Mazkur maqolada O‘zbekiston tijorat banklarida risklarni baholashda kreditlash amaliyotining o‘ziga xos jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda kredit portfeli sifati, muammoli kreditlar (NPL) darajasi hamda kredit riskini baholashda qo‘llanilayotgan skoring va monitoring mexanizmlarining samaradorligi o‘rganilgan. Natijada kreditlash jarayonida risklarni aniqlash va boshqarish tizimini takomillashtirish, muammoli kreditlar ulushini kamaytirish hamda banklar moliyaviy barqarorligini oshirish zarurligi asoslab berilgan
Maqolada raqamli to‘lov tizimida bank va mobil aloqa operatorlari (MNO) o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy kombinatsion modellari nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilinadi. MNO-yetakchi, bank-yetakchi, qo‘shma korxona va platforma ekotizimi modellari mukammal o‘rganiladi. O‘zbekiston misolida Beeline, Ucell, Uzmobile, Mobiuz kabi aloqa operatorlari va Uzum Bank, Payme, Click kabi fintech platformalarining hamkorlik tajribasi yoritiladi. Tadqiqot mamlakatda bank-MNO hamkorligi samaradorligini oshirish va raqamli moliyaviy inklyuzivlikni kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar bilan yakunlanadi
Ushbu maqolada islom moliya instrumentlarining raqamli transformatsiyasi, ularni O‘zbekistonda joriy etishning metodologik asoslari hamda xalqaro tajribalar bilan uyg‘unlashtirish masalalari tahlil qilindi. Raqamli texnologiyalar, blokcheyn, smart-shartnomalar, tokenizatsiya, e-KYC va API-integratsiya, islomiy moliyalashtirish jarayonlarida shaffoflikni, operatsion samaradorlikni va shariatga muvofiqlikni kuchaytirishi ilmiy asoslab berildi. Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni tajribasi O‘zbekiston amaliyoti bilan taqqoslanib, milliy raqamli islom moliyasi modelini yaratish uchun zarur bo‘lgan metodik, texnik va huquqiy yo‘nalishlar belgilab olindi. Natijalar sektorning barqaror rivojlanishi uchun raqamli shariat auditi, smart-shartnomalarning huquqiy maqomi, tokenizatsiya qoidalari va shariatga mos fintech ekotizimining shakllantirilishi muhimligini ko‘rsatdi
Ushbu maqolada geoaxborot texnologiyalari (GIS) asosida eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish zonalarini joylashtirish va hududlarning eksport salohiyatini oshirishning ilmiy-uslubiy asoslari yoritilgan. Tadqiqotda hududlarning iqtisodiy, transport-logistika, infratuzilmaviy va investitsion ko‘rsatkichlarini fazoviy tahlil qilish imkoniyatlari baholangan. Xorijiy tajribalar, jumladan, interaktiv investitsiya xaritalari hamda geoaxborot tizimlaridan foydalanish amaliyoti tahlil qilinib, ularning investitsiya qarorlarini qabul qilish va eksport infratuzilmasini rivojlantirishdagi ahamiyati asoslangan. Shuningdek, O‘zbekiston hududlari bo‘yicha aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot va sanoat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari asosida hududiy tafovutlar aniqlanib, eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari GIS texnologiyalarini hududiy rejalashtirish va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni joylashtirishda samarali analitik vosita sifatida qo‘llash maqsadga muvofiqligini ko‘rsatadi
Ushbu maqolada O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish sharoitida buxgalteriya hisobining milliy standartlaridan (BXMS) moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) o‘tishning strategik ahamiyati va iqtisodiy afzalliklari tahlil qilingan. Tadqiqotda qiyosiy tahlil usuli qo‘llanilib, BXMS va MHXS o‘rtasidagi asosiy konseptual farqlar, xususan aktivlarni haqqoniy qiymat asosida baholash va moliyaviy shaffoflikni ta’minlash masalalari o‘rganilgan. Shuningdek, Janubiy Koreyaning K-IFRS tizimiga o‘tish tajribasi asosida uning fond bozori va investitsiya oqimlariga ta’siri baholangan
Mazkur maqola O‘zbekiston soliq ma’muriyatchiligida elektron hisob-fakturalar (EHF) tizimining rolini va soliq xavfini aniqlash mexanizmlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda EHF orqali to‘plangan raqamli ma’lumotlar tahlili, risk indikatorlari asosida soliq to‘lovchilarning xavf darajasini aniqlash, viloyatlar kesimida tovar aylanmasi va yirik soliq to‘lovchilar faoliyatini kuzatish amaliyoti tahlil qilingan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, EHF tizimi soliq auditi samaradorligini oshirish, soliqqa rioya etish darajasini yaxshilash va soliq ma’muriyatchiligini optimallashtirish uchun muhim vosita hisoblanadi. Tadqiqot shuningdek, EHF tizimining soliq to‘lovchilar uchun afzalliklarini, jumladan moddiy va inson resurslarini tejash, QQS hisoblashdagi xatolarni kamaytirish va hisobotlarni avtomatlashtirish imkoniyatlarini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada barqaror rivojlanish konsepsiyasi va bank sektorida yashil moliyaning roli tahlil qilinadi. Tadqiqotda tijorat banklarining ekologik va moliyaviy risklarni boshqarish amaliyoti, xorijiy mamlakatlar tajribasi, shuningdek, O‘zbekiston banklari misollari o‘rganildi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, yashil moliya nafaqat ekologik mas’uliyatni, balki banklarning strategik rivojlanishini ham ta’minlaydi. Ushbu yondashuv moliyaviy barqarorlik, iqtisodiy modernizatsiya va ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi
Mazkur maqolada zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tadbirkorlikning roli, uning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Tadqiqotda O‘zbekiston misolida ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanish tendensiyalari, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar asosidagi amaliy tajribalar o‘rganildi. Shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolar – huquqiy bo‘shliqlar, moliyaviy savodxonlikning pastligi va innovatsion texnologiyalarning sust joriy etilishi chuqur tahlil etildi. Maqolada mavjud imkoniyatlar asosida bir qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaga institutsional asos yaratish, qonunchilikni mustahkamlash va ijtimoiy innovatsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Mazkur maqolada 2010-2024 yillar statistik ma’lumotlari asosida O‘zbekistonda mehnat resurslari, iqtisodiy faollik, ishsizlik, bandlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jami bandlikdagi ulushi, oliy ma’lumotli xodimlar hamda o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar soni dinamikasi tahlil qilindi. Tadqiqotda inson kapitali nazariyasi, tadbirkorlikning innovatsion tabiati, mehnat bozorining institutsional rivojlanishi va qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish konsepsiyalari asos qilib olindi. Xorijiy tajriba sifatida Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Shvesiya, Daniya, Yaponiya va Xitoy amaliyoti ko‘rib chiqildi. Maqolada xorijiy tajribani O‘zbekiston sharoitida qo‘llash bo‘yicha kooperatsiya, kasbiy ta’lim, mikromoliya, ijtimoiy himoya, raqamlashtirish va agrotadbirkorlikka asoslangan takliflar ishlab chiqildi
Ushbu maqolada bank tizimida raqamli madaniyatni shakllantirish va kadrlar salohiyatini oshirish orqali raqobatbardoshlikni kuchaytirish masalalari tahlil qilindi. Tadqiqot davomida xorijiy tajribalar Singapur, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya bank tizimlari bilan O‘zbekiston amaliyoti solishtirildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, raqamli madaniyat va inson kapitali uyg‘unligi bank xizmatlari samaradorligini oshirish hamda raqobatbardoshlikni ta’minlashning muhim omilidir.