Ushbu maqolada riskka asoslangan kapital (Risk-Based Capital, RBC) modelining Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta bozori sharoitlariga moslashtirilishi imkoniyatlaritahlil qilinadi. Xususan, xalqaro tajriba – Avstraliya modeli (APRA) asosida, RBC modelining asosiy komponentlari: sugʻurta mukofoti riski, majburiyatlar riski va aktivlar riski boʻyicha empirik tahlil oʻtkazildi. Tadqiqot natijalari kapitalga boʻlgan ehtiyojning asosan sugʻurta xavflari bilan bogʻliqligini koʻrsatdi hamda mavjud qatʼiy normativ yondashuvdan riskka yoʻnaltirilgan moslashuvchan tizimga oʻtish zaruratini taʼkidladi. Maqolada RBC tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha takliflar berilgan: milliy model ishlab chiqish, aktuar maʼlumotlar bazasini yaratish va meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni isloh qilish.
Mazkur maqolada JPMorgan Chase va Wells Fargo kabi yirik xorijiy tijorat banklari misolida resurs bazasi tarkibi hamda kapital yetarliligini ta’minlash mexanizmlari o‘rganilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, banklarning asosiy resurs manbai sifatida depozitlar salmog‘i yuqori bo‘lib, uzoq muddatli qarz majburiyatlari va aksiyadorlik kapitali moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Bazel qo‘mitasining kapital yetarliligi bo‘yicha belgilangan me’yorlari tijorat banklari uchun muhim standart bo‘lib, ularning risklarni qoplash qobiliyatini oshiradi. Olingan xulosalar O‘zbekiston bank tizimi uchun resurs bazasini diversifikatsiya qilish, kapitalni optimallashtirish va likvidlikni boshqarish bo‘yicha amaliy ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqolada korxonalarning investitsiya faoliyatida moliyaviy barqarorlikni ta’minlashning nazariy asoslari, rivojlanish bosqichlari va amaliy mexanizmlari tahlil qilinadi. Xalqaro tajribalar hamda O‘zbekiston korxonalari misolida moliyaviy barqarorlikka ta’sir etuvchi omillar aniqlanib, kapital tuzilmasi, likvidlik, risk boshqaruvi va moliyalashtirish manbalarining diversifikatsiyasi bo‘yicha strategik takliflar ishlab chiqilgan.
Мақолада миллий иқтисодиётда фаолият юритаётган “Микрокредитбанк” АТБнинг соф фоизли даромадларини шаклланишига ушбу банкнинг пассивлар таркибий тузилишининг ўзгариш динамикасининг таъсирининг эконометрик таҳлили амалга оширилган. Хусусан, таҳлилда банкнинг активлар бўйича эҳтимолий йўқотишларни чегиришдан аввалги соф фоизли даромадаи тоъбе ўзгарувчи сифатида олинган ҳолда, мазкур банкнинг бошқа банклар олдидаги мажбуриятлари, депозитлари, кредит ва лизинг операциялари бўйича мажбуриятлари, банк томонидан чиқарилган қимматли қоғозлар, субординар қарз ва бошқа мажбуриятлари ҳамда акционерлик капитали мустақил ўзгарувчилар сифатида танлаб олинган. Таҳлиллар асосида илмий хулосалар шакллантирилган.
Мақолада миллий иқтисодиётдаги тижорат банкларининг кредит фаолияти билан боғлиқ молиявий кўрсаткичлар, хусусан давлат улуши мавжуд бўлган ва бошқа банклар кесимида активларнинг умумий ҳажми, пассивлар таркибидаги мажбуриятлар ва капитал ҳажми, шунингдек кредитлар ва депозитлар миқдори ҳамда улар улушларининг охирги беш йилликдаги амалий ҳолати таҳлили амалга оширилган ва натижалар ёритилган. Таҳлиллар асосида илмий хулосалар шакллантирилган
Maqolada mehnat resurslari toʻgʻrisidagi olimlarning nazariy qarashlari, Oʻzbekiston Respublikasi doimiy aholisining hududlar boʻyicha taqsimlanishi, oʻsish tendensiyasi, mehnat resurslarining iqtisodiy faol va nofaol aholi boʻyicha taqsimlanishi, ularning mintaqalardagi oʻsish tendensiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha taqsimlanishi haqida fikr yuritiladi.
