Ushbu maqolada davlat byudjeti va soliqlar orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda fiskal ko‘rsatkichlar, byudjet daromadlari va xarajatlari dinamikasi hamda ularning YaIMga nisbati o‘rganildi. Soliq tizimidagi strukturaviy o‘zgarishlar, soliqqa tortish bazasining kengayishi va raqamlashtirish jarayonlarining kuchayishi iqtisodiy barqarorlikka ta’sir etuvchi muhim omillar sifatida ko‘rsatildi. Byudjet xarajatlari samaradorligi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar infratuzilma loyihalarining eng yuqori natija berishini, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida esa samaradorlikni oshirish zarurligini ochib berdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, davlat fiskal siyosati iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda asosiy mexanizmlardan biri bo‘lib, kelgusida taqchillikni kamaytirish, xarajatlarni optimallashtirish va ijtimoiy samaradorlikni oshirish yo‘nalishlarida islohotlarni chuqurlashtirish zarurligi aniqlangan.
Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Mazkur maqolada O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi, davlat xarajatlari va jon boshiga yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlarining o‘zaro bog‘liqligi tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida statistik ma’lumotlar asosida trend tahlil amalga oshirildi hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan qiyosiy tahlil o‘tkazildi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy yo‘naltirilgan fiskal siyosat kambag‘allik darajasini kamaytirishda muhim omil hisoblanadi. Shu bilan birga, fiskal siyosatning samaradorligi davlat xarajatlarining tarkibi va yo‘naltirilishiga bog‘liq ekanligi aniqlandi. Tadqiqot natijalari kambag‘allikni kamaytirishga qaratilgan samarali iqtisodiy siyosat choralarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi
O‘zbekiston Respublikasida moliyaviy shaffoflikni oshirishga qaratilgan institutsional va huquqiy islohotlar tahlil qilinadi. So‘nggi yillarda mamlakatda davlat moliyasining ochiqligini ta’minlash, byudjet jarayonida fuqarolik ishtirokini kuchaytirish, soliq va xarajatlar tizimini raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tadqiqotda ushbu islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, ularning samaradorligi, xalqaro standartlarga (masalan, IMF’ning fiskal shaffoflik mezonlari, PEFA indikatorlari) muvofiqligi baholanadi.