Mazkur maqolada korxona faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida boshqaruv hisobi tizimini zamonaviy tahlil usullari asosida rivojlantirishning nazariy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Boshqaruv hisobini an’anaviy hisob tizimidan boshqaruv qarorlarini qabul qilishni analitik jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi vositaga aylantirish zarurati asoslab berilgan. Tadqiqotda umumilmiy va iqtisodiy-statistik usullar, jumladan, tahlil, sintez, qiyosiy tahlil hamda ekonometrik modellashtirish usullaridan foydalanilgan.Korxona faoliyati samaradorligining integral ko‘rsatkichiga boshqaruv hisobi tizimi rivojlanganlik darajasi, analitik usullardan foydalanish hamda hisob jarayonlarining raqamlashtirilganlik darajasining ta’sirini baholash uchun ko‘p omilli regressiya modeli taklif etilgan. Tadqiqot natijalari o‘rganilgan omillar bilan samaradorlik o‘rtasida barqaror ijobiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi, bunda eng katta ta’sir zamonaviy analitik vositalar (KPI, omilli va marjinal tahlil) hissasiga to‘g‘ri keladi. Olingan natijalar asosida boshqaruv hisobi tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi, jumladan KPI tizimini joriy etish, analitik vositalarni rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish. Taklif etilgan yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish boshqaruv qarorlarining sifatini oshirish, xarajatlarni optimallashtirish hamda korxonaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi
Ushbu maqolada Oʻzbekiston Respublikasida tikuvchilik korxonalarida boshqaruv samaradorligini oshirishda innovatsion boshqaruv mexanizmlarining o‘rni tadqiq etilgan. Tadqiqotning nazariy va amaliy bazasi sifatida O‘zbekiston tikuvchilik sanoati bo‘yicha statistik ma’lumotlar va tahlillar olindi. Tahlillar natijasida boshqarish faqat ishlab chiqarishni boshqarish vositasi emas, balki bozor talabi, assortiment rejalashtirish, ta’minot zanjiri, boshqaruv hisobi va barqarorlik ko‘rsatkichlarini yagona axborot maydonida bog‘lovchi boshqaruv mexanizmi ekani asoslandi
Maqolada meva-sabzavotni qayta ishlash korxonalarida amaldagi ishchi schyotlar tizimining yetishmovchiliklari aniqlangan va xalqaro tajriba hamda Oʻzbekiston Respublikasining buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilik bazasi negizida yangi tarmoq xususiyatlariga moslashtirilgan ishchi schyotlar tizimini joriy etish zarurati asoslangan. Tadqiqot uchta amaldagi korxona maʼlumotlari asosida olib borilgan boʻlib, schyotlar tizimini detallashtirish moliyaviy axborotning shaffofligini va boshqaruv qarorlarining sifatini sezilarli darajada oshirishi isbotlangan
Bugungi global iqtisodiyot sharoitida bozorda o‘zgarishlar tez sur’atlar bilan yuz bermoqda. Natijada biznes subyektlari tomonidan bozorga taklif etilayotgan mahsulotlarning yangilanish davrlari qisqarishi yuz berdi. Bozorlarda yangi mahsulotlarning ko‘payishi va ularning muttasil takomillashtirilishi bozor ishtirokchilari uchun mahsulotlarni yangilash bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Dunyo bo‘ylab texnologik taraqqiyotning yoyilishi turli mintaqalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sifatini va texnik ko‘rsatkichlarini bir-biriga yaqinlashishiga olib keldi. Bunday sharoitda raqobatda ustunlik va barqaror rivojlanishda xarajatlarning o‘rni oshdi. Xarajatlardan tejamkorlik bilan foydalanish va ularni samarali boshqarish ehtiyojga aylandi. Xarajatlarni samarali tashkil etish va mahsulot raqobatbardoshligini oshirishda xarajatlarni tashkil etishning zamonaviy usullaridan foydalanish ayniqsa dolzarb vazifadir. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar olimlari tomonidan xarajatlarni rejalashtirish va uni boshqarishning bir qator zamonaviy usullari ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu usullarni har tomonlama o‘rganish va ularni biznes subyektlari faoliyatiga tadbiq etish muhim vazifa bo‘lib hisoblanadi. Ushbu ilmiy ishda hozirgi kunda amaliyotda bo‘lgan xarajatlarni boshqarishning zamonaviy usullari to‘g‘risida fikr yuritishga harakat qilindi.