Maqolada ta’lim xizmatlari tizimining rivojlanishi va bandlik tuzilmasini o‘zgartirish o‘rtasidagi bog'liqlik ko‘rib chiqiladi. Unda kadrlar raqobatbardoshligini oshirish va zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashishning asosiy vositasi sifatida ta’lim sifati va qulayligini oshirish muhimligi ta’kidlangan. Unda ta’lim xizmatlarini rivojlantirish tendensiyalari tahlil qilinib, ayniqsa, yoshlar va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda bandlikni rag‘batlantirish uchun ularni takomillashtirish yo‘nalishlari taklif etiladi.
Mazkur maqolada innovatsion tizimning asosiy xususiyatlari va uning infratuzilmaviy tarkibi ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda innovatsion tizim infratuzilmasining mintaqalar barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni, hududlar barqarorligining muhim elementlari hamda innovatsion infratuzilmaning shakllanish jarayonlari keng yoritilgan. Shuningdek, innovatsion infratuzilma shakllanishi va mintaqa barqarorligining o‘zaro muvofiqligi nazariy va amaliy jihatdan asoslab berilgan
Maqolada aksiyadorlik jamiyatlarida dividend siyosatining nazariy asoslari, foydani taqsimlash mexanizmi va dividend to‘lovlarini buxgalteriya hisobida aks ettirish masalalari tahlil qilingan. Dividend siyosatining moliyaviy barqarorlik, investitsion salohiyat va kapital tuzilmasiga ta’siri asoslab berilgan. Foydani taqsimlashda ishtirok etuvchi hisobvaraqlar korrespondensiyasi va amaliyotdagi muammolar ko‘rib chiqilgan. Talab qilib olinmagan dividendlarni hisobga olish bo‘yicha alohida ishchi hisobvarag‘ini joriy etish taklif etilgan. Natijalar dividend siyosatini korxona moliyaviy holati bilan muvofiqlashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Mazkur tadqiqotda 1980–2020 yillarni qamrab olgan yillik vaqt qatorlari ma’lumotlari asosida Turkiyada xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar (XTI)ning iqtisodiy o‘sishga sababiy ta’siri tahlil qilinadi. Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi sifatida aholi jon boshiga real yalpi ichki mahsulot (YaIM)dan foydalanilgan. Ma’lumotlar Jahon banki va TurkStat kabi nufuzli xalqaro manbalardan olingan bo‘lib, barcha o‘zgaruvchilar statistik tahlilga moslashtirish maqsadida logarifmlashtirilgan. Integratsiya tartiblari turlicha bo‘lgan o‘zgaruvchilar mavjudligi sababli, aralash integratsiya tartiblariga nisbatan barqaror bo‘lgan Toda–Yamamoto sababiylik yondashuvi qo‘llanildi. Qatorlarning stasionarligi Kengaytirilgan Dikki–Faller va Phillips–Perron testlari yordamida tekshirildi, optimal lag uzunligi esa axborot mezonlari asosida aniqlangan. Modelning mosligini ta’minlash uchun avtokorrelyatsiya, geteroskedastiklik va strukturaviy barqarorlik bo‘yicha diagnostik testlar o‘tkazildi. Empirik natijalar 1% ahamiyatlilik darajasida XTIdan iqtisodiy o‘sishga yo‘nalgan statistik jihatdan ahamiyatli bir tomonlama sababiylik mavjudligini, aks yo‘nalishda esa sababiylik aniqlanmaganligini ko‘rsatdi. Ushbu natijalar XTI nafaqat tashqi kapital manbai, balki unumdorlikni oshirish, bilim va texnologiyalar transferini ta’minlash hamda tarkibiy transformatsiyani rag‘batlantirish orqali iqtisodiy o‘sishning strategik omili sifatida namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Uzoq muddatli ma’lumotlar bazasidan foydalanish va makroiqtisodiy tuzilmani hisobga olish orqali tadqiqot rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda XTI va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha adabiyotlarga metodologik jihatdan asoslangan va kontekstual ahamiyatga ega hissa qo‘shadi