islohotlarning inklyuzivlik tamoyillariga muvofiqligini tahlil qiladi. Tadqiqotda soliq siyosatining iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy adolat oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashdagi roli Jeyms Mirrleesning optimal soliqqa tortish nazariyasi va zamonaviy empirik maʼlumotlar asosida oʻrganilgan. Maqolada 2025-yilgi soliq kodeksidagi oʻzgarishlar, xususan, ijtimoiy soliq stavkalarining tabaqalashuvi va yashirin iqtisodiyotni legallashtirish mexanizmlarining makroiqtisodiy taʼsiri baholangan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston soliq tizimi fiskal barqarorlikni saqlagan holda, inson kapitalini rivojlantirish va daromadlar tengsizligini yumshatishga qaratilgan inklyuziv modelga oʻtmoqda
Ушбу мақолада тижорат банклари валюта сиёсатини такомиллаштириш орқали банк операцияларини ривожлантириш, ижтимоий ва иқтисодий шароитларга доимий мослашиш, банк фаолияти учун янги стратегия ва воситаларни ишлаб чиқиш, банклар рискларини самарали бошқариш, муаммоли жараёнларни камайтириш орқали банклар валюта операцияларини ривожлантириш каби бир қанча омилларга боғлиқлиги келтириб ўтилган. Шунингдек, бугунги кунда тижорат банкларининг фаолиятини ривожлантиришнинг долзарблиги шубҳасиздир, чунки мамлакат бутун молия тизимининг муваффақиятли ишлаши унга боғлиқлиги банкларда молиявий қарорлар қабул қилиш ва муаммоли жараёнларни камайтиришдаги мавжуд муаммолар ҳамда уларни бартараф этиш бўйича муаллиф ёндашувлари ва таклифлари келтирилган
O‘zbekiston boy qishloq xo‘jaligi merosi, turli iqlim zonalari va rivojlanayotgan turizm sohasi bilan agroturizmni rivojlantirish uchun katta, hali to‘liq foydalanilmagan salohiyatga ega. Ushbu maqola agroturizmning hozirgi holatini, muammolarini va kelajak istiqbollarini o‘rganadi. Agroturizm qishloq aholisi daromadini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy madaniy-agrar an’analarni saqlab qolish uchun juda muhim vosita sifatida ko‘riladi. Maqolada agroturizmning hozirgi holatini tahlil qilish uchun statistik tahlil, qiyosiy (xalqaro) tahlil, SWOT va kontent tahlilidan foydalaniladi. Tadqiqotning xulosasi shundan iboratki, O‘zbekistonda agroturizmning to‘liq salohiyatidan foydalanish muvofiqlashtirilgan milliy strategiyani talab qiladi. Bu strategiya maqsadli infratuzilma investitsiyalari, aniq huquqiy bazalarni yaratish va fermerlar hamda xizmat ko‘rsatuvchilar uchun ixtisoslashgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga qaratilishi kerak. Topilmalar O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi hududlarini jonli, iqtisodiy jihatdan barqaror turizm maskanlariga aylantirishni maqsad qilgan siyosatchilar uchun muhim, ma’lumotlarga asoslangan tavsiyalarni taklif etadi.