Ushbu tadqiqot O‘zsanoatqurilishbankning 2000-2024-yillardagi tarixiy ma’lumotlarini tahlil qilib, bank depozitlari va umumiy resurslarining o‘sish tendensiyasini oddiy OLS (eng kichik kvadratlar) regressiya modeli asosida bashorat qiladi. Har ikkala ko‘rsatkich uchun chiziqli vaqt tendensiyasi modeli tuzildi va uzoq muddatli o‘sish aniqlashtirildi. Regressiya natijalari depozitlar va resurslar bo‘yicha yuqori R² qiymatlari va statistik jihatdan muhim koeffitsiyentlar orqali barqaror o‘sishni ko‘rsatdi. Trend asosida yaratilgan bashoratlar bank depozitlari va resurslarining qisqa muddatda ham kengayishini ko‘rsatmoqda. Ushbu topilmalar bank rahbariyati va siyosatchilar uchun dolzarb bo‘lib, O‘zbekiston bank sektorida moliyalashtirish manbalarining yo‘nalishini yoritadi. Modelning soddaligi va ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlar cheklovlar sirasiga kiradi, shunga qaramay, natijalar boshlang‘ich prognoz sifatida foydalidir va depozitlarni jalb qilish hamda moliya sektoridagi islohotlarni chuqurlashtirish zarurligini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda elektron pullardan foydalanish jarayoni, uning rivojlanish omillari va mavjud muammolar tahlil qilingan. So‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi bilan elektron to‘lov vositalaridan foydalanish tendensiyalari sezilarli darajada kuchaygan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha ayrim cheklovlar, infratuzilma yetishmovchiligi, aholining raqamli savodxonligi va bank tizimiga ishonch darajasi kabi omillar jarayonni sekinlashtirayotganligi aniqlangan. Tadqiqotda O‘zbekiston, Turkiya va Qozog‘iston tajribalarini solishtiruvchi tahlil o‘tkazilgan, shuningdek 2017–2024 yillar davomida banklardagi jami mablag‘lar, elektron pullar ulushi va muddatli depozitlar tarkibidagi o‘zgarishlar statistik ko‘rsatkichlar orqali yoritilgan. Natijalar aholining elektron pullardan foydalanishida sezilarli o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, ularning umumiy bank mablag‘laridagi ulushi kamayganini ko‘rsatadi. Bu o‘zgarishlar raqamli infratuzilmaning rivojlanishi, xavfsizlik tizimlari, aholining raqamli savodxonligi va davlatning tartibga solish siyosati bilan bevosita bog‘liqligi ta’kidlangan. Muallif, elektron pul bozori rivojini rag‘batlantirish uchun infratuzilmani kengaytirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish, raqamli savodxonlikni oshirish va qonunchilikni takomillashtirish zarurligini asoslab beradi.
Ushbu maqolada barqaror rivojlanish konsepsiyasi va bank sektorida yashil moliyaning roli tahlil qilinadi. Tadqiqotda tijorat banklarining ekologik va moliyaviy risklarni boshqarish amaliyoti, xorijiy mamlakatlar tajribasi, shuningdek, O‘zbekiston banklari misollari o‘rganildi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, yashil moliya nafaqat ekologik mas’uliyatni, balki banklarning strategik rivojlanishini ham ta’minlaydi. Ushbu yondashuv moliyaviy barqarorlik, iqtisodiy modernizatsiya va ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi
Ushbu maqolada xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha jahon tendensiyalari va ularning zamonaviy iqtisodiyotdagi o‘rni tahlil qilingan. Tadqiqotda qiyosiy tahlil, tizimli yondashuv va statistik metodlar asosida xizmatlar sektorining global dinamikasi o‘rganilgan. Jahon Banki, UNCTAD, WTO va OECD ma’lumotlariga asoslanib, xizmatlar sohasining tarkibiy tuzilishi, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha qiyosiy tahlil, shuningdek, raqamli xizmatlar rivojlanishi va innovatsion texnologiyalar ta’siri ko‘rib chiqilgan. Maqolada O‘zbekiston uchun xizmatlar sohasini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va raqobatbardoshlikni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan